O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tadbirkorlik subyektlarini ekstremal sport va zamonaviy tog‘ turizmini rivojlantirishga chorlaymiz!
2022-02-06 | Turizm
Turizm va sport vazirligi tadbirkorlar hamda ishbilarmonlarni ekstremal sport va zamonaviy tog‘ turizmini rivojlantirishga chorlaydi!
Mamlakatimizda o‘zining xilma-xil tabiati, qulay ob-havosi tufayli tog‘ sportining barcha turlari bilan muntazam shug‘ullanish hamda ekstremal turizmini rivojlantirish uchun imkoniyat yaratilgan.
Bugungi kunda O’zbekistonda tog‘ turizmi shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Jumladan, so‘nggi ikki yil ichida umumiy uzunligi 6 kilometrni tashkil etuvchi “Amirsoy” tog‘-chang‘i kurortining dor yo‘li ishga tushirildi.
2022-yilning birinchi yarim yilligida “Chinorkent” dor-yo‘li o‘z faoliyatini boshlashi rejalashtirilgan. Beldirsoy dam olish maskani esa qayta rekonstruksiya qilinib, yangi, zamonaviy dor yo‘li ishga tushiriladi. Shuningdek, Chimyon maskanida yangi tog‘-chang‘i kurorti bunyod etilishi belgilangan.
Bo’stonliq tumanida tog‘ turizmi yo‘nalishini yanada rivojlantirib, uni yangi bosqichga olib chiqish, ekstremal sport va zamonaviy tog‘ mashg‘ulotlarini keng tatbiq etish hamda shu orqali tadbirkorlarga ko‘maklashish ko‘zda tutilgan. Ushbu maqsadlarda dor yo‘li, rafting, rope-bungee jumping, zipline, canyoning, paraplan mashg‘ulotlari uchun maqbul bo‘lgan yer maydonlari, tadbirkorlar takliflarini inobatga olingan holda, belgilangan tartibda ochiq auksion savdolariga chiqarilishi rejalashtirilgan.
Yuqorida taʼkidlangan tog‘ turizmi, sport va ekstremal mashg‘ulotlarni yo‘lga qo‘yishda tashabbus ko‘rsatgan tadbirkorlar quyidagi maʼlumotlarni Turizm va sport vazirligining info@motas.uz elektron pochtasiga yuborishlari talab etiladi:
1. Tavsiya qilinayotgan loyiha to‘g‘risida batafsil maʼlumotlar aks ettirilgan taqdimot (PDF formatida);
2. Loyiha uchun talab etiladigan yer maydoni hamda uning joylashuvi;
3. Tashabbuskorning tegishli sohadagi va/yoki shunga o‘xshash loyihalarni amalga oshirishdagi ish tajribasi to‘g‘risida maʼlumot.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi