O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Farg’ona viloyati va Singapur o’rtasida investitsion hamkorlik yo’lga qo’yiladi
2022-04-07 | Iqtisodiyot
Bugun viloyat Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasida viloyat hokimining o’rinbosari Iqboljon Ergashev, O’zbekistonning Singapurdagi Favqulodda va muxtor elchisi Qahramon Shokirov, Singapur biznes Federatsiyasi rahbariyati hamda 85 nafar singapurlik sarmoyadorlar ishtirokidagi biznes-vebinarda Farg’ona viloyatining takdimotini o’tkazdi.
Unda O’zbekiston hamda Singapur o’rtasidagi turli sohalarda olib borilayotgan hamkorlik aloqalari, Singapur kompaniyalarining yurtimizga, jumladan Farg’onaga bo’lgan qiziqishlari haqida so’z bordi.
"Shaharsozlik uchun yechimlar" nomli mazkur vebinarda ishtiroklari uchun singapurlik sarmoyadorlarga minnatdorchilik bildirgan Iqboljon Ergashev, viloyatimizdagi qulay investitsion muhit sabab o’tgan yilda 100 ga yaqin xorijiy korxonalar ish boshlaganini qayd etdi.
Ayniqsa, Rossiya, Xitoy, Koreya, Turkiya kabi davlatlar investorlari bilan qurilish va boshqa yo’nalishlarda samarali ishlar yo’lga qo’yilganiga e'tibor qaratdi.
Singapur, Koreya, Turkiya kabi davlatlar bilan shaharsozlik yo’nalishidagi aloqalar yangi bosqichga ko’tarilayotganligini misollar bilan aytib o’tdi.
Joriy yil uchun viloyatda 800 ga yaqin yangi loyihalar ish boshlashi rejalashtirilganini ta'kidlab, Farg’ona shahridagi 18 qavatli zamonaviy biznes va savdo markazi hamda mehmonxona loyihasi, Ekoshaharda amalga oshirilayotgan qurilishlar, “Qo’qon” EIZ faoliyati to’g’risida ma'lumotlar berdi.
Yakunda Farg’onada amalga oshirilishi belgilangan loyihalarga qiziqish bildirgan, viloyatimizda faoliyat olib borish istagida bo’lgan singapurlik tadbirkorlar bilan hamkorlik qilish chora-tadbirlari kelishib olindi.
Manba: Fаrg’оnа vilоyati hоkimligi