O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston-Germaniya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi maslahatlashuvlar to‘g‘risida
2022-02-04 | Siyosat
Berlin shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Germaniya Federativ Respublikasi Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasi bo‘lib o‘tdi.
Oʻzbekiston delegatsiyasiga Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Gʻayrat Fozilov boshchilik qildi. Germaniya tomonidan Germaniya tashqi ishlar vazirligining Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Matias Lyuttenberg boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Maslahatlashuvlar chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari, xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Siyosiy muloqotni mustahkamlash, parlamentlararo muloqotni kengaytirish, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Jahon va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.
M.Lyuttenberg Germaniya tomoni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashi va Berlinning O‘zbekiston tomoni bilan hamkorlikni har tomonlama mustahkamlashga tayyorligini bildirdi.
Maslahatlashuvlar doirasida Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligini (6-mart) nishonlash, oʻzaro hamkorlik mexanizmlari tartibini faollashtirish, turli darajadagi oʻzaro tashriflarni tashkil etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar kelishib olindi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi