O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Islom sivilizatsiyasi markazi - xalqimizning ma’naviy qudrati timsoli

2022-04-08 | Siyosat

2018-yil 15-iyun, Ramazon hayiti kuni Prezidentimiz Islom sivilizatsiyasi markazi poydevoriga tamal toshi qo‘ygan edi. Bugungi muborak Ramazon kunlarida davlatimiz rahbari ushbu majmuaga yana tashrif buyurdi.

Bu markaz ham mahobati, ham mohiyati jihatidan ulkan loyiha. Uning qurilishi qariyb to‘rt yildirki davom etmoqda. Majmua uch qavatli bo‘lib, qadimiy obidalarimiz shaklida barpo etilgan. Bino markazida ulkan gumbaz, to‘rt tomonida simmetrik peshtoqlar qurilgan. Bugungi kunda pardozlash ishlari olib borilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu ishlarni ko‘zdan kechirdi. Binoni pardozlashda qadimiy madrasalarimizdagi belgilar va issiq ranglardan foydalanilmoqda.

Davlatimiz rahbari majmuani chiroyli va sifatli qilib qurish bilan birga mazmuniga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.

- Bugun, muborak Ramazon oyida, juma kunida bu yerga kelishimiz bejiz emas. Bunday ulug‘ ayyom kunlarida qilingan niyatlar amalga oshadi. Oxirgi yillarda og‘ir-og‘ir sinovlardan o‘tdik. Lekin bu yerda ish to‘xtagani yo‘q. Nima uchun buni qurayapmiz? Xalqimizning dunyoqarashini, g‘ururini ko‘tarish, qanday buyuk el ekanimizni ashyoviy dalillar bilan namoyon etish uchun, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Islom sivilizatsiyasi markazi xalqimizning ma’naviy qudratini ko‘rsatishi qayd etildi.

- O‘tgan yili Qashqadaryoda “O‘zbekiston GTL” zavodini ochib, butun dunyoga mamlakatimizning  iqtisodiy qudratini ko‘rsatdik. Bu markaz xalqimizning ma’naviy va ma’rifiy qudrati timsoli bo‘lib qoladi, - deya ta’kidladi Prezident.

Davlatimiz rahbari devorlardagi ravoqlarning bezak va yozuvlari namunalari bilan tanishdi. Darvozalar tepasiga tinchlik, ilm, odobga chorlovchi oyatlardan yozish maqsadga muvofiqligini aytdi.

Islom sivilizatsiyasi markazining tarkibiy qismlari to‘g‘risida ma’lumot berildi. Birinchi qavatda muzey ombori, qadimiy qo‘lyozma va osori-atiqalarni saqlash hamda restavratsiya qilish xonalari, nashriyot va kitob do‘konlari joylashadi.

Ikkinchi qavat majmuaning asosiy ko‘rgazma maydoni bo‘ladi. Bu yerdagi Islom tarixi muzeyi 9 ta bo‘limdan tashkil topadi. Binoning markazida, 65 metr balandlikdagi gumbaz ostida Islom olamining durdonasi hisoblangan Usmon mus'hafi qo‘yiladi. Bu zal atrofida yana 8 ta – “Islomdan avvalgi davrda Markaziy Osiyo”, “Islomning Markaziy Osiyoga yoyilishi”, “Ta’lim”, “Ilm-fan”, “Me’morchilik va shaharsozlik”, “San’at va badiiy hunarmandchilik”, “An’analar” hamda “Uchinchi Renessans – Yangi O‘zbekiston” bo‘limlari joylashadi.

Shuningdek, bu qavatda 550 kishiga mo‘ljallangan konferensiya zali bo‘ladi. 

Prezidentimiz “Ilm-fan” bo‘limini ko‘zdan kechirdi. Alloma bobolariiz merosini keng va ta’sirchan targ‘ib etish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Davlatimiz rahbari uchinchi qavatga chiqib, kutubxona, Islom akademiyasi ilmiy kafedralari va ma’muriy xonalar namunalarini ham ko‘rdi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Поделиться