Energetika vazirligida Boshqirdiston Respublikasi delegatsiyasi bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdir
O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligida Boshqirdiston Respublikasining Sanoat, energetika va innovasiyalar vaziri Aleksandr Shel'dyaev boshchiligidagi delegatsiya bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjaev qayd etganidek, O‘zbekiston-Rossiya energetika sohasidagi hamkorlik ikki tomonlama iqtisodiy sheriklikning flagmanlaridan biridir.
Yildan-yilga nafaqat hamkorlikning hajmlari, balki yo‘nalishlari xilma-xilligi ham ortib bormoqda. Xususan, Boshqirdiston Respublikasi delegatsiyasi bilan hamkorlikning bir qator istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Ular orasida energiya resurslari bozorini va yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini rivojlantirish, an'anaviy va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini mustaqil ishlab chiqaruvchilar bo‘yicha tajriba almashish kabilar mavjud.
O‘zbekiston tomoni energiyaresurslari bozorida hamkorlik va integratsiyani rivojlantirish muhimligini qayd etdi. Ayni paytda elektr energiyasi va gaz bozorlarini joriy etish uchun Energetika vazirligi tomonidan zarur ichki tartib-qoidalar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, muhandislik tarmoqlariga (elektr energiyasi, gaz) texnologik ulanish uchun ariza berish tartib-qoidalarini raqamlashtirish kabi yo‘nalishlarni ishlab chiqish yuzasidan ham fikr almashildi. Shu maqsadda O‘zbekistonda “ELEKTR” dasturiy majmuasi ishlab chiqilgan bo‘lib, bundan tashqari, tadbirkorlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali elektr va gaz tarmoqlariga ulanish uchun arizalar bilan murojaat qilishlari mumkin.
Delegatsiya a'zolariga istiqbolli loyihalar, jumladan, xususiy investorlarni jalb qilgan holda quvvati 5 MVtgacha bo‘lgan mini GESlar qurilishi haqida ham ma'lumot berildi. Bugungi kunga qadar umumiy quvvati 42 MVt bo‘lgan mini-GESlarni joriy qilish uchun 31 ta istiqbolli ob'ekt aniqlangan. 2030-yilga qadar Energetika kompleksini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq umumiy quvvati 200 MVt bo‘lgan 24 ta mini GEESni ishga tushirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Boshqirdiston kompaniyalari energetika va energoqurilmalar uchun butlovchi qismlarni yetkazib berish bo‘yicha tenderlarda faol ishtirok etishga taklif qilindi.
Tomonlar o‘zaro manfaatli istiqbolli loyihalarni batafsil ko‘rib chiqish va ularni yanada rivojlantirish uchun hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Manba: Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi