O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xushxabar: Eronda Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiy bitiklari aniqlandi
2022-04-14 | Madaniyat
Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Tursunali Qo‘ziyev va Toshkent viloyati madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i Mansur Isroilovning Eron Islom Respublikasiga O‘zbekiston Respublikasining Erondagi elchixonasi ko‘magida amalga oshirgan xizmat safari davomida shu haqida maʼlum bo‘lgan.
“Eronning shimoli-g‘arbida Temuriylar davrining ko‘plab madaniy meros obidalari mavjud. Amir Temur Eronga tashrifi davomida Mashhad provinsiyasidagi Toyinobod shahrida shayx Abu Bakr Zayn-ul Obiddin Toyyibiniy bilan uchrashgan va u bilan do‘stlashib qolgan. Uzoq yillar davomida u bilan yozishib turgan. Ushbu do‘stlik hurmati Amir Temurning o‘g‘li Shohrux Mirzo Toyinobod shahrida ajoyib masjid qurdiradi. Masjid bugungi kunga qadar saqlanib qolgan va ko‘plab allomalarimizning do‘stona munosabatlarini o‘zida muhrlagan. Shunisi diqqatga sazovorki, ko‘p hukmdorlar va taniqli arboblar bu masjidga kelib, namoz o‘qishni o‘zlari uchun sharaf deb bilishgan. Masjidning devorida yuqori martabali mehmonlar uchun hurmat devori bo‘lib, ularda mehmonlar o‘z tilaklari yoki bitiklarini yozib qoldirishgan. Ularni ko‘zdan kechirayotib, ajoyib yangilik – Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiy bitiklarini kashf etdik”, - dedi T.Qo‘ziyev.
Taʼkidlash joizki, Prezidentimizning 2021-yil 19-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi faoliyatini tashkil etish hamda sohani innovatsion rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5150-son Qarorida madaniy meros obektlarini restavratsiya qilishda Eron va Turkiya davlatlaridan malakali mutaxassislarni O‘zbekistonga taklif qilish va ular ishtirokida asrashga doir ishlarni tashkil etish belgilangan. Mazkur topshiriq ijrosini taʼminlash maqsadida 2022-yilning mart oyida Eronga xizmat safari tashkil etildi.
Maʼlum qilinishicha, ayni damda ulug‘ allomalarimiz bitiklarini ilmiy jihatdan o‘rganishga doir ishlar olib borilmoqda.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi