O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalq o'yinlari, tog’ chang’isi va snoubord: Chimyonda ommaviy sport festivali o'tkazildi
2022-02-19 | Turizm
18-fevral kuni Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida “Chimgan challenge-2022” qishki ekstremal va ommaviy sport turlari festivali bo‘lib o‘tdi.
Rasmiy ochilishda turizm va sport vazirining Ommaviy sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdulla Aslanov va Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Jamshid Babajanov so‘zga chiqishdi. Shundan so’ng, dor yo’lining yuqori qismidan chang‘ichilar hamda snoubordchilarning O‘zbekiston Respublikasi bayroqlari bilan tantanali tushishi boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi tomonidan tashkil etilgan festivalda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Fransiya, Germaniya, Koreya kabi davlatlardan qishki sport turlari bo‘yicha sportchilar, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga mas’ul davlat idoralari vakillari, sport muxlislari ishtirok etishdi.
Tadbir qatnashchilari qishki sport turlari, tog’ chang‘isi va snoubord, arqon tortish hamda o‘q otish kabi xalq o‘yinlari bo‘yicha bellashishdi. Festivalning ilk kunida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga mas’ul bo‘lgan davlat xizmatchilari uchun o‘quv-seminari tashkil etilgan bo‘lsa, ikkinchi kuni shaxmat, mini-futbol va badminton bo‘yicha o‘zaro bahs olib borishdi. Tadbir so‘ngida g‘oliblar tantanali ravishda taqdirlanishdi.
Festival davomida ishtirokchilarda ko‘tarinki kayfiyat uyg’otish maqsadida zamonaviy hamda milliy musiqa va folklor jamoalari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Milliy orkestri chiqish qilishdi.
So’nggi yillarda mamlakatimizda turizmning boshqa turlari qatori togʻ turizmini rivojlantirishga ham eʼtibor qaratilmoqda, sababi Oʻzbekiston nafaqat qadimiy shaharlari, balki, betakror togʻlari bilan ham mashhur. Ta'kidlash joizki, mamlakatda turizm mavsumdan qat'iy nazar, yil davomida mavjud.
Festival davomida trassalar hamda sport maydonchalarida ishtirokchilar xavfsizligi va salomatligini ta’minlash maqsadida tegishli idoralar jalb etildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi