O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Harakatlar strategiyasi bilan besh yil: islohotlar sarhisobi
2022-02-08 | Siyosat
Harakatlar strategisi – besh yoshda. 2017-yilning 7-fevralida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan 2017–2021-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning besh ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi qabul qilindi.
Harakatlar strategiyasidan ko‘zlangan asosiy maqsad – islohotlar samaradorligini tubdan oshirish, davlat va jamiyatning har tomonlama va jadal rivojlanishini ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratish, mamlakatni modernizatsiya qilish va hayotning barcha sohalarini erkinlashtirishdan iborat edi.
2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida davlat va jamiyatda sodir bo‘lgan kuchli modernizatsiya jarayoni barcha sohada jadal sur’atlarda yuksalishni yuzaga keltirdi. Bu dunyo hamjamiyatining ham yuksak e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Harakatlar strategiyasi besh bosqichda, yurtimizda yillarga beriladigan nomlardan kelib chiqib, har bir yil bo‘yicha Davlat dasturlari qabul qilingan holda amalga oshirilib kelindi.
Xususan, davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish haqida so‘z borganda, muhim siyosiy jarayon – Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan parlamentga Murojaatnoma yo‘llash instituti joriy etilganini alohida qayd etish lozim.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tizimi isloh qilinib, ularning faoliyatida samaradorlikni oshirish, davlat tomonidan tartibga solishning zamonaviy bozor mexanizmlarini joriy etish, davlat organlarida sohaga oid bo‘lmagan vazifalarni qisqartirish, ular faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng tatbiq qilish ustuvor vazifa sifatida belgilab olindi.
Ta’kidlash joizki, qonun ijodkorligi faoliyati sifatini tubdan oshirish davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning muhim yo‘nalishi hisoblanadi. Normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilishning yangi, demokratik shakllarini joriy etish, qonun loyihalarini keng jamoatchilik vakillari va ekspertlar doirasida muhokamalardan o‘tkazish, shuningdek, qonun loyihalarining xalqaro shartnoma va reytinglarga mosligini o‘rganishga ustuvor ahamiyat berildi.
Shuningdek, «Parlament nazorati to‘g‘risida»gi qonunga asosan, o‘tgan davrda deputatlarning joylarda o‘tkazgan o‘rganishlari, saylov okruglarida o‘z saylovchilari bilan uchrashuvlari davomida fuqarolarning murojaatlarida ko‘tarilayotgan dolzarb muammolar yuzasidan davlat organlari hamda xo‘jalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtai nazarini bayon etish talabi bilan 2017–2021-yillarda jami 1 630 ta deputat so‘rovi yuborildi. Undan tashqari, 2018–2021-yillar davomida Qonunchilik palatasi majlislarida Hukumat vaa xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining qonunda belgilangan vakolatlari doirasida hamda o‘z faoliyatiga doir masalalar yuzasidan jami 76 marotaba axboroti eshitildi.
So‘nggi yillarda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga parlament so‘rovini yuborish institutidan foydalanish natijadorligi ham sezilarli ravishda oshdi. Bunda parlament nazorati ob’ektlari doirasi kengaytirilib, xo‘jalik boshqaruvi organlari faoliyati ham qamrab olindi. 1991–2016-yillarda Qonunchilik palatasi 6 ta so‘rov, 2004–2016-yillar mobaynida Oliy Majlis Senati tomonidan 7 ta so‘rov yuborilgan. 2017–2021-yillar davomida esa, jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar, joylarda aholi bilan uchrashuvlar va sayyor qabullar hamda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan Oliy Majlis senatida bu ko‘rsatkich 35 tani tashkil qilib, so‘rovlar soni 5 barobarga, Qonunchilik palatasi so‘rovlari soni 56 tani tashkil qilib, deyarli 8 barobarga ortdi.
Qayd etish lozimki, so‘nggi yillarda joylardagi tizimli muammolarni o‘z vaqtida hal etish hamda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar holati bilan yaqindan tanishish maqsadida quyi palata majlislarida hukumat a’zolarining deputatlar savollariga javoblarini eshitish – «hukumat soati» instituti joriy qilindi. Xususan, 2018–2021-yillarda 30 marotaba «hukumat soati» o‘tkazilib, ularda hukumatning 41 nafar a’zosi deputatlar savollariga javob berdi. Eng muhimi, 2021-yildan boshlab o‘tkazilgan «hukumat soati» tadbirlari Qonunchilik palatasining «Youtube» hamda «Facebook»dagi rasmiy sahifalarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.
Shu o‘rinda, 2017-yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalari tashkil etilganini ta’kidlab o‘tish joiz. 2017–2021-yillarda Prezident Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan 5 mln. 780 mingdan ziyod murojaatlar ko‘rib chiqildi, shundan 3 mln. 288 mingdan ortig‘i qanoatlantirildi. Murojaatlarning to‘liq, o‘z vaqtida va qonuniy o‘rganib chiqilishi natijasida ularni qanoatlantirish darajasi ham yil sayin oshib bormoqda. Xususan, bu ko‘rsatkich 2017-yilda 47,5 foiz, 2018 yilda – 53,9, 2019-yilda – 60,9, 2020 yilda 60,4 foiz bo‘lsa, 2021-yilda 86,7 foizni tashkil etdi.
Bugun, davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish, davlat xizmatining tashkiliy-huquqiy asoslarini rivojlantirish, davlat xizmatlari sifati va samarasini oshirish, jamoatchilik nazorati mexanizmlarini amalda tatbiq etish, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari rolini kuchaytirish yo‘nalishidagi tub o‘zgarishlar xalqimiz hayotida o‘z aksini topmoqda.
Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishda sudlarni «adolat qo‘rg‘oni»ga aylantirish, jumladan, Oliy sud faoliyatini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Oliy sud va Oliy xo‘jalik sudi birlashtirilib, Oliy sud faoliyati takomillashtirildi, sudya lavozimida bo‘lishning ilk marotaba besh yillik, keyin o‘n yillik muddati va muddatsiz davri belgilandi, sud tomonidan jinoyat ishini qo‘shimcha tergovga qaytarish instituti bekor qilindi. Fuqarolik ishi bo‘yicha sud qarorini nazorat tartibida qayta ko‘rib chiqish imkoniyatini beruvchi muddat 3 yildan 1 yilga qisqartirildi.
Sudyalikka hayot tajribasiga ega shaxslarni tayinlash maqsadida ilk marotaba tavsiya etiladigan nomzodlar uchun sudyalikka nomzodning yoshi kamida 35 yosh etib belgilandi. Sudyalikka nomzodlarni tanlov asosida tanlab olish mexanizmi joriy etildi. O‘tgan davr mobaynida sudyalarning umumiy soni qariyb 30 foizga oshdi, natijada sudyalar korpusi kuchaytirildi.
Sudyalar daxlsizligini ta’minlash va korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha sud inspeksiyasi tashkil etildi. Sud tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari tatbiq qilinmoqda.
2017–2021-yillarda inson huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha muhim qadamlar tashlandi. Jumladan, mamlakat aholisi uchun uzoq yillardan buyon og‘riqli masala bo‘lib kelgan «propiska» tizimi tubdan isloh qilindi. Fuqarolik berish tartibining soddalashtirilishi natijasida 2018–2021-yillarda 70 mingdan ortiq shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilindi.
Byurokratik to‘siqlarni kamaytirish yo‘lida jismoniy shaxslar uchun bojxona hududiga kirib kelish va uni tark etish bo‘yicha «yashil» va «qizil» yo‘lak tizimi amaliyotga tatbiq etildi. Avvallari O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelishda yo‘lovchi bojxona nazoratidan o‘tish uchun o‘rtacha 2 soatgacha vaqt sarflagan bo‘lsa, endilikda o‘rtacha 30 daqiqadan 1 soatgacha vaqt ichida chegara va bojxona nazoratini tark etishi mumkin.
Uzoq yillar davomida mamlakat uchun tamg‘a bo‘lib kelgan Jasliq jazoni ijro etish koloniyasi tugatildi. Qiynoqlarning oldini olish masalasiga davlat rahbari tomonidan alohida e’tibor qaratilib, bu borada 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 5 ta farmoni va 6 ta qarori qabul qilindi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan afv etish tizimi yo‘lga qo‘yildi. 2017–2021-yillarda jazo muddatini o‘tayotgan 6 mingga yaqin mahkumga nisbatan afv etish aktlari qo‘llanildi.
Sud ishlarini yuritishda nazorat instansiyasi tugatildi. Sud tizimida ortiqcha sud bosqichlarini bekor qilish orqali «Bir sud – bir instansiya» tamoyili joriy etildi.
O‘tgan 5 yilda 3 513 nafar, faqat 2021 yilning o‘zida 743 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi. Shuningdek, 18 026 nafar shaxs sud zalidan ozod qilinib, 33 515 fuqaroga nisbatan asossiz qo‘yilgan moddalar ayblovlardan chiqarildi yoki o‘zgartirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Unda korrupsiyaga qarshi kurash institutsional va tizimli ravishda amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis palatalarida Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tashkil etildi.
2018–2021-yillarda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning davlat va jamiyat boshqaruvidagi rolini oshirish bilan bog‘liq 2 ta qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 6 ta farmon va qarori, Hukumatning 16 ta qarori qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi tashkil qilindi. Ayol senatorlarning soni qariyb 30 foizga, deputat ayollar soni esa 50 foizga o‘sdi.
Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini himoya qilish tizimi takomillashtirilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman) instituti joriy etildi.
Harakatlar strategiyasining iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish yo‘nalishida o‘tgan 5 yil davomida asosiy iqtisodiy islohotlar makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, inflyatsiya darajasi, soliq yukini kamaytirish va soddalashtirish, iqtisodiyot tarmoqlarini diversifikatsiya qilish, biznesga qulay muhit yaratish, infratuzilmani takomillashtirish, qishloq xo‘jaligi, iqtisodiy integratsiya, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish kabi islohotlar jadal sur’atlarda olib borildi.
Xususan, Harakatlar strategiyasi doirasidagi islohotlar natijasida barchaga teng va erkin raqobat sharoiti yaratildi. Ortiqcha yig‘imlarni bekor qilish va soliq stavkalarining normallashtirilishi tufayli tadbirkorlik sub’ektlari uchun soliq yuki kamaytirildi. Bunda, mol-mulk, daromad va ijtimoiy soliq stavkalari 2 barobar pasaytirildi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i 20 foizdan 15 foizga tushirildi.
So‘nggi yillarda tadbirkorlikka keng yo‘l ochildi. Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini rejadan tashqari va muqobil tekshirish bekor qilindi, tadbirkorlikni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibotlari soni, ro‘yxatdan o‘tish uchun ketadigan vaqt qisqartirildi. Yana bir muhim jihat – rejali tekshiruvlar, shuningdek, 42 Turdagi faoliyatga litsenziyalar va ruxsatnomalar berish bekor qilindi.
O‘z navbatida, 2017–2021-yillarda Harakatlar strategiyasi doirasida sanoatning yetakchi tarmoqlari (to‘qimachilik, elektrotexnika, avtomobil sanoati, qurilish materiallari sanoati, kimyo va neft-kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, energetika kabi tarmoqlar)nirivojlantirish strategiyalari qabul qilindi.
Ta’kidlash joizki, maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirib, tadbirkorlikni rivojlantirishning zamonaviy, qulay va samarali usuliga aylanib bormoqda.
So‘nggi yillarda respublikamizning barcha hududlarida faol tashkil etilayotgan bunday iqtisodiy maydonlar import qilinayotgan mahsulotlarni mahalliylashtirish, joylarda eksport salohiyatini oshirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali aholi bandligini ta’minlashda yirik «drayver»ga aylandi.
Ayni paytda O‘zbekistonda 23 ta erkin iqtisodiy zona faoliyat yuritmoqda. Ularda umumiy qiymati 2,6 mlrd. dollarlik 453 ta loyiha amalga oshirilib, 36 mingga yaqin ish o‘rni yaratildi. Erkin iqtisodiy zonalarga xorijiy investorlarni jalb qilish uchun tegishli imtiyoz va preferensiyalar taqdim etildi. Imtiyozlar investitsiya hajmiga bog‘liq bo‘lib:
300 ming AQSH dollaridan 3 mln. AQSH dollarigacha investitsiya kiritilganda – 3 yil muddatga;
3 mln. AQSH dollaridan 5 mln. AQSH dollarigacha investitsiya kiritilganda – 5 yil muddatga;
5 mln. AQSH dollaridan 10 mln. AQSH dollarigacha investitsiya kiritilganda – 7 yil muddatga;
10 mln. AQSH dollari va undan ortiq investitsiya kiritilganda – 10 yil muddatga, keyingi 5 yil mobaynida foyda solig‘i va yagona soliq to‘lovi stavkalari amaldagi stavkalardan 50 foiz past miqdorda qo‘llanilgan holda beriladi.
Shuningdek, yetakchi tarmoqlarga ixtisoslashgan kichik sanoat zonalariнинг samarali faoliyati uchun tegishli infratuzilmalar yaratildi. Hozirda 348 ta kichik sanoat zonasi faoliyat yuritmoqda. Kichik sanoat zonalarida 5 trln. so‘mlik 1497 ta loyiha ishga tushirilib, 36 mingdan ziyod kishining bandligi ta’minlandi. Bu, mazkur tizimni yo‘lga qo‘yish borasida yurtimizda zarur tajriba to‘planganiga dalolatdir.
O‘zbekistonda turizm sohasini tubdan isloh qilish orqali sayyohlik infratuzilmasi rivojlantirildi. Xalqaro sayyohlar soni 2016-yildagi 2 mln.dan 2019 yilda 6,7 mln.gacha ko‘paydi. BMT huzuridagi Jahon turizm tashkiloti (YUNVTO) ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2019-yilda eng yaxshi rivojlanayotgan sayyohlik yo‘nalishiga ega mamlakatlar beshligiga kirdi.
2016–2021-yillarda mahalliy sayyohlarning soni 24 mln.ga yetgan bo‘lsa, xorijliklarning soni qariyb 20 mln. kishini tashkil etdi. Ta’kidlash lozimki, koronavirus pandemiyasi fonida joriy etilgan cheklovlar va ularning natijasida yuzaga kelgan global inqiroz oqibatlari tufayli 2020-yilda O‘zbekistonga 1,5 mln., 2021-yilda esa, 1,7 mln. chet ellik sayyohlar tashrif buyurdi. Vaholanki, 2019-yilda O‘zbekistonga qariyb 7 mln. nafar sayyoh kelgan edi.
2017 yilda boshlangan iqtisodiyotni liberallashtirish va bozor mexanizmlarining rolini oshirishga qaratilgan eng muhim iqtisodiy islohotlardan biri, bu milliy valyuta almashuv kursining bozor mexanizmlari asosida shakllanish tamoyillarini joriy etish orqali ichki valyuta bozorini bosqichma-bosqich liberallashtirilishi bilan bog‘liq amaliy qadamlar bo‘ldi.
Shu bilan birga, amalga oshirildi, jumladan to‘lov tizimlari rivojlantirildi, chet el valyutasini imkoni yaratildi, naqd pul muammosi hal etildi, uzluksiz ishlovchi avtomatlashtirilgan yo‘lga qo‘yildi. Markaziy bank tomonidan taqdim etilgan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda mamlakat bo‘yicha bankomatlar va axborot kiosklarining umumiy soni 11 572 tani tashkil qilmoqda. Shuningdek, 2019–2021-yillarda aholiga xizmat qiladigan valyuta ayirboshlash shoxobchalarining umumiy soni 1 724 tadan 2 664 taga, shu jumladan, «24/7» rejimida ishlovchi avtomatlashtirilgan valyuta ayirboshlash shoxobchalari soni 722 tadan 1 306 tagacha yetkazildi hamda milliy valyutani chet el valyutasiga qulay ayirboshlash imkoniyati yaratildi.
O‘zbekistonning fiskal sohadagi siyosati tubdan o‘zgardi, xususan byudjetning shaffofligi va ochiqligi ta’minlandi, soliqqa tortishni soddalashtirish va takomillashtirish bo‘yicha soliq islohotlari amalga oshirildi, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qator islohotlar amalga oshirildi.
O‘zbekistonning tashqi savdo faoliyatida 2017–2021-yillarda tashqi savdoni liberallashtirish va respublika eksport salohiyatidan samarali foydalanish natijasida ulkan o‘zgarishlar yuz berdi. Xususan, eksport qilinadigan barcha tovarlar va xizmatlar uchun bojxona to‘lovlari bekor qilindi, litsenziyalash va eksport tizimi soddalashtirildi. Tovarlarning 60 foizdan ortiq turlari uchun bojxona to‘lovlarining «nol» darajasi belgilandi. Bojxona to‘lovi stavkasi 6,45 foizgacha pasaytirildi.
Tashqi savdoni yanada erkinlashtirish, jahon bozorida talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar eksportining nomenklaturasini oshirish uchun sharoit yaratildi. Masalan, eksportni rag‘batlantirish maqsadida mahsulotlar uchun oldindan to‘lov tartibi bartaraf etildi va kafillik majburiyatisiz tashqi bozorga mahsulot yetkazib berish tizimi yaratildi. Eskirgan litsenziyalash tartib-taomillari bekor qilindi, eksportchilar uchun soliq imtiyozlari kengaytirildi. Eksport shartnomalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitorlik qarzlarini hisoblashning yagona muddati 120 kungacha uzaytirildi.
Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarni izchil amalga oshirish, iqtisodiy sohalarni yanada rivojlantirish va amalga oshirilgan tarkibiy islohotlar samarasi 2017–2019-yillar davomida iqtisodiyotning barqaror, muvozanatlashtirilgan holda rivojlanishini ta’minladi. Jumladan, mamlakatdagi iqtisodiy o‘sish 2017-yilda 4,4 foizga, 2018 yilda 5,4 foizga, 2019-yilda esa 5,7 foizga barqaror o‘sishi ta’minlandi.
2020-yilda boshlangan global pandemiya sababli vujudga kelgan inqirozning salbiy oqibatlarini yumshatish maqsadida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan (jami qiymati 2,1 mlrd. doll.dan ortiq) iqtisodiy choralar ko‘rildi.
Natijada, 2020 yilning dastlabki III-chorak yakunlari bo‘yicha iqtisodiyot mo‘’tadil darajada o‘sishda (0,4%) davom etib, IV chorakdan iqtisodiyotning aksariyat tarmoqlarida faollik qayd etildi va yil yakuniga ko‘ra iqtisodiy o‘sish 101,9 foizни tashkil etdi.
Qayd etish joizki, O‘zbekiston dunyodagi global pandemiya paytida Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida 2020-yilda iqtisodiyoti o‘sishi qayd etilgan sanoqli davlatlardan biri bo‘ldi.
2021-yilda mamlakatda iqtisodiy faollikni oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilib, olib borilgan iqtisodiy islohotlar natijasida yil yakuniga ko‘ra YAIM o‘sish sur’ati 107,4 foizni tashkil etdi. Jahon bankining 2022-yil yanvar oyidagi prognozlariga muvofiq, 2022–2023-yillarda O‘zbekiston Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi yuqori iqtisodiy o‘sishi kutilayotgan yetakchi davlat sifatida qayd etildi.
O‘tgan 5 yil ichida O‘zbekistonning ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari borasidagi siyosati tubdan o‘zgardi. Xususan, sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirishda ham bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 1 373 ta qishloq vrachlik punkti qisqartirilib, o‘rniga 793 ta qishloq oilaviy poliklinikasi, 441 ta tez tibbiy yordam shoxobchalari hamda kunduzgi statsionarlar ochildi. 306 ta shahar va tuman kasalxonalarida esa yangi ixtisoslashtirilgan poliklinikalar hamda 1 200 ta tez yordam shoxobchasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Viloyatlardagi ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari 14 ta statsionar va mobil raqamli rentgen, 8 ta MRT (1,5 tesla) bilan jihozlangan bo‘lsa, respublika hamda 6 ta hududiy onkologiya muassasasi 6,5 mln. AQSH dollariga teng 2 turdagi 15 ta gamma terapiya uskunalari bilan ta’minlandi.
Maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va yangi bog‘chalarni qurish uchun 2017–2021 yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish Dasturi hamda 2030 yilga qadar maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasini 80,8 foizga yetkazish maqsad qilingan maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish Konsepsiyasi tasdiqlandi.
Amalga oshirilgan islohotlar natijasida bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 27,7 foizdan 62,4 foizga, MTTlar soni 5211 tadan 19316 ga yetkazildi.
Mamlakatda Prezident maktablari, maxsus iqtidorli bolalar maktablari, ijod maktablari va «Temurbeklar maktabi» tashkil etildi. Keng jamoatchilik va ota-onalarning fikr-mulohazalari asosida yurtimizda 11 yillik majburiy maktab ta’limi qayta tiklandi.
Mamlakatda oliy ta’lim tizimini isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, oliy ta’limni modernizatsiya qilish, ilg‘or ta’lim texnologiyalari asosida ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi.
2017–2021-yillarda oliy ta’lim muassasalari soni ikki barobar oshirilib, 2016-yildagi 77 tadan 141 taga yetdi, oliy ta’limga qabul kvotasi ham 3 barobar oshirilib, 28 foizga yetkazildi. 2022- yilda ushbu ko‘rsatkichni 38 foizga yetkazish maqsad qilingan. Yosh ayol-qizlarning ta’lim olishi uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratilib, 3 ming nafardan ortiq qiz uchun alohida grantlar ajratilgani ham ta’kidlab o‘tish maqsadga muvofiq.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar ilm-fan va innovatsiyalarda ko‘plab kamchiliklarni bartaraf etdi, natijada Global innovatsiya indeksi (Global Innovation Index) hisoboti natijasiga ko‘ra, respublika reytingi 29 pozitsiyaga yaxshilandi va 131 mamlakat orasida 93-o‘rinni egalladi.
O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqish, sohadagi muammolarga yechim topish, vakolatli organlar faoliyatini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish maqsadida 2020-yilda davlat organi – Yoshlar ishlari agentligiga asos solindi.
Yoshlar bilan bog‘liq muammolarni hal etish maqsadida, Oliy Majlis Senatida Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tashkil etildi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida esa Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
So‘nggi besh yilda yurtimizning iste’dodli va fidoyi o‘g‘il-qizlaridan 795 nafari davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. Jumladan, 142 nafar yigit «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti, 61 nafar yosh esa «Kelajak bunyodkori» medali, 592 nafari «O‘zbekiston belgisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
2021-yildan e’tiboran yoshlarning «Biznesga birinchi qadam» startap g‘oyalari tanlovi doirasida har bir tuman va shaharda kamida uch nafardan g‘olibga bazaviy hisoblash miqdorining 200 barobarigacha davlat byudjetidan grantlar berish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Yoshlar bandligini ta’minlash, ularning muammolarini hal etishga qaratilgan yangi tizim – «Yoshlar daftari» va «Yoshlar dasturlari» joriy etildi. Tizimni raqamlashtirish, yoshlarga berilayotgan imtiyozlar shaffofligini ta’minlash, joylarda amalga oshirilayotgan ishlarni uch bosqichda monitoring qilib borish imkonini beruvchi «yoshlardaftari.uz» yagona elektron platformasi ishga tushirildi.
Ta’kidlash joizki, aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirish maqsadida, band bo‘lmagan aholiga xizmat ko‘rsatuvchi «Monomarkaz» MCHJ tashkil etildi. bugungi kunda hududlarda 14 ta «Ishga marhamat» monomarkazlari, 30 ta kasb-hunarga o‘qitish markazlari, 11 ta qisqa muddatli kasb-hunarga o‘qitish kurslari, 136 ta mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanlarining faoliyat yuritayotganligi sohadagi islohotlar samarasidir.
Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar borasida ham umumjahon e’tirofiga loyiq islohotlar ro‘y bermoqda.
Xususan, mamlakat mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash maqsadida sohaning normativ huquqiy asoslari takomillashtirildi, jumladan O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi qabul qilindi. Qurolliy Kuchlarning tashkiliy tuzilmasi, jangovar tarkibi va shayligi kuchaytirildi. Yurtimizning mudofaa salohiyati mustahkamlandi, bunda kontrakt asosidagi harbiy xizmatchilarning ulushi 2016-yildagi 37 foizdan, 2021-yilga kelib 68 foizgacha o‘sdi, qo‘shinlarning zamonaviy qurol-yarog‘ bilan jihozlanishi darajasi esa o‘tgan davr mobaynida 5 barobarga oshdi.
Diniy bag‘rikenglikni ta’minlash masalalarida mutlaqo yangicha yondashuv natijasida nafaqat milliy siyosat, balki mazkur sohada xalqaro maydonda ilgari surilayotgan tashabbuslar jahon hamjamiyati tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi. Jumladan, 2018-yilda Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha hisobotdagi «alohida xavotir uyg‘otuvchi» davlatlar ro‘yxatidan chiqarilgan bo‘lsa, muntazam olib borilgan ijobiy o‘zgarishlar natijasida O‘zbekistonning 2021-yildan diniy erkinlik sohasidagi «maxsus kuzatuvdagi davlatlar» ro‘yxatidan ham chiqarilgani demokratik islohotlarning e’tirofi bo‘ldi.
Shuningdek, so‘nggi yillarda mamlakatda diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish chora-tadbirlarini amalga oshirishdagi yondashuvlar konseptual jihatdan qayta ko‘rib chiqildi. Asosiy e’tibor aholi o‘rtasida profilaktika va tushuntirish ishlarini faol olib borishga qaratilib, sa’y-harakatlar «jaholatga qarshi ma’rifat» degan g‘oyaga asoslanmoqda.
Mamlakatda millatlararo totuvlikni ta’minlash borasida chuqur o‘ylangan siyosat natijasida fuqarolar orasida o‘zaro hamjihatlik yanada mustahkamlanib, millatlararo va konfessiyalararo muloqotning mexanizmlari takomillashtirildi hamda fuqarolar erkinliklarini kengaytirishning huquqiy va tashkiliy asoslari mustahkamlanmoqda. Jumladan, Vazirlar Mahkamasi huzurida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tashkil qilindi hamda millatlararo munosabatlar sohasida davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorlik darajasini yanada oshirish maqsadida Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi tasdiqlandi.
O‘zbekistonda millatlararo totuvlik va hamjihatlik sohasida olib borilayotgan islohotlar natijasida millatlararo va dinlararo munosabatlarning yangi modeli yaratilib, 2021 yil yakuniga kelib, do‘stlik jamiyatlari soni 38 ta, milliy madaniy markazlar soni esa 150 taga yetdi.
O‘zbekiston rahbari tashabbusi bilan so‘nggi yillarda mintaqaning barcha davlatlari bilan oliy darajadagi tashriflar almashinuvi yo‘lga qo‘yildi. Markaziy Osiy davlat rahbarlari o‘rtasida ochiq va ishonchli siyosiy muloqotning mustahkamlanishi natijasida mintaqadagi qo‘shnilar bilan munosabatlarda 2016 yilgacha mavjud bo‘lgan ko‘plab murakkab muammolarga yechim topildi.
2017–2021-yillar davomida qo‘shni davlatlar bilan faol muzokaralar natijasida O‘zbekiston Respublikasining davlat chegarasi delimitatsiya jarayoni keskin jadallashdi – 2021 yilgacha kelib umumiy chegara bo‘yicha 95,5%, O‘zbekiston–Tojikiston 99% dan ziyod va O‘zbekiston–Qirg‘iziston davlat chegarasi 80% dan ziyod delimitatsiyasi amalga oshirildi.
Shuningdek, qo‘shni davlatlar bilan savdo-iqtisodiy, sanoat-ishlab chiqarish sohalaridagi aloqalarimiz izchil rivojlanib bormoqda. Xususan, 2017–2021-yillar davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo aylanmasi yillik o‘rtacha 50 foizdan ko‘proqqa o‘sib, mintaqaviy savdoning umumiy hajmi 5 milliard dollardan oshdi.
Bundan tashqari, so‘nggi yillarda O‘zbekiston tashqi siyosatining eng muhim yo‘nalishlarida salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Xususan, Shavkat Mirziyoyev ilk bor O‘zbekiston Prezidenti sifatida BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida nutq so‘zladi. Prezidentning BMT Bosh Assambleyasi sessiyalarida ilgari surilgan tashabbuslar natijasida – Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvi, Afg‘oniston bo‘yicha Toshkentda xalqaro konferensiya tashkil etildi, BMT Bosh Assambleyasining «Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash» rezolyutsiyasi, «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» deb nomlangan maxsus rezolyutsiya qabul qilindi hamda BMT shafeligida Orolbo‘yi mintaqasida inson xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘p tomonlama Trast fondi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, joriy yilda BMT Bosh Assambleyasining Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish bo‘yicha maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi. Bular O‘zbekiston ilgari surayotgan tashabbuslarning xalqaro miqyosda keng qo‘llab-quvvatlayotganiga yorqin dalildir.
Qolaversa, O‘zbekiston tomonlar o‘rtasidagi muloqotga ko‘maklashib, Afg‘onistondagi tinchlik jarayonini qo‘llab-quvvatlash va ilgari surishda faol ishtirok etmoqda, shuningdek Afg‘oniston iqtisodiyotini tiklash va ushbu mamlakatni mintaqaviy hamda xalqaro savdo-iqtisodiy munosabatlarga jalb qilishga yordam beradigan muhim iqtisodiy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirmoqda. Ular qatorida transafg‘on transport yo‘lagi, qiymati 100 mln. AQSH dollari bo‘lgan «Surxon – Puli Xumri» elektr uzatish tarmog‘i, qiymati 75 mln. AQSH dollarini tashkil qiluvchi «Termiz xalqaro savdo markazi» hamda Termiz shahrida tashkil qilingan Afg‘oniston talabalarini o‘qitish ta’lim markazi va afg‘on xalqiga Xalqaro gumanitar yordam yetkazish kabi ishlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonning turli qit’alardagi ko‘plab davlatlar va davlat uyushmalari bilan munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, Rossiya, Xitoy, AQSH, Turkiya, Yevropa, Yaqin Sharq, Janubiy–Sharqiy Osiyo va boshqa mintaqalardagi hamkor mamlakatlari bilan munosabatlari deyarli barcha sohalarda sezilarli darajada mustahkamlandi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston ochiq tashqi siyosatini jadal ilgari surishni boshlashi bilan mamlakat yetakchi davlatlar bilan «Markaziy Osiyo + Rossiya Federatsiyasi», «Markaziy Osiyo + Xitoy Xalq Respublikasi», «S5+1» (AQSH), «Markaziy Osiyo+Yaponiya», «Markaziy Osiyo+Koreya Respublikasi», «Markaziy Osiyo + Yevropa Ittifoqi» hamkorligi doirasida mintaqaviy muloqotning turli formatlarini rivojlantirishda faol ishtirok etmoqda. Bunday formatlarning paydo bo‘lishi xalqaro munosabatlar arxitekturasi, siyosiy va iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlikning global jarayonlari, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik tizimini shakllantirishda Markaziy Osiyoning ahamiyati va roli oshib borayotganligini ko‘rsatadi.
Zero, Prezident Shavkat Mirziyoyev aytganidek, «Biz bundan buyon ham tashqi siyosatimizni olib borishda O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasida belgilangan strategik vazifalar va ustuvor yo‘nalishlarga tayanamiz. Biz o‘zimiz tanlagan, tinchlikparvarlikka asoslangan, yuzaga keladigan ziddiyat va qarama-qarshiliklarni faqat tinch, siyosiy vositalar bilan hal etishga qaratilgan yo‘lga doimo sodiqmiz».
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida yurtimizda ulug‘ niyatlar bilan poydevori qo‘yilayotgan Yangi O‘zbekiston zamirida buyuk tarix yaratilmoqda. Bu olamshumul samaralar kelgusi avlodlarga munosib meros qoldirishga xizmat qilishiga, aslo shubha yo‘q.
Manba: O'zA