O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston Respublikasida chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan dasturni tasdiqlash to‘g‘risida

2022-02-09 | Hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatda chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish hisobiga oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ishlab chiqarishning zamonaviy usullarini keng joriy etish, bu orqali qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish, kooperatsiya munosabatlarini rivojlantirish, chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, mazkur sohada zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanishni tashkil etish maqsadida:

1. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasida chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan dastur (keyingi o‘rinlarda – Dastur) 1-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasida chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan dasturda belgilangan vazifalarni 2022-yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Dastur tegishli davrga mo‘ljallangan maqsadli parametrlar va asosiy yo‘nalishlardan kelib chiqib, har yili Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan “Yo‘l xaritasi” orqali bosqichma-bosqich amalga oshirilishi belgilab qo‘yilsin.

2. Quyidagilar Dasturni amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:

aholini chorvachilik mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash hamda chorvachilik va uning tarmoqlarida ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish, ushbu sohada oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga oid davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini ta’minlash;

chorvachilik sohasida sifat nazoratini kuchaytirish, eksportga yo‘naltirilgan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish, qo‘shilgan qiymat zanjiriga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni nazarda tutuvchi qulay tadbirkorlik muhitini rivojlantirish;

tabiiy resurslardan samarali foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilishni tizimli yo‘lga qo‘yish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanishni nazarda tutuvchi choralarni ko‘rish;

chorvachilik sohasida infratuzilma xizmatlarini yanada rivojlantirish, ularning sifatini yaxshilash va turlarini kengaytirish, ushbu sohaga zamonaviy bozor tamoyillarini keng joriy etish;

chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish tarmog‘ini modernizatsiya qilish, sohani diversifikatsiya qilish va qo‘llab-quvvatlash uchun xususiy investitsiya hamda xorijiy kapital oqimini ko‘paytirish, shuningdek, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish mexanizmlarini joriy qilish;

chorvachilik xo‘jaliklarida mehnat unumdorligini oshirish, mahsulot sifatini yaxshilash, yuqori qo‘shilgan qiymatni yaratishga qaratilgan tarmoq dasturlarini ishlab chiqish samaradorligini oshirish;

chorvachilik va uning tarmoqlarida ilmiy-tadqiqot, ta’lim va maslahat xizmatlarini kengaytirish bilan integratsiyalashgan bilim va ma’lumotlarni tarqatishning samarador shakllarini joriy etish hisobidan ilm-fan, ta’lim, axborot va maslahat xizmatlari tizimini takomillashtirish, ushbu sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish;

chorva mollari mahsuldorligini oshirish va ajratilgan maydonlardan unumli foydalanishni ta’minlash maqsadida bir gektar sug‘oriladigan va lalmi yer maydoni hisobidan ishlab chiqariladigan mahsulotlar me’yorlarini ishlab chiqish.

3. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining “Veterinariya fidoyisi” va “Chorvachilik fidokori” ko‘krak nishonlarini ta’sis etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

4. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bir oy muddatda “Veterinariya fidoyisi” va “Chorvachilik fidokori” ko‘krak nishonlari to‘g‘risidagi nizom loyihalarini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

5. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish maqsadlari uchun 2022-yilda Jahon bankining 300 million AQSH dollari miqdoridagi kredit mablag‘larini jalb etish choralarini ko‘rsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga:

Dasturni o‘z vaqtida va samarali ijro etilishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish;

amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida vazirlik va idoralar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar hokimlarining axborotlarini har chorakda Senat, Qonunchilik palatasi va tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda xalq deputatlari viloyat Kengashlarining majlislarida eshitib borilishini ta’minlash tavsiya etilsin.

7. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda ushbu qarorning mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalari ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlasin.

8. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

      Prezidenti                                                                                        Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2022-yil 8-fevral

Manba: O'zA

Поделиться