O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi investitsiya faoliyati muhokama qilindi

2022-01-08 | Iqtisodiyot

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov rahbarligida videokonferensiya tarzida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida investitsiya faoliyatining bugungi holatini va sohadagi dolzarb vazifalarni o‘rganishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy hokimiyat organlari, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari vakillari hamda yuqoridagi ikki hudud tadbirkorlari ishtirok etdi.
 
Mas'ul rahbarlar tomonidan sanoatni rivojlantirishni rag‘batlantirish, investitsiyalarni jalb etish, eksportni oshirish va ushbu hududlardagi tuman va shaharlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijalari ko‘rib chiqildi. Oldindan ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli Qoraqalpog‘iston Respublikasida umumiy qiymati 3,2 trln so‘mlik 256 yangi investitsiya loyihasi ishlab chiqilgani, buning natijasida 18,6 mingta yangi ish o‘rni yaratilayotgani ma'lum qilindi. Bunga ko‘p jihatdan mahalliy tadbirkorlar bilan o‘zaro hamkorlik qilish va yangi biznes tashabbuslarini amalga oshirishda ularga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida mamlakat viloyatlari hokimliklarini Qoraqalpog‘iston Respublikasining tuman va shaharlariga biriktirish mexanizmi tufayli erishildi. Ushbu mexanizmni joriy etish bo‘yicha to‘plangan tajribani Xorazm viloyatiga ham yoyish topshirildi.
 
Yig‘ilishda qoraqalpog‘istonlik tadbirkorlar loyihalarni amalga oshirish borasidagi tajribasi va faoliyati davomida duch kelgan muammolar haqida so‘z yuritdilar. Ko‘tarilgan barcha masalalar atroflicha tahlil qilinib, tegishli vazirlik va idoralarni jalb etgan holda mavjud muammolarni hal qilish mexanizmlari ishlab chiqildi.
 
Xuddi shu tartibda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining tuman va shaharlariga biriktirilgan mamlakatning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari faoliyati o‘rganildi. Diplomatlarning sa'y-harakatlari bilan ushbu hududlarda xorijiy investorlar ishtirokida 2021-yilda 766,2 mln. dollarlik 83 investitsiya loyihasi amalga oshirilishi boshlab yuborilgan. Xorijiy investorlarni jalb qilish va mahalliy tadbirkorlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida ushbu hududlarda investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha yangi takliflar ishlab chiqish maqsadida diplomatik vakolatxonalar vakillariga ushbu yo‘nalishdagi sa'y-harakatlarini faollashtirish topshirildi.
 
Alohida tartibda 2022-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida davlat va hududiy investitsiya dasturlarini amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Hududiy investitsiya dasturi doirasida bu yil Qoraqalpog‘iston Respublikasida umumiy qiymati 2,7 trln. so‘mlik 731 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgani, buning natijasida 13,6 ming yangi ish o‘rinlari yaratilishi, Xorazm viloyatida esa umumiy qiymati 4,6 trln. so‘mga teng bo‘lgan 695 ta loyiha joriy etilishi hisobiga 14,8 mingta yangi ish o‘rinlari tashkil etilishi ma'lum qilindi. Vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlariga har bir loyihaning bajarilishining samarali monitoringini olib borish va ularni hayotga tatbiq etish jarayonida tadbirkorlar duch kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni zudlik bilan aniqlash va hal qilish maqsadida idoralararo hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqish topshirildi.
 
Yig‘ilish yakunida belgilangan vazifalarni sifatli va o‘z vaqtida bajarish yuzasidan qo‘shimcha ko‘rsatmalar berildi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться