ITSV va «Skolkovo»: ta'lim ekotizimini shakllantirib, strategik va amaliy menedjment darajasini birlashtiramiz
Bosh vazir o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov “Skolkovo” Moskva boshqaruv maktabi rektori Yu.Levin bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida tomonlar ta'lim va kasbiy tayyorgarlik sohasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildilar.
Xususan, muloqotda boshqaruv kadrlarining kasbiy tayyorgarligini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish uchun O‘zbekistonda qo‘shma ta'lim ekotizimini yaratish tashabbusiga to‘xtalib o‘tildi.
Ushbu ta'lim ekotizimining joriy etilishi nafaqat davlat tuzilmalari kadrlarini, balki xususiy biznesning top-menejerlarini tayyorlashga qaratilganligi sababli, tomonlar O‘zbekiston ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilarini biznesni boshqarish sohasida o‘qitishda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollarini ham ko‘rib chiqdilar.
Mahalliy bozor sharoitlarini hisobga olgan holda loyiha ko‘zlagan maqsadlarga erishishni ta'minlashni nazarda tutib, guruhlarda o‘qitishning faol usuli amaliyotidan foydalangan holda O‘zbekiston ishbilarmon doiralari vakillari uchun o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikning dolzarbligi qayd etildi.
Shuningdek, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida ixtisoslashtirilgan “O‘quv markazi”ni tashkil etishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi. Uni yaratishdan maqsad turli darajadagi xodimlar uchun o‘quv kurslarini tashkil etish, so‘ngra ularning kasbiy faoliyati samaradorligini nazorat qilish bilan tashqi savdo va investitsiya faoliyati bo‘yicha mutaxassislarning malakasini oshirishdir.
Tinglovchilar kontingenti davlat tuzilmalari xodimlaridan, shu jumladan mahalliy hokimiyat organlari rahbarlaridan hamda O‘zbekiston Respublikasining yirik xususiy kompaniyalari vakillaridan iborat bo‘ladi.
Investitsiyalarni boshqarish va loyiha sikli, loyihalarni ma'muriy-huquqiy qo‘llab-quvvatlash, investitsiya loyihalarining moliyaviy-iqtisodiy jihatlari, hisob-kitoblarning xalqaro shakllari, bojxona qonunchiligi, infratuzilma va tashqi iqtisodiy faoliyatni avtomatlashtirish kabi sohalarda qisqa muddatli va o‘rta muddatli dasturlar doirasida malaka oshirish uchun o‘quv kurslarini tashkil qilish rejalashtirildi.
“Skolkovo” Moskva boshqaruv maktabi bilan hamkorlik strategik va amaliyot boshqaruv darajasini birlashtirishga imkon beradigan ta'lim tizimini ishlab chiqish va ishga tushirish, shuningdek tashqi iqtisodiy faoliyat samaradorligini oshirish uchun chuqur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish imkoniyatini beradi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha xalqaro iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va tashqi savdo bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash sohasida hamkorlik to‘g‘risida Memorandum tasdiqlandi. Hujjat maktab rektori Yu.Levin va O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari H.Teshabaev tomonidan imzolandi.
Hujjat shartlariga ko‘ra, “Skolkovo” davlat muassasalari, shuningdek, O‘zbekiston davlat va xususiy kompaniyalari xodimlarining malakasini oshirish loyihalarining hamkori sifatida faoliyat yuritadi. Joylarga chiqib amaliyotlarni o‘tkazish, maxsus o‘quv modullarini yaratish va tajriba almashish tadbirlarini tashkil qilish ko‘zda tutilgan.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi