O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston-Hindiston hamkorligiga 30 yil to‘ldi
2022-03-18 | Siyosat
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Hindiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankarga diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi (1992-yil 18-mart) munosabati bilan tabrik yo‘lladi.
Maktubda ikki mamlakat xalqlari o‘rtasida asrlar davomida shakllangan va umumiy tarix, madaniyat, mushtarak urf-odat va qadriyatlarga asoslangan strategik sheriklik aloqalari so‘nggi paytlarda misli ko‘rilmagan darajada faollashib borayotgani ta’kidlangan.
Birgina o‘tgan yilning o‘zida O‘zbekiston va Hindiston tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari ham ikki tomonlama, ham xalqaro forum va tadbirlar doirasida olti marotaba uchrashuv o‘tkazdi. Bu esa ikki tomonning strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, hamkorlik ko‘lamini tobora kengaytirish borasida intilishlarining yaqqol ifodasidir.
Abdulaziz Kamilov O‘zbekiston va Hindistonning birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik munosabatlari barcha sohalarda, ikki xalq farovonligi yo‘lida rivojlanib, chuqurlashib borishiga ishonch bildirdi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi