O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududlarini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, fuqaro muhofazasi va yong‘in xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha 2021-yilda bajarilgan ishlar yakuni va 2022-yildagi asosiy vazifalar
2022-01-31 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimining (keyingi o‘rinlarda - FVDT) 2021-yildagi asosiy faoliyati aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, fuqaro muhofazasi va yong‘in xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni samarali tashkil etish va amalga oshirish, FVDT boshqaruv organlari hamda kuch va vositalarining tayyorgarligini oshirish hamda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq epidemik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha tadbirlarga qaratildi.
FVDT tomonidan 2021-yil uchun asosiy tadbirlar rejasiga muvofiq qator tadbirlar amalga oshirildi.
Jumladan, FVDTga kiruvchi vazirlik va idoralar tomonidan gidrotexnik inshootlar, suv omborlari va sel-suv omborlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariyalar va favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha bajarilayotgan ishlar sifatiga baho berish maqsadida respublikadagi jami 73 ta suv va sel-suv omborlari o‘rganib chiqildi.
Shuningdek, gidrometeorologik va geologik xavfli hududlarda yashovchi 71 ta xo‘jalik 364 nafar fuqarodan 24 ta xo‘jalik 115 nafar fuqaro vaqtinchalik va 18 ta xo‘jalik 100 nafar fuqaro doimiy yashash uchun xavfsiz hududlarga ko‘chirildi. Bunday hududlarda yashovchi va doimiy ko‘chirilishi lozim bo‘lgan Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod, Yakkabog‘ va Shaxrisabz tumanlaridagi 15 ta xo‘jalik 94 nafar fuqaro, Namangan viloyatining Kosonsoy va Pop tumanlaridagi 8 ta xo‘jalik 28 nafar fuqaro, Toshkent viloyatining Olmaliq shahridagi 2 ta xo‘jalik 11 nafar fuqaro, Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanidagi 4 ta xo‘jalik 16 nafar fuqaroni doimiy ko‘chirish choralari ko‘rildi.
Qirg‘oq mustahkamlash orqali muhofaza qilinishi lozim bo‘lgan 418 ta xo‘jalik 1 346 nafar fuqarodan 301 ta xo‘jalik 901 nafar fuqaro (Qashqadaryo viloyatida 277 ta xo‘jalik 786 nafar fuqaro va Toshkent viloyatida 24 ta xo‘jalik 115 nafar fuqaro) sel, toshqin suvlaridan muhofaza qilinib, ularga bo‘lgan xavf bartaraf etildi.
Mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, tegishli vazirliklar, idoralar hamda tashkilotlar hamkorligida xavfli hududlardagi daryolar, soylar va kanallar o‘zanlarini tozalash, qirg‘oq va dambalarni mustahkamlash maqsadida, 151 ta maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkazilib, ularda 44,8 ming m3 tuproq ishlari, 43,2 ming m3 qum-shag‘al ishlari, 2631,7 m3 beton ishlari bajarildi hamda ichki ariqlar va magistral kanallar tozalandi.
Farg‘ona vodiysini respublikaning boshqa hududlari bilan bog‘lovchi A-373 “Toshkent-O‘sh” avtomobil yo‘li va “Angren-Pop” elektrlashtirilgan temir yo‘lining “Qamchiq” dovonidan o‘tuvchi qismida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish uchun mas'ul vazirliklar va idoralar tomonidan 6,5 ming m3 kyuvet tozalash, 865 ming m3 tuproq va shag‘al ishlari bajarilib, 1,6 ming m3 gabion setkalarni qurish, qor ko‘chkisini to‘sib qoluvchi moslamalarni ta'mirlash, “Qamchiq” va “Rezak” tonnellarida favqulodda vaziyat ro‘y berganligi haqida xabar berish uchun 134 dona ovozkuchaytirgich o‘rnatish ishlari bajarildi.
Davlat nazorati tadbirlari doirasida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Innovasion rivojlanish vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Veterinariya
va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda ularning hududiy tuzilmalari, Buxoro, Toshkent va Sirdaryo viloyatlari FVDqTning favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha tayyorgarlik holati tekshirilib, uslubiy yordam ko‘rsatildi.
Bundan tashqari, 2021-yil 29-31 mart kunlari Qashqadaryo viloyati boshqaruv organlari, FVDT hududiy va funksional qo‘yi tizimlari bilan, 19-21 may kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari boshqaruv organlari va FVDT hududiy quyi tizimining boshqaruv organlari va kuch vositalari bilan hamkorlikdagi qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari o‘tkazildi. O‘tkazilgan o‘quv mashqlari davomida jami 32 ming nafardan ortiq shaxsiy tarkib va 21 mingta maxsus texnikalar jalb etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish bo‘yicha Hukumat komissiyasi va hududiy komissiyalar to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2017-yil 19-iyuldagi 525-son qarori ijrosi yuzasidan hududiy komissiyalar tomonidan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilgan tadbirlar muvofiqlashtirilib, hisobotlari yuritildi.
Shu bilan birga, joylarda tashkil etilgan 665 ta ishchi guruhlar tomonidan tabiiy va suyultirilgan gazdan foydalanishda xavfsizlik qoidalari va talablariga rioya etilishini o‘rganish hamda dudburon va shamollatish tizimlarining texnik holatini ko‘rikdan o‘tkazish davrida respublika hududidagi 2 mln. 895 ming 722 ta yakka tartibdagi turar joylar, 36 ming 213 ta ko‘p kvartirali uylar va ulardagi 1 mln. 212 ming 598 ta xonadonlarda va 7 ming153 ta tadbirkorlik sub'ektlarida o‘rganishlar, shuningdek 24 ming 416 ta ijtimoiy obyektlarda tekshirishlar o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklardan 108 ming 747 tasi bartaraf etilgan.
Shunga qaramasdan, kuz-qish mavsumida sertifikatlanmagan isitish jihozlaridan foydalanish, tabiiy gaz va muqobil yoqilg‘i turlaridan hamda isitish pechlaridan foydalanishda texnika va yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etmaslik, dudburonlardagi nosozliklar, gaz, elektr va issiqlik ta'minoti tizimlarini mavsumga tayyorlash ishlari talab darajasida amalga oshirilmasligi hamda iste'molga yaroqsiz oziq-ovqat mahsulotlarining iste'molga chiqarilishi kabi holatlar favqulodda vaziyatlarning sodir bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, 2021-yilning 1-dekabr holatiga respublika hududida jami 126 ta favqulodda vaziyat (80 ta texnogen, 46 ta tabiiy) sodir bo‘lgan. Sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning asosiy qismini yo‘l-transport hodisalari (31%), aholi uy-joylarida gaz (portlashi) chaqnashi (13,5%), aholining tabiiy, is gazidan va toksik moddalardan zaxarlanish (31,7%), binolar, inshootlar va yer jismlarini qulashi (7,1%), avtomobildagi yong‘in hodisalari (4%) tashkil etgan.
2022-yilda respublikada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar va yong‘inlarning oldini olish, sodir bo‘lganda ularni zudlik bilan bartaraf etish choralarini ko‘rish, shuningdek aholini va rahbarlar tarkibini favqulodda vaziyat(hodisa)larda to‘g‘ri harakat qilishga tayyorlash maqsadida FVDTning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
FVDTni favqulodda vaziyat (noxush hodisa)larga olib kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlar va xavflarni oldindan aniqlagan holda bartaraf etuvchi, aholi hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘ilganda o‘z vaqtida va kompleks yordam ko‘rsatuvchi mobil, zamonaviy va professional tizim sifatida yanada takomillashtirish;
aholi, eng avvalo, ijtimoiy himoyaga muhtoj (bolalar, ayollar va imkoniyati cheklanganlar) aholi qatlamlari bilan muloqotni kengaytirish, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari bilan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish sohasida o‘zaro hamkorlikni ta'minlash;
O‘zbekiston Respublikasi FVV tuzilmasini takomillashtirish, aholi va hududlar xavfsizligiga tahdidlar, tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli xavflar manbalarini hisobga olgan holda, tumanlar va shaharlar miqiyosida kuch va vositalarni samarali taqsimlash, aholi hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘ilganda o‘z vaqtida va sifatli yordam ko‘rsatuvchi turli xizmatlarning tezkor harakatini muvofiqlashtiruvchi mexanizmlar faoliyatini tashkil etish;
favqulodda vaziyat (noxush hodisa)lar sodir bo‘lishi xavfini barvaqt aniqlash maqsadida monitoring, tahlil va prognozlash tizimini takomillashtirish, respublika hududlarini seysmik xavflar, texnogen avariya va halokatlar manbalari bo‘yicha tasniflash; aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishga mas'ul rahbarlar va mansabdor shaxslar tomonidan ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan keng foydalangan holda fuqarolarni favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda harakat qilishga tayyorlash bo‘yicha ishlarni kuchaytirish;
FVDT va FVV uchun mutaxassis kadrlarni tayyorlash bo‘yicha yaxlit tizimni yaratish tadbirlarini davom ettirish;
O‘zbekiston Respublikasida gidrometeorologik jarayonlarga ta'sir ko‘rsatish va seysmomonitoring xizmatlarning moddiy-texnik ta'minotini yaxshilash, o‘quv va ilmiytexnik bazasini takomillashtirish, mutaxassislar va qutqaruvchilarning samarali ishlashi uchun yetarli sharoitlar yaratish; favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish chora-tadbirlarini tashkil qilish va amalga oshirishning barcha bosqichlarida zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng tatbiq etish;
aholini va hududlarni favqulodda vaziyat (yong‘in)lardan muhofaza qilish bo‘yicha davlat ekspertizasi, nazorati, tekshiruvini amalga oshirish; ta'lim muassasalari uchun “Hayotiy faoliyat xavfsizligi” bo‘yicha davlat ta'lim standartlari va o‘quv dastur (mavzu)larini takomillashtirish hamda amalda tatbiq etish;
aholini va hududlarni favqulodda vaziyat(yong‘in)lardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi sohasida huquqiy-me'yoriy hujjatlarni ishlab chiqishni davom ettirish.
Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Fаvqulоddа vаziyatlаr vаzirligi