Xiva shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov Xorazm viloyati ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashib, ular bilan hududdagi dolzarb masalalar va ishbilarmonlarning muammolarini muhokama qildi.
Ochiq muloqot hududga xos bo‘lgan muammolarni aniqlash imkonini berdi. Ularning yechimini topish investitsiyalar oqimini oshirish, sanoatni rivojlantirish va eksport salohiyatini yuksaltirish uchun zarurdir. Bildirilgan barcha masalalar atroflicha tahlil qilinib, ularni hal etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi hamda tegishli vazirlik, idora, tijorat banklari va mahalliy hokimliklar rahbarlariga ko‘rsatmalar berildi.
Uchrashuv davomida tadbirkorlarning ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha konstruktiv takliflari har tomonlama ko‘rib chiqildi. Investitsiya loyihalari tashabbuskorlari va eksportchilarni tijorat banklari tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini kengaytirish, yer uchastkalari, bo‘sh turgan bino va inshootlar olish, mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga chiqarish, ishlab chiqarish faoliyati uchun zarur bo‘lgan turli sertifikat va ruxsatnomalar olish, shuningdek, boshqa dolzarb masalalarga alohida e'tibor qaratildi.
Uchrashuv ishtirokchilari bu kabi o‘zaro munosabatlar shaklini olqishlab, hukumat vakillari va biznes o‘rtasidagi doimiy muloqot ishbilarmonlik muhitini takomillashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirishni rag‘batlantirish hamda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta'minlashning muhim omili ekanligini ta'kidladilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi