O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qozog‘istonning nufuzli otmlari O‘zbekistonda o‘z filiallarini ochishga qiziqish bildirmoqda
2022-04-08 | Ta’lim
Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligida Qozog‘iston Respublikasi Ta'lim va fan vaziri o‘rinbosari K.Ergaliev boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur muloqot Qozog‘iston Respublikasi Ta'lim va fan vazirligi delegatsiyasining 8-aprel kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan ShHTga a'zo davlatlarning fan va texnologiyalar vazirliklari va idoralari rahbarlarining navbatdagi yig‘ilishi doirasida tashkil etildi.
Uchrashuvda Qozog‘iston delegatsiyasi tarkibidagi yetakchi oliy o‘quv yurtlari – Qozog‘iston milliy universiteti, Janubiy Qozog‘iston universiteti, Xalqaro qozoq-turk universiteti va Yevroosiyo milliy universitetlari rektorlari va prorektorlari ishtirok etib, o‘z oliygohlarining salohiyati haqida to‘xtalib o‘tdilar. Dastlab, ikki davlat oliy o‘quv yurtlari ta'lim va ilm-fan sohasidagi strategik hamkorligining bugungi holati hamda istiqboldagi rejalar bo‘yicha fikr almashildi. Mazkur universitetlar ham Qozog‘istonning boshqa oliy o‘quv yurtlari qatori O‘zbekistonda har yili o‘tkaziladigan “Qozog‘iston ta'lim kunlari” ko‘rgazmalarida ishtirok etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuvda ta'lim sohasidagi ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirish va faollashtirish, jumladan, Oliy va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'lim sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitimni imzolash kelgusidagi istiqbolli loyihalarning huquqiy asosiga aylanishi ta'kidlandi. Bunday uchrashuvlar muntazam o‘tkazilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Uchrashuv so‘nggida O‘zbekiston tomonining taklifiga javoban 2022-yilning ikkinchi yarmida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston va Qozog‘iston rektorlari forumini tashkil etish bo‘yicha ishlarni boshlashga kelishib olindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi