O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ziyorat turizmi: turk blogeri O‘zbekistondagi imtiyozlar haqida ma’lumot tarqatdi
2022-04-08 | Turizm
2021-yil 28-dekabr — 2022-yil 8-yanvar kunlari davomida taniqli turkiyalik bloger – Buxoroning Turkiyadagi turizm elchisi Serdar Tunjer boshligidagi targ‘ibot guruhining O‘zbekiston bo‘ylab 12 kunlik sayohati tashkil etildi.
Sayohat Turizm va Madaniy meros vazirligi tomonidan ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish, shuningdek, mahalliy sayyohlar va turizm subyektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etildi.
Loyiha davomida Naqshbandiya tariqatining “Oltin Silsila” halqasidan joy olgan islom ulamolari ziyoratgohlari, ularning ilmiy merosi, islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi to‘g‘risidagi tag‘ibot materiallari tayyorlandi.
Jumladan, “Biri bir gun” rukni ostida 5 bo‘lim, TRTning ramazon oyi saharlik dasturi uchun “Sahur programi” rukni ostida 30 bo‘lim, “MYMECRA” youtube kanali uchun “Sonsuzluk Kervani” rukni ostida 12 bo‘lim va “Cat Kapi” dasturi uchun 2 bo‘lim, jami 49 bo‘limdan iborat video targ‘ibot materiallari tayyorlandi.
Ushbu targ‘ibot materiallari Surxondaryo viloyati, Denov tumanidagi Xo‘ja Alouddin Attor, Oltinsoy tumanidagi Xo‘ja Muhammad Zohid, Termiz shahridagi Hakim at-Termiziy, Sherobod tumanidagi Abu Iso at-Termiziy ziyoratgohlari, Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi Xo‘ja Muhammad Darvesh, Xo‘ja Muhammad Imkanagiy ziyoratgohlari va Shahrisabz shahridagi Oqsaroy majmuasi, Samarqand shahridagi Hazrati Hizr, Shohi Zinda, Registon majmualari va Imom al-Buxoriy, Xo‘ja Ubaydulloh Ahror, Imom al-Motrudiy ziyoratgohlari, Buxoro viloyatidagi 7 Pir zyoratgohlari, Toshkent shahridagi Hazrati Imom majmuasi va Toshkent viloyatidagi Zangi Ota ziyoratgohlaridan turib tasvirga olindi.
Loyiha doirasida Serdar Tunjer oʻzining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida yuzlab turklar Oʻzbekistonga tashrif buyurish istagini bildirgan videolarni ham joylashtirdi.
“Dunyoning turli plyajlarida dam olishingiz mumkin, lekin qalbingizni dam olish uchun Buxoroga kelishingiz kerak”, deb yozdi Serdar Tunjer.
Shuningdek, ushbu video materiallarni tayyorlash jarayonida targ‘ibot guruhi tomonidan hududlardagi mahalliy ulamolar ham jalb etildi. Bundan tashqari, Surxondaro, Qashqadaryo, Samarqand, Buxoro, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahridagi diqqatga sazovor joylar to‘g‘risida qiziqarli ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan, sayyohlarni jalb etuvchi videomateriallar tayyorlandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi