O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston prokuratura organlari tashkil etilganiga 30 yil to‘ldi
2022-01-08 | Xavfsizlik sohasi
8-yanvar – mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kuni. Bugun mazkur sanaga 30 yil to‘ldi.
1992-yil 8-yanvardagi Prezident farmoni bilan O‘zbekiston SSR prokuraturasi mustaqil O‘zbekiston prokuraturasiga aylantirildi.
Konstitutsiyamiz va “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunda mazkur organlar faoliyatining ustuvor huquqiy asoslari bayon qilindi.
Ilk marotaba mustaqil davlatning prokuraturasi sifatida e’tirof etilgan va bu maqomi qonuniy tarzda mustahkamlanganiga 30 yil bo‘lgan mazkur tizim inson huquqlarini himoyalash, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash yo‘lida izchil ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevning qayd etishicha, Prezidentimizning tashabbusi, tizimga bo‘lgan e’tibori tufayli prokuratura organlarining qiyofasi keyingi yillarda tubdan o‘zgardi. Hozirgi davr, avvalo, inson qadru qimmatini joyiga qo‘yish, uning haq- -huquqlarini amalda ro‘yobga chiqarish sari uzoq kutilgan qadamlarning tashlangani bilan ham ahamiyatlidir. Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak, degan tamoyil jamiyatdagi ustuvor qoidalardan biriga aylandi.
Xususan, sud-huquq sohasida qisqa muddatda amalga oshirilgan islohotlar nafaqat tizim vakillari, balki jamiyat uchun ham og‘riqli nuqtalarga aylangan muammoli masalalarni hal qilish imkonini berdi.
Eng muhim jihat shundaki, ko‘rilayotgan choralar samarasi o‘laroq, prokuratura organlari xalq sari yuz tutdi, uni tashvishga solayotgan muammolarni hal qilishga ko‘maklashadigan, “Inson qadri uchun”, degan tamoyilni ro‘yobga chiqarishga kamarbasta bo‘ladigan ishonchli tuzilma sifatida yangi davrga qadam qo‘ydi.
- Albatta, buning uchun qisqa muddatda o‘ziga yarasha murakkab va mas’uliyatli yo‘lni bosib o‘tishga to‘g‘ri keldi, - deydi N.Yo‘ldoshev. - Mazkur bosqichda “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari”, degan tamoyil asosiy g‘oya va bosh mezon bo‘ladi. Bundan buyon butun faoliyatimiz “inson – jamiyat – davlat”, degan yangi tamoyil asosida tashkil etiladi. Hech shubhasiz, yettita ustuvor yo‘nalishdan iborat bo‘lgan Taraqqiyot strategiyasi jamiyatning barcha a’zolaridan, xususan, birinchi navbatda o‘zini qonun posboni deb hisoblaydigan prokurorlardan tom ma’nodagi yangilanishni, o‘zgarishni talab qiladi.
Adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashga mas’ul bo‘lganlarning o‘zi islohotlar va jamiyatda kechayotgan ma’naviy yangilanishlar talablariga mos tarzda o‘zgarmas ekan, ko‘zlangan maqsadlarga erishish qiyin kechadi.
Zotan, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, adolat va qonun ustuvorligi xalqchil davlat qurish, inson qadr - qimmatini ta’minlashning eng asosiy va zarur shartidir.
Ayni paytda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishda ham muhim bo‘lgan bu shartni amalda ta’minlash uchun Taraqqiyot strategiyasida bir qator muhim choralarni ro‘yobga chiqarish belgilangan.
Fursatdan foydalanib prokuratura organlari xodimlarini bugungi ayyom bilan qutlab, kelgusi ishlarida muvaffaqiyatlar tilaymiz!
Manba: O'zA