O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi 30 yoshda!
2022-01-21 | Sport
1992-yil 21-yanvar kuni o‘zbek sporti tarixidagi muhim voqeliklardan biri - O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi tashkil etilgan bo‘lib, 1993-yilning sentyabr oyida Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining 101-Sessiyasida O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi tomonidan rasman tan olingan va shundan so‘ng tashkilot xalqaro maydonda faoliyat olib borish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Demak, bugun Qo‘mitamiz tashkil etilganiga roppa rosa 30 yil to‘ldi.
MOQ bugun mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, olimpizmning pok va ezgu g‘oyalarini ilgari surish yo‘lida keng ko‘lamda ish olib bormoqda. Bundan tashqari, xalqaro aloqalarni mustahkamlab, nufuzli sport tashkilotlari, qudratli sport mamlakatlari bilan keng qamrovli hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Ortda qolgan vaqt mobaynida O‘zbekiston mustaqil delegatsiya sifatida 7 ta qishki va 7 ta yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etib, ortda qolgan davr mobaynida atletlarimiz 13 ta oltin, 7 ta kumush va 21 ta bronza medallarini qo‘lga kiritishdi. Milliy Olimpiya qo‘mitasi xalqaro arenalarda, kompleks musobaqalarda terma jamoalarimizning muvaffaqiyatli ishtirokini ta’minlash yo‘lida Turizm va sport vazirligi, sport federatsiyalari va assotsiatsiyalari bilan hamjihatlikda ish olib bormoqda.
Fursatdan foydalanib, bugungi bayram munosabati bilan sport turlari bo‘yicha federatsiya va assotsiatsiyalarimizni, terma jamoalarimizni, olimpiyachilarimiz, ularni tarbiyalayotgan jonkuyar murabbiylarimiz va albatta o‘zbek sportining ashaddiy muxlislarini samimiy muborakbod etamiz.
Manba: O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi