O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

2022-04-30 | Hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchilligini ta’minlash, fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish va moddiy qo‘llab-quvvatlash, ularning daromadlarini inflyatsiya darajasiga qarab indeksatsiyalab borish hamda tegishli ijtimoiy to‘lovlar miqdorining minimal iste’mol xarajatlari qiymatidan kam bo‘lmasligini ta’minlash maqsadida:

1. 2022-yil 1-maydan boshlab yoshga doir, nogironlik va boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalari miqdori 12 foizga oshirilsin.

2. 2022-yil 1-maydan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida:

pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 324 000 so‘m;

yoshga doir eng kam pensiya miqdori – oyiga 633 000 so‘m;

nogironlik pensiyalari, jumladan, ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori – oyiga 698 000 so‘m;

mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 698 000 so‘m;

1941-1945 yillardagi urush oqibatida nogiron bo‘lgan shaxslar va uning qatnashchilari, shuningdek, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori ustamalarni inobatga olgan holda – oyiga 3 080 000 so‘m;

belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan (633 000 so‘mdan) 698 000 so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir pensiyalari miqdori – oyiga 698 000 so‘m etib belgilansin.

3. Pensiyalar va ijtimoiy nafaqalarni minimal iste’mol xarajatlari qiymatidan kam bo‘lmagan miqdorlarda belgilash maqsadida 2022 yil 1 maydan boshlab:

zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 500 000 so‘m;

ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda – oyiga 500 000 so‘m;

boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori – oyiga 500 000 so‘m etib belgilansin va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun – 185 000 so‘mdan qo‘shilsin;

boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori – oyiga 500 000 so‘m etib belgilansin va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya to‘lansin.

4. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli og‘irlashishining oldini olish maqsadida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali 2022 yil 1 aprelga qadar nafaqa va moddiy yordam tayinlash uchun ma’lumotlarning xato taqdim etilishi, kiritilishi va texnik sabablar tufayli fuqarolarga ortiqcha to‘langan summalar hisobdan chiqarilsin.

5. Pensiyalar va nafaqalarning oshirilishi bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplansin.

6. Moliya vazirligi (T.Ishmetov):

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordamni tayinlashda minimal iste’mol xarajatlari qiymatining mezon sifatida belgilanishi, mazkur turdagi to‘lovlarni oluvchilar sonining ko‘payishi hisobiga Davlat byudjetidan qo‘shimcha mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin;

2022 yil 1 noyabrga qadar davlat pensiyalari miqdorlarini har yillik inflyatsiya darajasida qayta hisoblash (oshirib borish) tizimini joriy etishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hamda O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

8. Moliya vazirligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ushbu Farmonning maqsadi, vazifalari va undan kutilayotgan natijalarni ommaviy axborot vositalari, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish ishlarini tashkil qilsin.

9. Moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

10. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib moliya vaziri T.A.Ishmetov belgilansin.

Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

       Prezidenti                                                                                                                    Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri,

2022-yil 29-aprel

Manba: O'zA

Поделиться