Markaziy bankda shu mavzuda davra suhbati o‘tkazildi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi, Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakillari, Markaziy bankning tarkibiy bo‘linmalari va hududiy bosh boshqarmalari rahbarlari, tasarrufdagi korxonalar mas'ullari, tijorat banklarining gender masalalari bo‘yicha Kengashlari raislari ishtirok etishdi.
Davra suhbatida bugungi kunda yangilanayotgan O‘zbekiston islohotlari inson manfaatlari ustunligini ta'minlash barobarida jamiyatda xotin-qizlar mavqeini oshirish, ularning huquq hamda imkoniyatlarini ustuvor qadriyatlardan biri sifatida himoya qilishga qaratilganligi ta'kidlandi. Bunda, ayniqsa, ayollarning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy faolligini yuksaltirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida ro‘yobga chiqarilmoqda.
Jamiyat hayotining barcha jabhalarida, xususan, iqtisodiyotda ayollarning ishtirok etishi jamiyat taraqqiyotiga va uning barqarorligini oshirishga xizmat qiladi.
Markaziy bank ham o‘z faoliyatida gender inklyuzivlikni oshirishga katta e'tibor qaratmoqda. Xususan:
- O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida hamda barcha tijorat banklarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta'minlash masalalari bo‘yicha maslahat-kengashlari tashkil etildi;
- bank tizimi tomonidan xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida faol ishlar olib borilmoqda;
- Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan moliya tizimi va tadbirkorlikda gender inklyuzivligini oshirish masalalari bo‘yicha Harakatlar rejasi ishlab chiqildi va O‘zbekiston bank tizimida gender inklyuzivligini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.
Davra suhbatida mamlakatimiz bank tizimida ayollarni qo‘llab-quvvatlashga doir tadbirlarni amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta'minlash borasida olib borilayotgan shu va boshqa ishlar haqida atroflicha ma'lumot berildi. Tadbir yakunida OAV va jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki