Markaziy saylov komissiyasida saylov qonunchiligi va shaxsga doir ma'lumotlarni himoya qilish jarayonlarini takomillashtirish yuzasidan tuzilgan ishchi guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ma'lumki, saylovchilar ro‘yxatini tuzilishi - fuqarolarning umumiy, teng, to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqini - xalqaro saylov standartlarini ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyatga ega. Saylovchilarni ro‘yxatga olinishi ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarni identifikasiya qilish hamda ro‘yxatga olish imkonini beradigan asosiy vosita hisoblanadi.
Markaziy saylov komissiyasi rahbariyati, Adliya vazirligi, Davlat personallashtirish markazi, AKT vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralarning mas'ul rahbarlari ishtirok etgan yig‘ilishda saylov qonunchiligini yanada takomillashtirish va fuqarolarning shaxsga doir ma'lumotlari himoyasini ta'minlash uchun tegishli qonun loyihasini ishlab chiqish yuzasidan taklif va tavsiyalari ko‘rib chiqildi.
Ta'kidlash joiz, mazkur hujjat loyihasini ishlab chiqishdan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan turli darajadagi saylovlar davrida saylov uchastka binolariga osib qo‘yiladigan saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolarning shaxsga doir ma'lumotlari xavfsizligini ta'minlash va huquqiy normalarni takomillashtirishdan iborat. Yig‘ilishda qayd etilganidek, qonun loyihasini ishlab chiqishda Avstraliya, Niderlandiya, Ozarbayjon, Rossiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Estoniya, Yaponiya kabi davlatlarda saylovchining shaxsiga oid ma'lumotlar bilan ishlash tajribasiga oid qonunchilik amaliyoti o‘rganilgan.
Avstraliyada saylovchini ro‘yxatga olishda saylovchining familiyasi, ismi va manzili federal saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi. Agar fuqaro o‘ziga yoki oila a'zolari xavfsizligini ta'minlash maqsadida o‘z manzili saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishini istamasa u o‘zining shaxsiy ma'lumotlarini e'lon qilmasdan turib saylovchi sifatida ro‘yxatga olish uchun ariza berishi mumkin.
Niderlandiyada saylov uchastkalarida saylovchilar ro‘yxati tuzilmaydi. Ovoz berish kuniga kamida 14 kun qolganda hokimliklar ro‘yxatga olingan har bir saylovchiga shaxsiy saylov kartasini pochta orqali jo‘natadi, u saylov byulletenini olgandan keyin saylov uchastkasida shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan birga ko‘rsatilishi shart. Ozarbayjonda saylovchilarning doimiy ro‘yxati har yili 30-mayga qadar har bir saylov uchastkasi bo‘yicha uchastka saylov komissiyasi tomonidan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilangan shaklda tasdiqlanadi va ovoz berish kuniga kamida 25 kun qolganida yangilanadi.
Saylov kuni saylovchilar ro‘yxatiga hech qanday qo‘shimcha yoki o‘zgartirish kiritilishi va bosma nashrda e'lon qilish ta'qiqlangan bo‘lib, saylovchilarning ro‘yxati belgilangan tartibda Markaziy saylov komissiyasining tegishli veb-saytiga joylashtiriladi. Bunda saylovchilarning yashash manzillari ko‘rsatilmaydi. Agar saylovchi qasddan bir nechta saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lsa, u Ozarbayjon Respublikasining Ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksiga muvofiq ma'muriy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Rossiya Federatsiyasida fuqaroni ma'lum bir saylov uchastkasi bo‘yicha saylovchilar ro‘yxatiga kiritish uchun uning yashash joyi to‘g‘risida Rossiya Federatsiyasi fuqarolarini ro‘yxatga olish organlari tomonidan saylovchining ushbu saylov uchastkasi hududida belgilangan tartibda qayd etilganligi haqidagi ma'lumoti asos bo‘ladi. Rossiya Federatsiyasida yashash joyiga ega bo‘lmagan saylovchilar Davlat Dumasi deputatlari saylovida Federal saylov okrugida ovoz berish uchun Mobil saylovchi mexanizmidan foydalanishlari mumkin. Yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan saylovchilar esa, agar yashash joyi shu saylov okrugi hududida bo‘lsa, bir mandatli saylov okrugi bo‘yicha ham ovoz beradi.
“Mobil saylovchilar” mexanizmi saylovchilarga ovoz berish kuni uning turgan joyi ro‘yxatga olingan joyiga to‘g‘ri kelmasada va saylov okrugi hududida joylashgan bo‘lsa saylovda ovoz berish imkonini beradi.
Ovoz berish kuni(lar)ida vaqtinchalik yashash joyida bo‘lgan saylovchilar belgilangan tartibga muvofiq saylovchilar ro‘yxatiga kiritish haqida ariza berish huquqiga ega. Saylovchi turgan joyidagi saylovchilar ro‘yxatiga kiritish uchun "Davlat xizmatlari" portali orqali yoki hududiy saylov komissiyasiga yoxud davlat va kommunal xizmatlar ko‘rsatishning ko‘p funksional markazi orqali ariza berishi mumkin. Qirg‘izistonda saylovchilar ro‘yxati saylov uchastkalarining chegaralarini hisobga olgan holda Aholi yagona davlat reestriga kiritilgan shaxsiy ma'lumotlar (shu jumladan biometrik ma'lumotlar) asosida tuziladi. Aholining yagona davlat reestrini shakllantirish, saqlash va yangilash vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
Har bir saylovchi saylovchilarning dastlabki ro‘yxatida xato yoki noaniqlik aniqlangan taqdirda, ovoz berish kuniga kamida 15 kalendar kun qolganda tegishli uchastka saylov komissiyasiga tasdiqlovchi hujjatlar nusxasini ilova qilgan holda ariza bilan murojaat qilishga haqli, bunda saylovchi biometrik identifikasiyadan o‘tadi. Har bir saylov uchastkasi bo‘yicha saylovchilarning qog‘ozdagi yakuniy ro‘yxatining osib qo‘yish uchun mo‘ljallangan ikkinchi nusxasida yakuniy ro‘yxatga kiritilgan saylovchilarning yashash joyi to‘g‘risidagi ma'lumotlar bo‘lmasligi kerak.
Saylovchilarning yakuniy ro‘yxatlarida mavjud bo‘lgan shaxsiy ma'lumotlarga tegishli ma'lumotlarni tuzatish, nusxa ko‘chirish, e'lon qilish yo‘li bilan oshkor qilish qonun hujjatlarida nazarda tutilgan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Qozog‘iston Respublikasida fuqaroning saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishi uchun saylovchilarning saylov uchastkasi hududidagi yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinganligi asos bo‘ladi, fuqarolarini yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishni amalga oshirishga vakolatli organlar adliya organlari hisoblanadi.
Estoniyaning aholi reestrining nazoratchisi aholi ro‘yxati ma'lumotlari asosida saylovchilar ro‘yxatini tuzishni tashkil etadi va uni saylov kuniga 25 kundan kechiktirmay Davlat saylov komissiyasiga yuboradi. Aholi reestrining nazoratchisi saylovga kamida 10 kun qolganida saylov to‘g‘risidagi axborot varaqasini tayyorlash va yuborishni tashkil etadi. Ma'lumot varaqasi elektron shaklda Estoniya ma'lumotlar portalidan ro‘yxatga o‘tgan yoki aholi ro‘yxatiga kiritilgan elektron pochta manziliga ega saylovchilarga yuboriladi. Ushbu davlat qonunchiligida saylovchilar ro‘yxatini uchastka binosida osib qo‘yish tartibi mavjud emas.
Yaponiyada aktiv saylov huquqini ro‘yobga chiqarishning asosiy sharti saylovchining saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishi hisoblanadi. Yaponiyada saylovchilar ro‘yxatini davriy tuzib borilishi majburiy hisoblanadi.
Saylovchining shaxsiy ma'lumotlarini tekshirish har chorakda – mart, iyun, sentyabr va dekabrda hamda har bir saylovdan oldin amalga oshiriladi. Saylovchilar ro‘yxati munisipal saylov komissiyalarida tayyorlanadi va saqlanadi.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan shuningdek saylovchilar ro‘yxatini aniq yuritish maqsadida saylovchilar ro‘yxatiga o‘zgartirish kiritish muddatini to‘xtatishning optimal muddatlari ham o‘rganilmoqda.
Bu haqda so‘z yuritganda, saylovchilar yagona elektron ro‘yxatiga o‘zgartirishlar kiritishni saylovga bir necha kun qolganida to‘xtatish tajribasi xorijiy mamlakatlar qonunchiligida keng qo‘llanilishini ko‘rish mumkin.Jumladan, Litvada saylovchilar ro‘yxati saylovga 7 kun qolganida yopiladi, Fransiyada - 5 kun qolganida, Janubiy Koreya va Shvesiyada – 12 kun qolganida, Daniyada-15 kun qolganida, Germaniyada – 16 kun qolganida, Latviyada -18 kun qolganida yopiladi.
MSK bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda, xorijiy davlatlar saylov qonunchiligiga asoslangan holda O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 28-moddasini – “Saylovchilarning dastlabki ro‘yxatidan saylov komissiyalari mazkur uchastka hududida yashovchi aholini uyma-uy aylanib chiqish yo‘li bilan aniqlashtirish uchun foydalanadi. Ushbu ro‘yxatni rasmga olish, video tasvirga tushirish yoki boshqa yo‘llar bilan ko‘paytirish va tarqatish, shu jumladan internet tarmog‘i va ijtimoiy tarmoqlarga barcha tanishishi mumkin tarzda, ochiq joylashtirish taqiqlanadi” degan norma bilan to‘ldirish, shuningdek, Saylov kodeksining 29-moddasini “Uchastka saylov komissiyasi binosida saylovchilar ro‘yxati hamma tanishib chiqishi uchun qulay bo‘lgan stendlarga osib qo‘yiladi. Bunday ro‘yxatda saylovchilarning yashash joyi manzili ko‘rsatilmaydi” degan norma bilan to‘ldirish taklif etildi”.
Tadbirda mazkur hujjat loyihasi uchun bildirilgan takliflar va tavsiyalar o‘rganilib tez fursat ichida jamoatchilik muhokamasiga kiritish vazifasi belgilab olindi.
Manba: Markaziy saylov komissiyasi