O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Investitsiyalar va tashqi savdo sohasida 2022-yilga mo‘ljallangan dolzarb vazifalar muhokama qilindi

2022-01-06 | Iqtisodiyot

Joriy yilning 5-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov rahbarligida 2021-yildagi investitsiyalar va tashqi savdo faoliyati yakunlari hamda 2022-yilda investitsiyalarni jalb etishni yanada rag‘batlantirish va eksport hajmini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni, shuningdek, boshqa dolzarb vazifalarni muhokama qilishga bag‘ishlangan bevosita va onlayn tarzida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirok etdi.
 
2021-yilda investitsiyalar sohasida erishilgan natijalar bo‘yicha tezkor ma'lumotlar ma'lum qilindi. Jumladan, o‘zlashtirilgan investitsiyalarning umumiy hajmi 254 trln. so‘mni tashkil etib, 2020- yilga nisbatan 109 foizga o‘sdi, shundan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 8,6 mlrd dollarni tashkil qildi. Hisobot davrida davlat Investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 5,9 milliard dollarlik 318ta yirik investitsiyaviy loyiha, hududiy investitsiya dasturlari doirasida esa 7,4 milliard dollarlik 15 710 investitsiyaviy loyiha amalga oshirildi. Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi tufayli jami 275 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. Investitsiyalarni jalb qilishni rag‘batlantirish va investitsiyaviy loyihalar tashabbuskorlarini amaliy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mexanizmlarni takomillashtirish, shuningdek, mas'ul rahbar va xodimlarni biriktirish orqali loyihalarni amalga oshirishning doimiy monitoringini olib borish tizimini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
 
Bo‘sh turgan va to‘liq quvvat bilan ishlamayotgan korxonalarni “sog‘lomlashtirish” bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijalari ko‘rib chiqildi. O‘tgan yil yakunlari bo‘yicha 2040 ta shu kabi korxona faoliyati o‘rganilib, tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha aniq choralar ko‘rildi. Natijada 1908 korxona (94 foiz) to‘liq quvvat bilan ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi, bu esa mamlakatimiz sanoatiga qo‘shimcha ravishda 4,1 trln. so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish, 184 mln dollarlik qo‘shimcha eksportga yetkazib berish va 25 mingga yaqin ish o‘rni tashkil etish imkonini berdi. 152 dona foydalanilmayotgan texnologik uskuna ham ishga tushirildi, bu esa, o‘z navbatida, 1 257 yangi ish o‘rni yaratish imkonini berdi. Yuzaga kelayotgan masalalarga zudlik bilan javob berish va ularni hal qilishda amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida foydalanishga topshirilgan ishlab chiqarish ob'ektlari faoliyatini monitoring qilish mexanizmini yaratish topshirildi.
 
Investitsiyaviy faoliyatni rag‘batlantirish va loyihalarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bo‘yicha hisobotlar eshitildi. Hududiy loyiha guruhlarini shakllantirishni jadallashtirish hamda ularning tuman va shahar hokimlarining tadbirkorlikni rivojlantirish, bandlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha har bir mahallada faoliyat yuritayotgan yordamchilari bilan yaqin hamkorligini yo‘lga qo‘yish topshirildi.
 
2022-yilda eksport salohiyatini yuksaltirish va eksport qilinadigan mahsulotlar hajmini oshirish vazifalari ko‘rib chiqildi. Mahalliy eksportchilar oldida turgan masalalarni zudlik bilan hal qilish maqsadida eksport qiluvchi korxonalar, mijozlar va mahsulot hajmi ko‘rsatilgan eksportga ortish bo‘yicha manzilli jadvalini shakllantirish topshirildi.
 
Alohida tartibda xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lishi bo‘yicha muzokaralarning borishi, transport infratuzilmasini kengaytirish va mamlakatda logistika salohiyatini yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlar hamda boshqa dolzarb vazifalar ko‘rib chiqildi.
 
Yig‘ilish yakunida mutasaddi rahbarlar o‘rtasida ijro muddatlari belgilangan vazifalar taqsimlandi va qo‘shimcha manzilli ko‘rsatmalar berildi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться