O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishning dolzarb vazifalari ko‘rib chiqildi
Joriy yilning 12-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Xitoy Xalq Respublikasi (XXR) bilan ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari bo‘yicha videokonferensiya orqali yig‘ilish o‘tkazdi.
Unda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy hokimiyat organlarining rahbarlari hamda O‘zbekiston Respublikasining Xitoydagi diplomatik missiyasi va Bosh konsulliklari rahbariyati ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida O‘zbekiston bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sanoat kooperatsiyasini yanada mustahkamlash, hududlararo munosabatlarni va innovasion tajriba almashishni kengaytirishga oid dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil fevral oyida Xitoyga amalga oshirgan tashrifi chog‘ida erishilgan ikki tomonlama kelishuvlarni sifatli va o‘z vaqtida bajarish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Vazirlik va idoralar rahbarlariga milliy iqtisodiyotni rivojlantirishda Xitoy Xalq Respublikasining sanoat va innotvasion salohiyatidan foydalanish bo‘yicha yangi takliflar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Qisqa muddatda sanoat tarmoqlariga ilg‘or Xitoy sanoat texnologiyalari va innovatsion ishlanmalarini joriy qilish orqali investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha manzilli "Yo‘l xaritalari" ishlab chiqiladi. Shuningdek, Xitoy ishlab chiqaruvchilari bilan sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlari salohiyatini muhokama qilish uchun Xitoyning yetakchi kompaniyalari va ishlab chiqarish xoldinglarini Toshkent Xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishga jalb qilish bo‘yicha tegishli ishlarni olib borish topshirildi.
O‘zaro savdo hajmini yanada oshirish borasidagi sa'y-harakatlarga alohida e'tibor qaratildi. Xitoy importi tarkibini tahlil qilish va uning bozoriga yuqori talabga ega sifatli va raqobatbardosh mahalliy mahsulotlarni yetkazib berish hajmini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi. Texnik jihatdan tartibga solish agentligi rahbariyatiga texnik jihatdan tartibga solish standartlarini uyg‘unlashtirish va mavjud savdo to‘siqlarini bartaraf etish orqali Xitoyga eksportni kengaytirish bo‘yicha alohida "Yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish topshirildi. Shuningdek, chakana savdo qilish uchun maxsus onlayn savdo maydonchalarini yaratish orqali Xitoy bilan savdoni rivojlantirishga e'tibor qaratish topshirildi.
Shuningdek, transport va logistika sohalaridagi hamkorlikni faollashtirish muhimligi qayd etildi. Tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga ikki mamlakat o‘rtasida yuk tashish bilan bog‘liq muammolarni aniqlash va hal qilish, shuningdek, yuborilayotgan yuklarni to‘siqsiz yetkazib berishni ta'minlash maqsadida xitoylik hamkasblari bilan ikki tomonlama ishchi guruhlar tashkil etish topshirildi.
Hududlararo hamkorlikni chuqurlashtirish sohasida alohida ko‘rsatmalar berildi. Jumladan, hududlar rahbarlari tegishli xitoylik sheriklar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borib, qisqa muddatda Xitoy Xalq Respublikasining iqtisodiy rivojlangan viloyatlari va yirik shaharlari bilan investitsiyaviy, sanoat, savdo, innovasion va madaniy-gumanitar hamkorlik bo‘yicha manzilli “Yo‘l xaritalari"ni tuzadilar.
Innovatsiyalar sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga alohida e'tibor qaratildi. Jumladan, Strategik rivojlanish agentligi va Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish agentligi rahbariyatiga Xitoyning ilg‘or tajribalarini jalb qilish va IT sohasi, sog‘liqni saqlash, ta'lim, qishloq xo‘jaligi va boshqa yo‘nalishlarda innovatsion loyihalarni amalga oshirishga doir tadbirlar rejasini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Yig‘ilish kun tartibiga O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik qilishi doirasida rejalashtirilgan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish, jumladan, ShHTning bo‘lajak sammitini o‘tkazish hamda Samarqand shahrida “O‘zbekiston-ShHT” sanoat zonasini tashkil qilish bilan bog‘liq masalalar kiritildi. Tadbirlarning tashkiliy va mazmuniga doir dolzarb vazifalar, shuningdek ular doirasida imzolanishi kutilayotgan ikki tomonlama hujjatlar ustida olib borilayotgan ishlarning hozirgi holati ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish yakunida mutasaddi rahbarlarga ularga yuklatilgan vazifalar doirasida qo‘shimcha ko‘rsatmalar berildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi