O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Aqlli dehqonchilik: FAOning O'zbekistondagi tajribasi
2022-04-22 | Iqtisodiyot
Loyihada, avvalo, issiqxonalar uchun yangi qoplama materiallardan foydalanish taklif etiladi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) va O'zbekiston Qishloq xo'jaligi vazirligining “Kelajak avlod uchun aqlli dehqonchilik” loyihasi zamonaviy issiqxona qanday bo'lishi kerakligi g'oyasini tubdan o'zgartirib, ilg'or texnologiyalarni kichik xo'jaliklarga taqdim etmoqda.
Issiqxonalarni moslashtirish va ishlab chiqarishni o'zaro bog'liq bo'lgan besh omil — iqlimni boshqarish, zararkunandalar va kasalliklarga qarshi kurashish, issiqxonani boshqaruv amaliyotlari, suvdan foydalanish va o'simliklarni oziqlantirish bo'yicha maqbullashtirish orqali issiqxona xo'jaligi muvaffaqiyatli biznesga aylanib, qishloq aholisini barqaror daromad manbai bilan ta'minlamoqda. Chunki loyiha ilmiy yondashuv va ilg'or texnologiyalar asosida issiqxonalarda ekinlarni etishtirish usullarini yaxshilaydi.
— Avvalo, issiqxonalar uchun yangi qoplama materiallardan foydalanish taklif etiladi — qalinligi 180-200 mikron bo'lgan o'ta pishiq polietilen plyonkalarga ultrabinafsha nurlanishini yutadigan va, eng muhimi, issiqxonaning ichki yuzasida tomchilar shaklida kondensatsiya hosil bo'lishining oldini oladigan maxsus qo'shimchalar qo'shilgan, — deydi FAO loyihasining milliy maslahatchisi, agronom Xayrulla Esonov. — Issiqxonani sovutish uchun biz uning yuzasiga an'anaviy loy sepish o'rniga soya beradigan to'rlardan foydalanyapmiz. Va zararkunandalarga qarshi kurashish uchun biz ushbu hududlarda ilgari ishlatilmagan tutqich va chivinlarni tutib qoladigan to'rlarni joriy qilmoqdamiz. Ular havo aylanishini ham yaxshilaydi. Bundan tashqari, dezinfektsiyalovchi pol qoplamalari va virus hamda bakteriyalarga qarshi qo'sh eshikli tizim o'rnatilib, issiqxona atrofidagi er begona o'tlardan tozalanmoqda.
Sabzavot ekinlari hosildorligini oshirish maqsadida “Kelajak avlod uchun aqlli dehqonchilik” loyihasi fermerlarga muayyan amaliyotlarni qo'llashni taklif etadi. Shunday qilib, masalan, o'simliklarni changlatish maxsus arilar (lotincha Bombus Terrestris) yordamida amalga oshirilishi kerak, o'simliklar orasidagi masofa 40 sm, egatlar orasidagi masofa esa 50 sm bo'lishi kerak. Bundan tashqari, o'simliklarni poyalarga zarar bermasdan lentalar bilan bog'lash uchun qisqichlarni o'rnatish taklif etiladi va issiqxona ichidagi harorat va namlik doimiy ravishda nazorat qilinadi.
Ushbu va boshqa usullar issiqxona xo'jaligini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi, chunki Andijon, Namangan va Farg'ona viloyatlaridagi o'z issiqxonalarini yuqoridagi usullar bo'yicha modernizatsiya qilish va optimallashtirishda FAO tomonidan qo'llab-quvvatlangan 20 ta qishloq xonadoni a'zolari bunga allaqachon ishonch hosil qilishgan. Benefitsiarlar qishloqlardagi daromadi past va doimiy bo'lmagan uy xo'jaliklari orasidan tanlab olindi. Shu bilan birga, xotin-qizlar va yoshlar bandligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilib, xotin-qizlar boshchiligidagi xonadonlarga ustuvor ahamiyat qaratildi.
20 ta issiqxonaning barchasiga nasoslar, filtrlar, suv idishlari va shlanglardan iborat zamonaviy tomchilatib sug'orish tizimlari o'rnatildi. Ushbu tizimlar tufayli eruvchan ozuqa moddalari to'g'ridan-to'g'ri o'simliklarning ildiz tizimiga etib borib, yanada ko'proq samara beradi. Bundan tashqari, har bir benefitsiarga suvning sho'rligi va kislotaliligini o'lchash uchun PH va elektro'tkazuvchanlikni o'lchaydigan asboblari berildi. O'tkazilgan tahlillar natijalariga ko'ra, har uchala hududda sug'orish uchun foydalaniladigan suvning sho'rligi va kislotaliligi yuqori ekanligi aniqlandi, hozirda loyiha benefitsiarlari sug'orishdan oldin suvga maxsus kislotalar qo'shib, bu ko'rsatkichlarni to'g'rilamoqda.
Eslatib o'tamiz, FAOning “Kelajak avlod uchun aqlli dehqonchilik” loyihasi Koreya Respublikasi Qishloq xo'jaligi, oziq-ovqat va qishloq masalalari vazirligining moliyaviy ko'magida 2021-yilda boshlangan edi. Bugungi kunga qadar Andijon, Namangan va Farg'ona viloyatlaridagi 20 ta xonadonda issiqxonalar modernizatsiya qilindi va maqbullashtirildi. 2022-yil aprel oyining oxiriga kelib, sifatli, xavfsiz, avvalgi yillarga nisbatan ko'proq birinchi hosilni olish va shunga mos ravishda daromadning oshishi kutilmoqda. Qisqa muddatlarda bunday muvaffaqiyatlarga erishishning sababi xo'jaliklarga FAO tomonidan har hafta texnik yordam ko'rsatib borishi bilan izohlanadi. Ular FAO tomonidan 2022-yil fevral oyida tashkil etilgan bir qator treninglar davomida olingan yangi bilim va ko'nikmalar bilan issiqxona biznesini yuritmoqdalar. Mashg'ulotlarda 75 kishi, jumladan, benefitsiarlar, ularning oila a'zolari va boshqa manfaatdor shaxslar ishtirok etdilar.
FAOning qishloq xo'jaligi mutaxassisi Melvin Medina Navarro va agronom Xayrulla esonov tomonidan o'tkazilgan treninglarda sanitariya va cheklovchi choralar, suv resurslarini boshqarish va o'simliklarni oziqlantirish, tuproqni boshqarish, zararkunandalar va o'simliklar kasalliklarini kompleks nazorat qilish va boshqa ko'plab mavzular bo'yicha ilg'or xorijiy tajriba o'rganildi.
Bu yil loyihaning boshqa tarkibiy qismlari, jumladan, yig'im-terimdan keyingi qayta ishlashni takomillashtirish, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi nazorati va marketingni yaxshilash amalga oshiriladi.
Manba: «Yangi O"zbekiston»