O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Qurolli Kuchlarni rivojlantirishning navbatdagi muhim bosqichi vazifalari belgilandi

2022-01-14 | Siyosat

Mudofaani boshqarish milliy markazida 13-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Xavfsizlik kengashi a’zolari, Qurolli Kuchlarimizning qo‘mondonlik tarkibi, harbiy-ma’muriy sektorlar rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Har yili Vatan himoyachilari kuni arafasida bunday yig‘ilish o‘tkazish yaxshi an’anaga aylandi. Bu yil esa O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining shonli 30 yilligi nishonlanmoqda. Davlatimiz rahbari majlis avvalida ushbu qutlug‘ bayram bilan barcha harbiy xizmatchilar va soha faxriylarini tabrikladi.

Yig‘ilishda Qurolli Kuchlar tizimi va harbiy-ma’muriy sektorlarning 2021-yilgi faoliyati yakunlari tahlil qilinib, galdagi ustuvor vazifalar belgilandi.

Oxirgi besh yilda harbiy qurilishning barcha yo‘nalishlarida amalga oshirilgan kompleks choralar natijasida milliy armiyamizning qiyofasi ham, qo‘shinlarning tayyorgarlik darajasi ham o‘zgardi. Harbiy qism va poligonlardagi infratuzilma, askar va ofitserlarning sharoitlari yaxshilandi. 2021-yilda xalqaro armiya o‘yinlarida harbiylarimiz faxrli ikkinchi o‘rinni egallagani ham sohadagi rivojlanish natijasidir.

Bu ishlar izchil davom ettirilib, jangovar bo‘linmalar imkoniyatlari kengaytirilmoqda. Davlat chegaralari xavfsizligini ta’minlashning yangi tizimi amaliyotga joriy qilinmoqda.

Davlatimiz rahbari yig‘ilishda avvalo kadrlar tayyorlash, ilg‘or uslublarni ommalashtirish masalalariga e’tibor qaratdi. Harbiy o‘qituvchilarning malakasini oshirish, Qurolli Kuchlar Akademiyasini harbiy ilm-fan dargohiga aylantirish zarurligi ta’kidlandi. Yaqinda ish boshlagan Harbiy meros va zamonaviy tadqiqotlar institutini harbiy ta’lim va ilmiy faoliyat tizimiga samarali integratsiya qilish topshirig‘i berildi.

Qurolli Kuchlarni zamonaviy qurol-yarog‘ hamda harbiy texnika bilan ta’minlash, mavjudlarini modernizatsiya qilish ham harbiy qurilish sohasidagi eng ustuvor vazifalardan bo‘lib qoladi.

Ushbu maqsadlar va zamonaviy tahdidlar xususiyatidan kelib chiqib, 2022-2026-yillarda Qurolli Kuchlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha konseptual dastur qabul qilish vazifasi qo‘yildi.

Qurolli Kuchlar Bosh shtabi faoliyatini sifat jihatdan yangi pog‘onaga olib chiqish, havo hujumidan mudofaa tizimini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Jahon axborot makonida keskin kurash ketayotgan hozirgi vaziyatda axborot xavfsizligini ta’minlash, yoshlarni yot g‘oyalardan himoya qilish, harbiy xizmatchilarning psixologik tayyorgarligi va jangovar ruhini mustahkamlash dolzarbligi ta’kidlandi.

Qo‘mondonlik tarkibi zamonaviy operatsiyalarni rejalashtirish, qo‘shinlarni oqilona boshqarish, mavjud kuch va vositalarni samarali qo‘llash bo‘yicha malakasini oshirishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Rahbarlik va qo‘mondonlik lavozimlariga istiqbolli kadrlar zaxirasini yaratish, ularni bu lavozimlarga bosqichma-bosqich tayyorlash hamda tanlov asosida tayinlash muhimligi qayd etildi. 

Jangovar harakatlar dinamikasi oshib borayotgan va yangi usullar paydo bo‘layotgan hozirgi sharoitda muvaffaqiyat, ko‘p jihatdan, komandir-serjant boshqaradigan kichik bo‘linmalar harakatiga bog‘liq. Shu bois Qurolli Kuchlar uchun serjant-yo‘riqchilarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish vazifasi qo‘yildi.

Aholi murojaatlarini ijobiy hal etish, joylarda ijtimoiy, muhandislik va kommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash, bozorlar to‘kinligi va narx-navo barqarorligini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

– Xalqimizning xavfsizligi, tinchligi va osoyishtaligini saqlash bugun ham, kelajakda ham eng ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi. Chunki faqatgina tinchlik-osoyishtalik mamlakatimizning har tomonlama rivojlanishining asosiy kafolatidir. Yangi – 2022-yil hamma sohada, jumladan, Qurolli Kuchlar tizimida ham hal qiluvchi yil bo‘lishi shart, – dedi Prezident.

Yig‘ilishda Xavfsizlik kengashi a’zolari, harbiy-ma’muriy sektorlar rahbarlari so‘zga chiqdi. Mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini yanada mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Поделиться