O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
«Kitobsevar millat» shiori ostida «Kitobxonlik haftaligi» o‘tkaziladi
2022-04-14 | Jamiyat
2022-yilning 18-23-aprel kunlari Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan O‘zbekiston bo‘ylab “Kitobsevar millat” shiori ostida II Respublika “Kitobxonlik haftaligi” bo‘lib o‘tadi.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamda poytaxtimizdagi "Magic city" bog‘ida o‘tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar barcha yosh toifasidagi kitobxonlarni qamrab oladi.
Mazkur kitob bayramidan ko‘zlangan maqsad — aholi, shu jumladan yosh avlodning bilim olishi, xalqimizning boy ma’naviy merosini tiklash, jahon tamadduniga munosib hissa qo‘shgan buyuk allomalarimizning hayoti va ijodini o‘rganish, o‘zbek adabiyotining yetuk namunalarini xorijiy tillarga hamda jahon adabiyotining eng yaxshi namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qilish bo‘yicha erishilgan natijalarni tahlil etishdan iboratdir. Shu bilan birga bu boradagi istiqboldagi vazifalarni belgilab olish, kitobxonlik madaniyatini, oilaviy kitobxonlik an’analarini targ‘ib qilish, yosh avlodni milliy adabiyotga, ona Vatanga yuksak muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga hissa qo‘shish tadbirning bosh maqsadlaridan biridir.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Xalq ta’limi, Maktabgacha ta’lim, Madaniyat vazirliklari, Respublika ma’naviyat-ma’rifat markazi hamda boshqa idora va muassasalar bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan tadbirlarda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan nashriyotlar o‘z kitob mahsulotlari bilan faol ishtirok etadi. Unda kitob savdo yarmarkalari kitobxonlar o‘rtasida so‘rovnomalar, sovrinli viktorinalar, intellektual bellashuvlar tashkil etiladi. Kitobxonlik haftaligi mobaynida birgina poytaxtda o‘tkaziladigan tadbirlar dasturiga ko‘ra 40 ga yaqin nashriyotlarda so‘nggi yillarda chop etilgan yangi kitoblarining taqdimotlari, o‘nlab taniqli va yosh va iste’dodli adib va shoirlar bilan uchrashuvlar, noshir va matbaachilar bilan muloqotlar o‘tkaziladi.
Haftalik doirasida «Noshirlar va kutubxonachilar hamkorligi» mavzusida davra suhbati, bolalar adabiyoti, bugungi kundagi dolzarb vazifalar, muammo va yechimlarga oid noshir va bolalar adiblarining uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, «Axborot-kutubxona a’lochisi» ko‘krak nishoni o‘z egalariga topshiriladi, faol noshirlar va ijodkorlar taqdirlanadi.
Manba: O'zA