O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining AQShga tashrifi to‘g‘risida
2022-03-10 | Siyosat
2021-yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan Strategik sheriklik muloqotining ilk uchrashuvi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarga muvofiq, joriy yil 6-9-mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya Amerika Qo‘shma Shtatlariga tashrif buyurdi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rahbari Vashingtonga tashrifi doirasida AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bilan muzokaralar o‘tkazdi. Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi hamda strategik sheriklik munosabatlarining 20 yilligi munosabati bilan o‘zaro tabriklar almashildi. Vazir A.Kamilov va Davlat kotibi E.Blinken O‘zbekiston-AQSH munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashning dolzarb masalalari, jumladan, qo‘shni Afg‘onistondagi gumanitar vaziyatni ham muhokama qildi. “S5+1” shakli doirasida mintaqaviy hamkorlikning amaliy jihatlariga alohida eʼtibor qaratildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi AQSHda bo‘lishi davomida AQSH administratsiyasi vakillari, Kongress aʼzolari, Amerika ishbilarmon va ilmiy doiralari vakillari bilan ham uchrashuv hamda muzokaralar o‘tkazdi.
Amerika-O‘zbekiston Savdo palatasi aʼzolari bilan uchrashuvda O‘zbekiston tomoni Amerika ishbilarmon doiralari vakillariga 2022-2026 yillarda Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasining asosiy qoidalari, respublikada iqtisodiyotni tubdan isloh qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishtirdi. Tadbir davomida AQSH kompaniyalarining respublikadagi islohotlar jarayonlarida ishtirokini kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi. Bundan tashqari, joriy yilning 24-26 mart kunlari bo‘lib o‘tgan birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF) ishida Amerika kompaniyalarining keng ishtiroki bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Xalqaro taʼlim bo‘yicha Amerika kengashi, Jorj Vashington universiteti, Texas A&M universiteti, Kaliforniyadagi Berkli universiteti rahbariyati va ekspertlari bilan muloqotlar uyushtirildi. Uchrashuvlarda mahalliy mutaxassislar salohiyatini mustahkamlash maqsadida ikki davlat o‘rtasida universitetlararo hamkorlikni kengaytirish, akademik va ilmiy almashinuvlarni tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi