O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkent xalqaro investitsiya forumi-2022da sayyohlik sektoriga investitsiyalarni jalb qilish istiqbollari muhokama etildi
2022-03-24 | Turizm
24-mart kuni o‘z ishini boshlagan Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yalpi majlis bo‘lib o‘tdi.
Forumning ustuvor vazifalaridan biri — jahon ishbilarmonlar jamiyatiga milliy sayyohlik sektorining taʼsirchan istiqbollari va imkoniyatlarini xorij investorlari uchun ustuvor yo‘nalish sifatida ochib berishdan iborat.
Spikerlar O‘zbekiston — 7,4 ming madaniy meros obyektini o‘zida jamlagan va shundan 209tasi – to‘rtta shahar-muzey tarkibida YUNESKO butunjahon merosi obyektlari ro‘yxatiga kiruvchi ulkan sayyohlik-rekreatsion potensialga ega mamlakat ekanligini taʼkidladi. Turizm sohasidagi davlat siyosati ushbu sohani hududlar va ularning infrastrukturasini tezkor kompleks rivojlantirish lokomotivlaridan biri sifatida takomillashtirishga yo‘naltirilgan. Bu muhim ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarni hal etish, ish o‘rinlarini ko‘paytirish, mamlakat imiji va investitsion jozibadorligini oshirishga imkon beradi.
— Bizning kuchli tomonlarimiz bu – YUNESKO ro‘yxatiga kirgan tarixiy shaharlar. O‘zbekiston — sayyohlar uchun xavfsiz mamlakat, — dedi O‘zbekiston Respublikasi turizm va madaniy meros vazirining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Azamov. — Biz dam olish va turizm uchun maskanlarni rivojlantiryapmiz va investorlar uchun ochiqmiz. O‘zbekiston xabga aylanib bormoqda, biz ko‘plab xizmatlarni ko‘rsatamiz, bunga esa munosib infrastruktura kerak. Agar turist Xivada sayr qilib, kokteyl ichishni xohlasa, unga bu imkoniyatni berish lozim.
— Bizda regulyatorlar, aeroportlar, mehmonxonalar bor. Menimcha, investitsiya va mablag‘siz ular ko‘p narsaga qodir emas. Turizm – bu odamlarni birlashtiruvchi soha. Bu yo‘nalish investitsiyalar uchun jozibali — taʼkidladi To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish agentligi direktori Ulug‘bek Qosimxo‘jayev. — 90ta mamlakat fuqarosi O‘zbekistonga vizasiz tashrif buyura oladi, yana 60 davlat uni internet orqali olish imkoniyatiga ega, shuning uchun, ularning talablariga eʼtibor qaratishimiz kerak, deb hisoblayman. «Mehmon otangdan ulug‘», degan naql bor. Xorijiy investorlarni nima o‘ziga jalb qilishi mumkin? O‘zbekiston biznes uchun ochiq, turizm esa juda tez rivojlanmoqda.
2014 - 2019 yillarda O‘zbekistonga keluvchi sayyohlar soni 1,9 milliondan 6,9 millionga yetdi. 2019 yilda mamlakatda global o‘zgarishlarni boshlab bergan tayanch hujjatlardan biri – 2019-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasida turizmni rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi va unda ishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi: turizm faoliyati sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, xalqaro meʼyor va standartlar implementatsiyasi, infrastrukturani rivojlantirish va O‘zbekiston mehmonlari uchun qulay muhitni shakllantirish, turistik mahsulot va xizmatlar diversifikatsiyasi, mamlakat imijini sayohat qilish va dam olish uchun xavfsiz joy sifatida mustahkamlash.
— Turizm nafaqat daromad keltiradi, balki odamlarni ish bilan taʼminlaydi. Bu sohaga ayollarni jalb qilish muhim. Asosiy maqsad – byurokratik cheklovlarni olib tashlash, dedi Boeing mintaqaviy direktori Mario Yebsim. — O‘zbekiston — Osiyoda o‘z drimlaynerlari – yo‘nalishlarni ochuvchi samolyotlariga ega bo‘lgan birinchi mamlakat. 2017 yildan boshlab Nyu-Yorklik yo‘lovchilar ularda to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni amalga oshirmoqda. Ekspertlarning baholashicha, turistik xizmatlar uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarflangan har bir dollar turdosh sohalarda taxminan qo‘shimcha uch dollarni keltiradi. Ko‘plab xorijlik sayyohlar uchun birdaniga Osiyodagi bir nechta mamlakatga tashrifni ko‘zda tutuvchi turlar qiziq bo‘lar edi.
— Agar odamlar sayohat qilmasa, mehmonxonalar ahmiyatini, odamlar esa ish joylarini yo‘qotadi. Shaxsan men O‘zbekistonda turizm transformatsiyasini kuzatib, barcha o‘zgarishlarni ijobiy baholayman. Bu yerda turizmning rivojlanishi uchun hamma narsa bor, shuning uchun 2022-2023 yillarda biz Buxoroda mehmonxona ochishni rejalashtirmoqdamiz, — aytib o‘tdi Hyatt mintaqaviy vitse-prezidenti Punit Tandon. — Valyuta bilan bog‘liq cheklovlar olib tashlanganidan so‘ng turizm dinamik rivojlanish yo‘liga o‘tdi. Qo‘shnilar bilan munosabatlarning yaxshilanishi – juda katta va foydali ish. Bundan tashqari, sizda O‘zbekistonni boshqa mamlakatlar bilan birlashtiruvchi ko‘plab avialiniyalar bor va bu investorlarda qiziqish uyg‘otadi.
Soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1 maydan turizm sohasida yoshlar tashabbuslari uchun grantlar joriy qilinmoqda — yosh tadbirkorlar o‘z faoliyatini rivojlantirish uchun 50 mln so‘mgacha mablag‘ga ega bo‘lishi mumkin. Bu yerga eng kamida 5 kunlik muddatga kelgan har bir sayyoh uchun davlat byudjetidan $10, qish mavsumida — $25 ajratiladi.
— Ushbu forum — mamlakat taraqqiyoti uchun olamshumul voqea. Aeroportlar har bir hududda bor, ularning yaxshi faoliyat yuritishi turistik sohani rivojlantirish uchun juda muhim, — taʼkidladi Uzbekistan Airports boshqarma raisi Rano Jo‘rayeva. — Hozirda mamlakatda mavjud aviaqatnovlarga talabni qo‘llab-quvvatlash uchun biz o‘tgan yili hududiy aviakompaniya tashkil etish tashabbusini ilgari surdik. Hududiy qatnovlar kam, ularni rivojlantirish kerak, shu bois biz 40ga yaqin yo‘nalishlarni ochishni rejalashtiryapmiz. Hozir odamlar avtotransport, poyezdlar orqali harakatlanib, biletlar taqchilligi singari noqulayliklarga duch kelishmoqda. Millionga yaqin odam o‘tgan yili milliy aviakompaniya xizmatlaridan foydalandi, biroq amalda bu ko‘rsatkich bundan ancha yuqori va uni qondirish kerak. Yaqinda biz Samarqandda aeroport qurdik va davlat ushbu loyihani xususiy hamkorlar investitsiyalaridan foydalanib amalga oshirdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi