O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Odamlarning dardiga darmon bo‘lish – insoniylikning oliy namunasi
2022-04-29 | Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 29-aprel kuni ehtiyojmand aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida ijtimoiy adolat tamoyili asosida aholining yordamga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allikni bartaraf etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan. Aslida bu yurtimizdagi xalqparvar ishlarning uzviy davomidir.
Oxirgi yillarda e’tiborga muhtoj aholi qatlamiga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish bo‘yicha yangi tizim yaratildi. Ushbu tizimga muvofiq, Mehribonlik uylaridagi 1 ming 500 ga yaqin bolalar oilalarga olindi, 116 ta Oilaviy mehribonlik uyi tashkil qilinib, 700 ga yaqin o‘g‘il-qizlarning ota-ona bag‘rida voyaga yetishi uchun sharoit yaratildi.
O‘tgan yili 757 nafar ko‘ngli yarim bola uy-joy bilan ta’minlandi. Davlat hisobidan 4 mingdan ziyod bolalarda murakkab operatsiyalar o‘tkazildi.
Nogironligi bo‘lgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash ko‘lami ham kengaydi. Jumladan, o‘tgan yili 42 mingga yaqin kishiga reabilitatsiya va protez-ortopediya moslamalari olib berildi. Eshitish qobiliyati zaif 555 nafar bola koxlear implant bilan ta’minlandi. 4 ming nafar ko‘zi ojiz bolaga Brayl alifbosi tarqatildi.
E’tiborlisi, 35 mingga yaqin parvarishga muhtoj bolalarning onalariga 500 ming so‘m nafaqa to‘lash joriy etildi. Bunday tizim bizda ilgari bo‘lmagan.
Shuningdek, bolalikdan nogiron hamda birinchi va ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan shaxslar oyligining 2 million 500 ming so‘mgacha qismi daromad solig‘idan ozod qilindi. Ish beruvchilar tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun to‘langan ijtimoiy soliq summasi budjetdan to‘liq qaytarib berilmoqda.
Bulardan tashqari, pensiya va nafaqalarning eng kam miqdori biryo‘la 40 foizga oshirildi. Umuman, nafaqa oluvchilar soni 2016-yilgi 466 ming nafardan 2022-yilda 1 million 860 mingtaga yetkazildi.
Shuningdek, xayriya jamg‘armalari, jamoatchilik tashabbusi orqali ham ko‘plab insonlarga ko‘mak berildi.
Yig‘ilishda ushbu ezgu ishlarni davom ettirish, yurtimizdagi mehr-oqibat muhitini mustahkamlashga qaratilgan yanada keng imkoniyatlar belgilandi.
Mamlakatimizda 3 milliondan ortiq nuroniylar bor. Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi orqali ularga g‘amxo‘rlik qilish, salomatligini asrash e’tiborga olingan.
Yig‘ilishda o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar har yili sanatoriylarda davolanishi, kam ta’minlangan nuroniylarning dori-darmon va ortopediya moslamalari, jarrohlik amaliyotlari xarajatlari davlat tomonidan qoplab berilishi qayd etildi.
Keksalarning sport bilan shug‘ullanishi, teatr va muzeylarga borishi, yurtimiz bo‘ylab sayohat qilishi uchun yengilliklar belgilandi.
Ehtiyojmand aholini moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida bugun pensiya va nafaqalarni 1 maydan 12 foizga oshirish to‘g‘risida Prezident farmoni imzolandi. Bu orqali 4 million 100 ming aholi xonadoniga qo‘shimcha mablag‘ kirib boradi. Bu maqsadlar uchun joriy yilda 4 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Shuningdek, eng kam pensiya oladigan 725 ming nafar aholining pensiyasi 14 foizga oshiriladi.
Bundan tashqari, 9-may arafasida urush qatnashchilariga 15 million so‘mdan bir martalik pul mukofoti beriladi.
Nogironligi bo‘lgan ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash tizimi ham kengaytirilishi ma’lum qilindi. Jumladan, 1-maydan boshlab, nogironligi bo‘lgan fuqarolarni ishga olgan korxonalarga, 6 oy davomida har bir shunday xodimi uchun 400 ming so‘mdan subsidiya beriladi.
O‘zini o‘zi band qilgan va hunarmandchilik bilan shug‘ullanadigan nogironligi bo‘lgan shaxslarga asbob-uskuna va mehnat qurollarini xarid qilish uchun subsidiya ajratiladi. Ular kasb-hunarlarga davlat hisobidan o‘qitiladi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga shu borada topshiriq berildi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan ishlaydigan nodavlat tashkilotlari va ularning hududiy bo‘limlari xodimlariga oylik to‘lash uchun davlatdan subsidiya ajratiladi.
Ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalarni to‘liq ta’limga jalb etish maqsadida “Nurli maskan” maktablarida yangi o‘quv yilidan qo‘shimcha 850 ta o‘quv xonasi va 1 ming 200 ta yotoqxona o‘rni tashkil etiladi. Davlat buyurtmasi asosida, ushbu maktab kutubxonalari Brayl yozuvidagi darslik va o‘quv qo‘llanmalari, badiiy adabiyotlar bilan ta’minlanadi.
Mutasaddi vazirliklarga bog‘cha yoshidagi ko‘zi ojiz bolalar uchun bosqichma-bosqich bir yillik tayyorlov guruhlari tashkil etish vazifasi qo‘yildi.
Bundan tashqari, 3 mingdan ziyod zaif eshituvchi bolalarga zamonaviy eshitish moslamalari yetkazib beriladi. Maxsus maktab-internatlarning barcha xodimlariga 50 foizlik ustama to‘lash joriy etiladi.
Nogironligi bo‘lgan bolalarning ma’naviy kamol topishi uchun 108 ta maktab-internatga har yili 20 mingdan ortiq maxsus adabiyotlar xarid qilinadi.
Nogironligi bo‘lgan keksalarga ham, alohida e’tibor qaratiladi. Misol uchun, avval ishlamagan, “Saxovat” uylaridagi yashovchi mingga yaqin kishiga hozir hech qanday to‘lov yo‘q. Endi ularga ham shaxsiy xarajatlari uchun qarilik nafaqasining 20 foizi to‘lab beriladi.
Hozirgi kunda nogironlik pensiyasi fuqarolarning avvalgi ishlagan staji va oyligidan kelib chiqib hisoblanadi. Bu – 75 mingdan ortiq ishlayotgan nogironligi bor fuqarolarning daromadiga bevosita ta’sir qilmoqda.
Endi, ularning pensiyasi har ikki yilda qayta hisoblanib, ish staji va oyligiga qarab oshirib boriladi. Bunga 300 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ yo‘naltiriladi.
Oilaviy bolalar uylariga budjetdan mablag‘ ajratish tartibi soddalashtiriladi. Ya’ni, kundalik xarajatlarni qoplash uchun mablag‘ ota-onalarning shaxsiy plastik kartasiga o‘tkaziladi. Shuningdek, oilaviy bolalar uylarining kommunal to‘lovlari aholi uchun belgilangan tariflarda olinadi.
Bundan tashqari, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalarga oziq-ovqat va kiyim-kechak xaridi uchun 10 million so‘mdan ajratish amaliyoti nodavlat oliygohlarda ham joriy etiladi.
Umuman, 376 ta Mehribonlik, Saxovat va Muruvvat uylari, maxsus maktab-internatlarni ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha 600 milliard so‘mlik alohida dastur qabul qilinishi aytildi.
Prezidentimiz mahallalarda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar bilan manzilli ishlab, ularga ko‘maklashish tajribasini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Unga ko‘ra, xotin-qizlar faollari hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari bilan birga har bir xonadonga kirib, oilalardagi haqiqiy holat va ijtimoiy xizmatlarga ehtiyojni aniqlaydi. Bu xizmatlar o‘z vaqtida va sifatli ko‘rsatilishini tashkil qiladi. Murakkab tibbiy operatsiyalarga muhtojlar bepul davolanadi.
Davlatimiz rahbari ishlaydigan ayollarning ijtimoiy himoyasi kuchaytirilishini ta’kidladi.
Bugungi kunda norasmiy sektorda ayollar ulushi 57 foizni tashkil qilmoqda. Chunki ko‘plab ish beruvchilar homiladorlik nafaqasini to‘lamaslik uchun ayollarni rasmiy ishga olmaslikka harakat qiladi.
Shu bois 2022-yil sentabrdan boshlab, tug‘ruq ta’tili to‘lovining bir qismini davlat budjeti hisobidan to‘lash tartibi yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun Moliya vazirligi huzurida Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tuzilib, joriy yilda unga budjetdan 170 milliard so‘m ajratilishi qayd etildi.
Ramazon oyi – mehr-oqibat va bag‘rikenglik oyidir. Shu munosabat bilan, Prezidentimiz adashib jinoyatga qo‘l urgan, aybini chuqur anglab, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 65 nafar fuqaroni afv etish bo‘yicha farmon qabul qildi. Endi bu insonlar Ramazon hayiti bayramini o‘z uyida, yaqinlari bag‘rida kutib oladi.
Xalqimiz an’analariga ko‘ra, ko‘chalar, xiyobonlar tozalanib, obodonlashtiriladi. Keksalar, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, nogironligi bo‘lgan ehtiyojmandlar holidan xabar olinadi.
– Ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy bobomiz aytganidek, odamlarning dardiga darmon bo‘lish – insoniylikning oliy namunasi ekanini unutmasligimiz, bunday ezgu ish uslubi bizning nafaqat xizmat vazifamiz, vijdoniy burchimizga aylanishi kerak, – deya ta’kidladi davlatimiz rahbari.
Mutasaddilarga yig‘ilishda belgilangan moddiy yordam tizimini amalga oshirish, bayram kunlarida muhtojlar holidan xabar olib, ularga sovg‘a va mukofotlarni yetkazish topshirildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti