O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Biznesni qo‘llab-quvvatlashga 300 million dollar

2022-05-07 | Iqtisodiyot

19-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun qo‘shimcha rag‘bat bo‘lib xizmat qiladigan “Hududlarda tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish mexanizmlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Gap hududlarda amalga oshirilayotgan tadbirkorlik loyihalarini katta miqdorda moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, ishbilarmonlar tashabbuslarining o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta'minlash haqida bormoqda.
 
Hujjatga ko‘ra, respublika tijorat banklariga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kichik biznes sub'ektlari faoliyatini moliyalashtirish uchun 300 million dollar ekvivalentida kredit liniyasi ajratilmoqda.
 
Loyihasi belgilangan mezonlarga to‘g‘ri keladigan har qanday tadbirkor kredit olishi mumkin, ammo imtiyozli kredit miqdori sub'ektning faoliyat yuritib kelgan davriga bog‘liq bo‘ladi.
 
Xususan,
 
6 oygacha faoliyat yuritgan tadbirkorlarga - 1 mlrd. so‘mgacha;
6-12 oy – 2 mlrd. so‘mgacha;
1-2 yil – 3 mlrd. so‘mgacha;
2-3 yil – 4 mlrd. so‘mgacha;
3 yildan ko‘proq – 5 mlrd. so‘mgacha.
Imtiyozli kreditlar ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalardagi barcha loyihalar uchun ajratiladi, biroq yuqorida qayd etilganidek, ayrim mezonlar ham bor. Jumladan, ushbu tashabbus doirasida qurilish, savdo, vositachilik sohasidagi loyihalar, shuningdek, aksizosti tovarlar ishlab chiqaruvchilar, davlat korxonalari va ustav jamg‘armasida (ustav kapitalida) davlat ulushi mavjud bo‘lgan yuridik shaxslarga hamda aylanma mablag‘larni to‘ldirish holatlari uchun kreditlar berilmaydi.
 
Mezonlarga javob beradigan sub'ektlar esa yillik 14%da, 5 yil muddatga (shu jumladan, 2 yillik imtiyozli davr bilan) kredit olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
 
Joriy etilgan kreditlash mexanizmining muhim jihatini qayd etish zarur – kredit mablag‘larining kamida 70 foizi Nukus shahridan, viloyatlarning ma'muriy markazlaridan va viloyat bo‘ysunuvida bo‘lgan shaharlardan tashqari hududlarda faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlarga ajratiladi. Shu yo‘l bilan, qishloq joylarda biznes va infratuzilmani rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish rag‘batlantirilmoqda.
 
Zimmasiga qabul qilingan hujjat doirasida ajratilgan kredit liniyasidan samarali foydalanishni muvofiqlashtirish yuklatilgan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hujjatdagi vazifalarni ijro etish maqsadida qator vazifalarni amalga oshirmoqda. Xususan, hududlar kesimida va tijorat banklari ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda kredit liniyasi resurslarining ajratilishini ta'minlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda, loyiha fabrikalari va guruhlari tomonidan tijorat banklari bilan hamkorlikda loyiha va loyihaoldi hujjatlarni sifatli ishlab chiqishni ta'minlash choralari ko‘rilmoqda. Shuningdek, jarayonning barcha ishtirokchilari tomonidan kredit liniyasi mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanish bo‘yicha tizimli monitoringni amalga oshirish mexanizmi joriy etilmoqda.
 
Turli xil kechikishlar oldini olish maqsadida hujjat bilan tegishli talabnomalar kelib tushgandan keyin uch kun ichida so‘ralgan resurslar banklarda joylashtirilishi belgilab qo‘yilgan.
 
Davlatimiz rahbarining ushbu Qarori asosida moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalarini amalga oshirish natijasida respublikaning asosan qishloq joylarida yangi ish o‘rinlari yaratiladi, innovasiyalar va yangi texnologiyalarni joriy etish faollashadi, yangi zamonaviy ishlab chiqarish ob'ektlari o‘z quvvatlarini ishga tushiradi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться