O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov XVJ kelishuv moddalarining IV-moddasiga muvofiq, 2022-yildagi maslahatlashuvlar uchun O‘zbekistonda bo‘lib turgan Ron van Roden boshchiligidagi Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan investitsiyaviy siyosat, investitsiyaviy muhitni yaxshilash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, xorijiy investorlarni jalb qilish, qo‘llab-quvvatlash va huquqiy himoya qilish mexanizmlari, shuningdek, Davlat investitsiya dasturining ijrosi ko‘rib chiqildi.
Investitsiyaviy loyihalarni boshqarish tizimini takomillashtirish, XVJ tomonidan o‘tkazilgan davlat investitsiyalarini boshqarishni baholash (PIMA) natijalari hamda xalqaro moliya institutlari ishtirokida loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ko‘maklashish nuqtai nazaridan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida yangi tashkil etilgan Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligining roliga to‘xtalib o‘tildi.
XVJ missiyasiga ko‘ra, O‘zbekistonda Davlat rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarning sezilarli natijalari mamlakatning jahon ishbilarmon doiralari o‘rtasida ijobiy imidjini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Shu munosabat bilan missiya tomonidan O‘zbekistonni investitsiyalar kiritish uchun jozibador va barqaror rivojlanayotgan davlat sifatida yaqqol namoyon eta olgan hamda mamlakatdagi iqtisodiy siyosatning muvaffaqiyatini keng targ‘ib etishga xizmat qilgan birinchi Toshkent investitsiya forumining o‘z vaqtidaligini ta'kidladi.
Shuningdek, tashqi savdo siyosati va O‘zbekistonning eksport salohiyatini oshirish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashildi. Tadbirkorlar va eksportchilar bilan yaqin va doimiy hamkorlik qilish natijasida erishilgan yutuqlar ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston tashqi iqtisodiy aloqalarining, xususan, investitsiyaviy, savdo, transport va logistika sohalaridagi munosabatlarining bugungi holati missiya a'zolarida alohida qiziqish uyg‘otdi. Yirik hamkor davlatlar bilan tuzilgan shartnomalar, amalga oshirilayotgan qo‘shma investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalar, shuningdek, o‘rta va uzoq muddatli istiqbollardagi hamkorlikni kengaytirish rejalari haqida ma'lumotlar taqdim etildi.
O‘zbekistonning tashqi savdoni liberallashtirish, asosiy hamkorlar bilan savdo munosabatlaridagi to‘siqlarni bartaraf qilish va ko‘p tomonlama savdo tizimlariga integratsiyalashuvidagi yutuqlari yuqori baholandi.
XVJ missiyasining rahbari O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining (EI) barqaror rivojlanish va samarali boshqaruv uchun Preferensiyalar bosh tizimi (GSP+) va Buyuk Britaniyaning Preferensiyalar bosh tizimi kengaytirilgan sxemasi (GSP Enhanced framework) benefisiar mamlakat maqomiga ega bo‘lganini olqishladi.
Ron van Roden “Cotton Campaign” xalqaro koalisiyasi tomonidan o‘zbek paxtasi va to‘qimachiligiga e'lon qilingan boykot bekor qilinishiga erishishda amalga oshirilayotgan islohotlarning rolini alohida ta'kidlab o‘tdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a'zo bo‘lish jarayonining hozirgi holati, shuningdek, muzokaralar jarayonini ilgari surish bo‘yicha navbatdagi dolzarb vazifalar muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar mamlakatni yanada ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdi hamda investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy sohalardagi turli prognozlarni muhokama qildi.
Ma'lumot uchun: XVJ missiyasi 2022-yilning 31-martidan O‘zbekistonda bo‘lib, tegishli vazirlik va idoralar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Muhokamalarda iqtisodiyotimizning joriy holati, uni rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, iqtisodiy siyosatning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
XVF Nizomining IV-moddasiga muvofiq, Jamg‘arma missiyalari muntazam ravishda maslahatlashuvlar o‘tkazish hamda texnik yordam ko‘rsatish maqsadida a'zo mamlakatlarga tashrif buyurishadi. Missiyalarning faoliyati iqtisodiyot, moliya sektori va statistika sohasidagi ishlarning holatini o‘rganish, shuningdek, keyingi iqtisodiy islohotlarning yo‘nalishlarini aniqlashga qaratiladi. Tashriflar natijasida mamlakatlardagi iqtisodiy vaziyatni tahlil qilish natijalari va qisqa muddatli prognozlarini aks ettiruvchi tegishli hisobotlar tayyorlanadi va e'lon qilinadi. 2017- yildan boshlab, yillik maslahatlashuvlardan tashqari, XVJ iqtisodiy siyosatning turli sohalarida ekspert va texnik yordam missiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi