O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
30-aprel kuni "Mahalla obodligi – yurt farovonligi" shiori ostida umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi
2022-04-28 | Ekologiya
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 26 apreldagi tegishli farmoyishi asosida joriy yilning 30 aprel kuni "Mahalla obodligi – yurt farovonligi" shiori ostida umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi.
Uy-joylar, ko‘chayu hovlilarini ozoda, saranjom holatda saqlash xalqimizning azaliy qadriyatlaridan sanaladi. Garchi, hasharni o‘tkazishga oid farmoyish kuni kecha qabul qilingan bo‘lsa-da, chor-atrofga gul nihollari, turfa ko‘chatlar o‘tqazish, hamma yoqni chinnidek ozoda, fayzli holatga keltirish ishlari yurtimizning har bir go‘shasida allaqachon boshlanib ketgan.
O‘zbekiston "Mahalla" xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash "Nuroniy" jamg‘armasi, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, keng jamoatchilik ushbu savobli g‘oyaning tashabbuskoridir.
Hashar davomida mahallalar, axoli turar joylari, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar, mo‘’tabar maskanlar, bolalar maydonchalari tartibga keltiriladi. Obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari yanada faol olib boriladi. Umumxalq xayriya hashari doirasida axolining ehtiyojmand qatlamlari yanada faol qo‘llab-quvvatlanadi.
Yurtimizda jadal sur’atda olib borilayotgan "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida barcha turar joy mavzelari, mahallalarda gul ko‘chalari, manzarali va mevali daraxtlar ekish, oqlash va butash ishlari amalga oshiriladi.
Umumxalq xayriya hashari doirasida bo‘lmagan boshqa turdagi jamoat ishlari, shu jumladan, qurilish-ta’mirlash va qishloq xo‘jaligi ishlariga majburiy jalb etishga yo‘l qo‘ymagan holda obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, ish o‘rinlarini tartibga keltirish ishlari olib boriladi.
Farmoyishga ko‘ra, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Akademik F.N.Rusanov nomidagi Toshkent Botanika bog‘i, M.Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda belgilangan miqdorda ko‘chat hamda qalamchalar olish istagini bildirgan hududlardagi barcha xo‘jalik tashkilotlariga shartnoma asosida qonunchilikda belgilangan tartibda pul o‘tkazish yo‘li bilan tashkilotlarning ushbu tadbirlar uchun nazarda tutilgan mablag‘lari hisobidan yetkazib berish ta’minlanadi.
Hashar davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari, ehtiyojmand, ko‘makka muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan keksa va nogironligi bo‘lgan fuqarolarning uy-joylarini yaxshilash va moddiy yordam ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, "Mahalla obodligi – yurt farovonligi" shiori ostida o‘tkaziluvchi umumxalq xayriya hashari yurtdoshlarimizning ahilligi, hamjihatligining yana bir yorqin namunasi bo‘lishiga shubha yo‘q.
N.USMONOVA
Manba: O'zA