O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Davlat auditi” elektron dasturiy kompleksi ishga tushirildi
2022-02-14 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-avgustdagi “Davlat moliyaviy nazorati tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan Hisob palatasining “Davlat auditi” dasturiy kompleksi ishga tushirildi.
Dasturiy kompleksdan ko‘zlangan ustuvor maqsad byudjet tashkilotlaridagi tekshiruvlarni tartibga solish, nazorat tadbirlarining samaradorligini oshirish va nazorat jarayonlarida inson omilini kamaytirish.
Joriy yildan boshlab, barcha davlat moliyaviy nazorati tadbirlari, shu jumladan ichki audit xizmatlarining audit tadbirlari majburiy tartibda “Davlat auditi” dasturiy kompleksida ro‘yxatga olinadi.
Bunda nazorat ob’ekti rahbari QR-kod orqali nazorat tadbiri asosliligini tekshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. “Davlat auditi” dasturiy kompleksida ro‘yxatga olinmagan nazorat tadbirlarini o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday nazorat tadbirlari noqonuniy hisoblanadi.
Joriy qilingan yangi tizim orqali byudjet tashkilotlarining huquqlari himoya qilinadi, ularda qayta-qayta tekshirishlar o‘tkazish holatlari hamda faoliyatiga asossiz aralashuvlar oldi olinadi.
Dasturiy kompleksning ishga tushirilishi moliyaviy nazorat organlari faoliyatini tartibga solish, korrupsion omillarni oldini olish, byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish hamda vertikal nazorat tizimini o‘rnatish imkonini yaratadi.
Byudjet tashkilotlari o‘zlarida o‘tkazilgan davlat moliyaviy nazorati tadbirlari yuzasidan yozma fikrlarini “Davlat auditi” dasturiy ta’minotiga kiritish hamda nazorat tadbirlari yakunlariga baho berish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa nazorat tadbirlari xolisligini, tekshiruvchilarning mas’uliyatini oshiradi.
Manba: O'zA