O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
24-yanvar – xalqaro taʼlim kuni
2022-01-24 | Ta’lim
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi taʼlimning tinchlik va taraqqiyot yoʻlidagi ahamiyatini eʼtirof etgan holda oʻzining 2018-yil 3-dekabrdagi rezolyutsiyasi bilan 24-yanvarni “Xalqaro taʼlim kuni” deb eʼlon qilgan edi. Bu yil dunyo jamoatchiligi mazkur Xalqaro kunni toʻrtinchi bor nishonlamoqda.
Mazkur bayram yosh hisoblansada, ahamiyati juda ham cheksiz. Uning nishonlanishi nafaqat insoniyatning ilm-maʼrifatga tashnaligini eʼtirof etish, balki dunyo davlatlari hukumatlari va jamiyatlari eʼtiborini taʼlim sohasidagi mavjud muammolarga, shu jumladan, savodsizlikni bartaraf etish, turli mintaqalarda yaxlit taʼlim dasturlari ishlab chiqish va amalga oshirish kabi masalalarga qaratishni maqsad qilgan.
BMT maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunda butun dunyoda 258 million nafar bola va oʻsmir hali ham maktabga borish yoki uni tamomlash imkoniga ega emas. 617 million bolalar esa oʻqish va matematikaning elementar koʻnikmalaridan ham bexabar, toʻrt millionga yaqin qochqin bolalar va yoshlar maktabdan tashqarida. Ular qashshoqlik, diskriminatsiya, qurolli mojarolar, favqulodda holatlar va iqlim oʻzgarishi oqibatlari tufayli azob chekmoqda.
Qayd etish joizki, butun dunyo boʻylab ana shunday murakkab muammoli vaziyatlar sodir boʻlayotgan bir davrda Oʻzbekistonda yosh avlodning taʼlim-tarbiyasi davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan boʻlib, bolalar va yoshlarni taʼlim olishga boʻlgan huquqlarini roʻyobga chiqarish va ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalalari “Yangi Oʻzbekiston — maktab ostonasidan boshlanadi” gʻoyasi asosida tubdan takomillashmoqda. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Biz oʻz oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulugʻ maqsadni qoʻygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulugʻbeklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak”.
Shu maqsadda mamlakatimizda kelgusi yillarda taʼlim tizimini yanada rivojlantirish, yoshlarni taʼlim bilan qamrovini kengaytirish, ehtiyojmand oilalar farzandlariga imtiyozlar berish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish koʻzda tutilgan.
Xususan, Yangi Oʻzbekistonning 2022–2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi loyihasida ham maktablarni rivojlantirish milliy dasturini joriy etish orqali xalq taʼlimi tizimida qoʻshimcha 1,2 million oʻquvchi oʻrni yaratish, darsliklarni yangilash uchun Davlat byudjetidan 605 mlrd soʻm ajratish, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida 1-4-sinf oʻquvchilarini bepul ovqat bilan taʼminlash tizimini joriy etish, maktab davrida oʻquvchilarning kamida bir kasbni egallashiga koʻmaklashish tizimini joriy etish kabi qator ishlar amalga oshirilishi belgilangan.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi