O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqaro auditorlik kompaniyasi “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning moliyaviy faoliyatiga ijobiy xulosa berdi
2021-12-30 | Jamiyat
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning 2019 – 2020-yillar uchun “Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari” talablariga muvofiq tuzilgan konsolidatsiyalashgan (jamlanma) moliyaviy hisobotlarini “big four” katta to‘rtlikka kiruvchi Xalqaro auditorlik kompaniyasi — “Ernst & Young” MCHJ tomonidan auditorlik tekshiruvi o‘tkazildi.
Bu haqda O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ matbuot xizmati ma’lum qildi.
– O‘tkazilgan auditorlik tekshiruvi yakuniga ko‘ra, “Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari” talablariga muvofiq tuzilgan konsolidatsiyalashgan (jamlanma) moliyaviy hisobotlar “Ijobiy auditorlik xulosasi”ga ega bo‘ldi. O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning 2019, 2020 va 2021-yilgi Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari talablariga muvofiq tuziladigan konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotlarini 2021-yil 31-mart kuni “Ernst & Young” MCHJ bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq Xalqaro auditorlik tekshiruvi o‘tkazildi.
Xalqaro auditorlik tekshiruvini o‘tkazishda hamda Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari talablariga muvofiq tuziladigan konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotlarini tuzishga Xalqaro tajribaga ega mutaxassislarni jalb qilish maqsadida “HLB Tashkent” MCHJ bilan 2021-yil 7-sentyabr kuni shartnoma imzolandi.
Bundan tashqari, 36-sonli “Aktivlarning qadrsizlanishi” Moliyaviy hisobotning xalqaro standarti talablariga muvofiq jamiyat aktivlarini qadrsizlanishga tekshirish bo‘yicha “KPMG Valuation and Consalting” MCHJ bilan 2021-yil 22-sentyabrda shartnoma imzolangan edi.
Mazkur xulosa “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning moliyaviy faoliyatiga Xalqaro darajada baho berib, Aksiyadorlik jamiyatining kelajakdagi ijtimoiy-iqtisodiy sohalariga investitsiyalarni jalb qilish, Xalqaro kredit reytinglarini olish, aksiyalarini xalqaro birja bozorlariga olib chiqish kabi bir qator afzalliklarni taqdim etadi.
Shu bilan birga, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki kabi Butunjahon moliyaviy tashkilotlariga elektr-energetika sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan bir qator loyiha va strategik kelishuvlar oldidan Aksiyadorlik jamiyatining moliyaviy holati to‘g‘risida yanada kengroq va ishonchliroq ma’lumot olish imkoniyatini beradi.
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning 2021-yil uchun konsolidatsiyalashgan (jamlanma) moliyaviy hisobotlarni tuzish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan va, albatta, 2021-yil uchun tuziladigan moliyaviy hisobotlarni “Ernst & Young” MCHJ Xalqaro auditorlik kompaniyasi tomonidan auditorlik tekshiruvi o‘tkazilgandan so‘ng Xalqaro kredit reyting tashkilotlariga taqdim etilishi belgilab olindi, – dedi «O‘zbekiston MET» AJ boshqaruvi raisining matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchi Ulug‘bek Urunov.
Manba: O'zA