O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati funksional tahlili muhokama qilindi

2022-02-23 | Siyosat

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi (DXA) hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD)ning Yevropa Ittifoqi (YEI) tomonidan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonning qishloq hududlarida davlat xizmatlarini taqdim etishni takomillashtirish va mahalliy boshqaruv darajasini oshirish” qo‘shma loyihasi doirasida 3 ta tajriba hududida xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatining funksional tahlili amalga oshirildi.

Joriy yil 22-fevral kuni “Wyndham Tashkent” mehmonxonasida Oliy Majlis Senati aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar, siyosiy partiyalar, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari vakillari va xalqaro ekspertlar ishtirokida mazkur tahlilning yakuniy natijalari muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda Oliy Majlis Senatining mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi raisi Tolibjon Madumarov, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari Doyna Muntyanu, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasining dasturlar koordinatori Alessandro Liamine, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori Foziljon Otaxonov kirish so‘zi bilan ishtirok etdi.

Davra suhbatida funksional tahlilning mahalliy Kengashlar faoliyatini yana-da takomillashtirishda, ularning ijro hokimiyati organlari ustidan nazoratini mustahkamlashda, Kengashlarni aholi muammolarini yechishdagi o‘rnini oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanligi taʼkidlandi.

Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti ekspertlari tomonidan o‘tkazilgan mazkur funksional tahlil doirasida viloyat, tuman xalq deputatlari Kengashlari deputatlari va kotibiyat xodimlari, mahalliy hokimiyat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, jamoat tashkilotlari va xususiy sektor vakillari, shuningdek fuqarolar bilan muloqotlar olib borildi.

Funksional tahlil natijalari so‘nggi yillarda mahalliy Kengashlar faoliyati sezilarli darajada faollashganligini, oliy hududiy vakillik organi sifatida Oliy Majlis Senati tomonidan ular faoliyatini samarali tashkil etish, ularga uslubiy jihatdan ko‘maklashish, deputatlarning amaliy ko‘nikma va malakalarini oshirish borasidagi ishlar tizimli ravishda amalga oshirilayotganligini ko‘rsatdi.

Xususan, mahalliy Kengashlar ishini samarali tashkil etishga yaqindan ko‘maklashish maqsadida Kengash kotibiyatlari tashkil etildi, Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining namunaviy reglamenti hamda Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining doimiy komissiyalari to‘g‘risidagi namunaviy nizom yangidan tasdiqlandi.

2020-2021-yillar davomida mahalliy Kengash deputatlari uchun 20 dan ziyod o‘quv-seminarlar tashkil etildi. BMT Taraqqiyot Dasturi ko‘magida  “Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatini to‘g‘ri va samarali tashkil etish masalalari bo‘yicha uslubiy qo‘llanma” ishlab chiqilib, har bir deputatga yetkazib berildi. Mahalliy Kengashlar kotibiyatlari ishini to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha uslubiy qo‘llanma ishlab chiqildi.

Amalga oshirilayotgan ishlar tufayli so‘nggi yillarda mahalliy Kengashlar faoliyati nafaqat son jihatidan, balki sifat jihatidan ham jonlandi. Tadqiqot jarayonida mahalliy Kengashlar vakolatlari va nazorat funksiyalarining kengayib borayotganligi bilan bir qatorda, ularning faoliyatida ayrim kamchiliklar mavjudligi ham kuzatildi. Loyiha ekspertlari tomonidan ushbu kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha bir qator takliflar ham ishlab chiqildi.

Xususan, joriy yilda “Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari reglamenti to‘g‘risida”gi hamda “Xalq deputatlari Kengashlari nazorati to‘g‘risida”gi qonun loyihalari ishlab chiqildi, mahalliy Kengashlar hamda hokimlarning vakolatlarini aniq belgilashga oid qonuniy asoslarni yaratish orqali alohida qonunlar qabul qilindi, doimiy asosda ishlovchi deputatlar korpusi shakllantirildi.

Davra suhbati davomida tadqiqot natijalari qizg‘in muhokama qilindi, mahalliy Kengash deputatlari ham so‘zga chiqib, amalga oshirilgan tadqiqot ishi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati

Поделиться