Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi
Termiz shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov rahbarligida vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari hamda Surxondaryo viloyatining barcha tumanlari va Termiz shahri mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish davomida viloyatda investitsiyaviy, sanoat va eksport faoliyatini yanada rag‘batlantirish, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda aholi bandligini ta'minlash chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi. Mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari investitsiyalar va eksportning joriy ko‘rsatkichlari bo‘yicha hisobot hamda hozirgi vaqtda amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ma'lumot berdilar, shuningdek, kelgusidagi rejalari bilan tanishtirdilar.
Xususan, Hududiy investitsiya dasturiga muvofiq, 2022-yilda Surxondaryo viloyatida umumiy qiymati 672 million dollarga teng bo‘lgan 762 loyihani hayotga joriy qilish rejalashtirilgan. Ushbu loyihalar doirasida 14 795 ish o‘rni yaratiladi. Yangi ishlab chiqarish maydonlarini tashkil etish va eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilayotgan manzilli chora-tadbirlar tufayli yil oxiriga qadar viloyatda eksport ko‘rsatkichlari qariyb 400 million dollardan oshishi kerak.
Ishlab chiqarishni to‘xtatgan yoki to‘liq quvvat bilan ishlamayotgan korxonalarni reanimasiya qilish orqali hududning sanoat salohiyatini oshirish bo‘yicha ishlarning borishi muhokama qilindi. Tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga yuzaga kelayotgan masalalarni hal etishni jadallashtirish, shuningdek, viloyatda sanoat ob'ektlarining faoliyatini muntazam monitoring qilib borish vazifasi yuklatildi.
Har bir tumanning sanoat salohiyatiga mos yangi yuqori daromadli loyihalarni ishlab chiqish, ularning amalga oshirilishi ustidan doimiy monitoring olib borish va tashabbuskorlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida viloyatda tashkil etilgan "loyiha guruhlari"ni faol jalb qilish topshirildi. Shu bilan birga, ichki va tashqi bozorda xaridorgir va yukori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga e'tibor qaratish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, Davlat rahbarining 2021-yil iyun oyida viloyatga tashrifi chog‘ida berilgan ko‘rsatmalarining bajarilishi hamda Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi topshiriqlarning ijrosi o‘rganildi.
Yig‘ilish yakunida vazirlik va idoralar, shuningdek, mahalliy hokimiyat organlarining mas'ul rahbarlariga muhokama qilingan masalalar bo‘yicha ijro etishning aniq muddatlari belgilangan manzilli topshiriqlar berildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi