O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Akademik Turg‘unpo‘lat Daminov vafoti munosabati bilan hamdardlik

2022-02-08 | Siyosat

Akademik Turg‘unpo‘lat Daminov
 
O‘zbekiston ilm-fani og‘ir judolikka uchradi.
 
Taniqli olim, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Turg‘unpo‘lat Daminov 2022-yilning 6-fevral kuni 81 yoshida vafot etdi.
 
T.Daminov 1941-yil 25-aprelda Toshkent shahrida tug‘ildi.
 
1964-yil Toshkent davlat tibbiyot instituti (hozirgi Tibbiyot akademiyasi)ni tugatib, mehnat faoliyatini mazkur oliy ta'lim muassasasida stajyor-tadqiqotchilikdan boshladi. Keyinchalik aspiranturada tahsil oldi. Dastlab nomzodlik, so‘ngra doktorlik dissertasiyalarini himoya qildi.
 
2000-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi etib saylandi.
 
Zahmatkash olim o‘zining qariyb 60 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Toshkent davlat tibbiyot instituti dosenti, kafedra mudiri, rektori, Toshkent pediatriya ilmiy-tekshirish instituti direktori lavozimlarida samarali mehnat qildi. Toshkent tibbiyot akademiyasida yoshlarga saboq berib, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo‘shdi.
 
T.Daminov o‘z ilmiy faoliyatida induktorlarni bolalar kasalliklariga tatbiq etishga alohida e'tibor qaratdi. Xususan, ko‘p yillik izlanishlaridan so‘ng yangi turdagi benzonal induktor amaliyotda qo‘llana boshlandi. Natijada, o‘tkir va davomli gepatit kasalligining surunkali shaklga o‘tmasligini ta'minlab beradigan asosiy preparat davolash jarayoniga samarali joriy etildi.
 
T.Daminov 6 ta darslik, 14 ta monografiya, 45 dan ziyod ilmiy-uslubiy qo‘llanma va tavsiyanomalar, o‘nlab maqolalar muallifidir.
 
Uning bevosita rahbarligida 21 ta fan doktori va 45 ga yaqin fan nomzodlari tayyorlangan.
 
T.Daminov mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy hayotida ham faol ishtirok etib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati sifatida samarali faoliyat olib bordi.
 
Akademik T.Daminovning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish yo‘lidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib e'tirof etildi. U “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan shifokor” faxriy unvoni, “Do‘stlik” va “El-yurt hurmati” ordenlari bilan mukofotlangan edi.
 
Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Turg‘unpo‘lat Obidovich Daminovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
 
 
 
Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva,
 
N.Ismoilov, A.Aripov, B.Yo‘ldoshev

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Поделиться