O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Daryo transportida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi
2022-04-14 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 - yil 7 - apreldagi 167-son qarori bilan “Daryo transportida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti” tasdiqlandi.
Ma’muriy reglament kemalarni ro‘yxatga olish, hisobini yuritish, o‘zgartirish kiritish va hisobdan chiqarish tartibini belgilaydi.
Bundan tashqari, u quyidagilar to‘g‘risidagi normalarni o‘z ichiga oladi:
kemalarni qurish, yangidan jihozlash, ta’mirlash va ulardan foydalanish davrida texnik ko‘rikdan o‘tkazish, kemalarning texnik loyiha hujjatlarini kelishish;
kemani dastlabki, navbatdagi, navbatdan tashqari va har yillik texnik ko‘rikdan o‘tkazish;
kemani qurish, yangidan jihozlash va ta’mirlash davrida texnik nazorat olib borish;
texnik loyiha hujjatlarini ko‘rib chiqish;
aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish tartibi.
Ichki suv yo‘llarida foydalanishda bo‘lgan kemalar (sport kemalaridan tashqari) hududiy kemachilik registri inspektorlari tomonidan ro‘yxatga/qayta ro‘yxatga olinadi va tegishli texnik ko‘riklardan o‘tkaziladi.
Harbiy katerlarning texnik holatini aniqlash zarurati paydo bo‘lganda shartnomaga asosan katerlar ham texnik ko‘rikka taqdim etilishi mumkin.
Texnik ko‘rikdan o‘tkazishning asosiy maqsadi quyidagilar hisoblanadi:
kemalarning texnik holatini samarali nazorat qilishni tashkil etish;
kemalar va jihozlarning texnik holatini texnik hujjatlarga muvofiqligiga baho berish;
kemalarning xavfsiz suzishini ta’minlash bo‘yicha profilaktik ishlarni tashkil etish;
kemalarda avariya holatini oldindan aniqlash va ularni bartaraf etish;
kemalarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va ish samarasini oshirish bo‘yicha choralar ishlab chiqishda kema egalariga ko‘maklashish.
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi ichki kema yo‘llari, tabiiy va sun’iy barpo etilgan suv havzalari bo‘ylab kemalarning xavfsiz suzishi, inson hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, yuklarning ishonchli tashilishini ta’minlash, daryo transporti sohasiga oid normativ hujjatlarni yagona umumiy hujjatga jamlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Qarorning asosiy vazifalari O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelayotgan va mavjud bo‘lgan kemalarni ro‘yxatga olish, hisobini yuritish va ularga O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i ostida suzish huquqini beruvchi Kema guvohnomasi berish, kemalarni qurish, yangidan jihozlash uchun ishlab chiqilgan texnik loyiha hujjatlarini ko‘rib chiqish, kelishish va ularni qurish, yangidan jihozlash ta’mirlash davrida texnik nazorat olib borish hamda ulardan foydalanish davrida dastlabki, navbatdagi, har yillik va navbatdan tashqari texnik ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarini tartibga solishdan iborat.
Qarorda kemalarni ro‘yxatga qo‘yish uchun talabgorlar tomonidan hujjatlarni maxsus shakldagi ariza-blankaga kema haqidagi ma’lumotlarni kiritish orqali taqdim etish, davlat xizmati ko‘rsatish muddati, kemalarni dastlabki, har yillik, navbatdagi va navbatdan tashqari ko‘riklarga taqdim etish tartibi, texnik ko‘riklar natijasi bo‘yicha Transport vazirligining Kemachilik registri bosh inspektorlari tomonidan rasmiylashtiriladigan kema hujjatlari shakli, kemalarni qurish, yangidan jihozlash va ta’mirlash davrida texnik nazorat olib borish, texnik loyiha hujjatlarini ko‘rib chiqish va kelishish tartibi keltirilgan.
Daryo transportida ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari natijasi bo‘yicha Kemachilik registri inspektorlari tomonidan rasmiylashtiriladigan kema hujjatlari kema egasiga mulk huquqini, kemalarning texnik holati yaroqli ekanligi, kemalar texnik loyiha hujjatlariga muvofiq qurilganligi, ta’mirlanganligi va xavfsizlik talablari bajarilganligini tasdiqlaydi.
Qaror bilan belgilangan qoidalarning bajarilishi respublikada mavjud kemalarning hisobini yuritish, respublika davlat byudjeti va tadbirkorlik subyektlarining katta mablag‘lari hisobidan xarid qilingan kemalarning texnik yaroqli holatda saqlanishi va ulardan foydalanish muddatini uzaytirilishiga, suv havzalarida yo‘lovchi va yuklarning xavfsiz va ishonchli tashilishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, qaror bilan Transport vazirligining hududiy kemachilik registri inspektorlarining kemalarni ro‘yxatga olish, kema reestrini yuritish va unga o‘zgartirishlar kiritish, kemalarni qurish, yangidan jihozlash, ta’mirlash va ulardan foydalanish davrida texnik ko‘rikdan o‘tkazish, kemalarda texnik hujjatlar, ularga o‘rnatilgan material va buyumlarda muvofiqlik sertifikatlari mavjudligini aniqlash, kemaning nazorat ostida bo‘lgan obyektlarini tekshirish, o‘lchash, amalda ishlatib ko‘rish va sinov ishlarini o‘tkazish, kemani qurish, yangidan jihozlash va ta’mirlash davrida nazorat ostida bo‘lgan texnologik jarayonlarni kelishish va nazorat qilish, kemaga o‘rnatilgan material va buyumlarning markirovka va tamg‘alarini tekshirish hamda kemalarning texnik holatini va suzishga yaroqli ekanligini tasdiqlovchi kema hujjatlarini berish bo‘yicha vakolatlari belgilab qo‘yilgan.
Kemalarni dastlabki, navbatdagi, navbatdan tashqari va har yillik texnik ko‘riklardan o‘tkazish tartibi va tekshirilishi lozim bo‘lgan nazorat ostidagi obyektlar ko‘rsatib o‘tilgan.
Tadbirkorlar uchun o‘zlariga tegishli bo‘lgan kemalarni ro‘yxatga/qayta ro‘yxatga qo‘yish va ularni texnik ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risida arizani Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, Transport vazirligining veb-sayti orqali yoki o‘zlari joylashgan manzil bo‘yicha Transport boshqarmasiga, o‘zlari tanlagan yo‘l bilan taqdim etilishi ko‘zda tutilib qulaylik yaratilgan.
Qaror bilan daryo transportida davlat xizmatlari ko‘rsatishning aniq muddatlari, tadbirkorlik subyektlari va daryo transportida boshqaruv organlarining o‘zaro munosabatlari qat’iy belgilanib, ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari muddatini asossiz cho‘zishlarga yo‘l qo‘yilmaydi.
Manba: O‘zbеkistоn Respublikasi trаnspоrt vazirligi