O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston agrar sohadagi raqamlashtirish doirasida ishlab chiqilgan yangi dastur va tizimlar taqdimoti o‘tkazildi
2021-12-30 | Jamiyat
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirligida mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi tarmog‘ini jadal raqamlashtirish bo‘yicha dasturlar doirasida yaratilgan 10 ta axborot tizimi va platformasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda davlatimiz rahbarining «Raqamli O‘zbekiston – 2030» strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan agrosanoatni rivojlantirishga qaratilgan o‘nlab loyihalarni amalga oshirish belgilangani qayd etildi. Shu asosda raqamlashtirish bo‘yicha qo‘yilgan vazifa va topshiriqlarni jadal suratlarda olib borishda yetakchi xorijiy tajribani o‘rganish, jumladan, Yevropa Ittifoqi va Jahon Bankining maslahat va moliyaviy qo‘llab-quvvatlashidan eng yaxshi texnik yechimlardan foydalanilmoqda.
Taʼkidlanganidek, bugungi kunda qishloq xo‘jaligida fermerlar va agranomlarga raqamli texnologiyalar yordamga kelmoqda. Katta maʼlumotlar (Big data) va ularni tahlil qilish hosilni terib olish uchun qulay vaqtni belgilash, o‘g‘itlash sxemasini hisoblab chiqish, monitoring qilish, hosilni prognozlashtirishga yordam bermoqda. Raqamli texnologiyalar, shuningdek, o‘simlikshunoslikning to‘liq siklini boshqarishga imkon yaratadi. Aqlli qurilmalar tuproq, o‘simliklar parametrlari, mikroiqlimni o‘lchaydi va maʼlumotlarni uzatadi. Datchiklar, koinotdan olingan suratlar, dronlar, meteorologik stansiyalar va boshqa uskunalardan olingan maʼlumotlar Big datani shakllantiradi, maxsus ilovalar bilan tahlil qilinadi va geoportalga joylashtiriladi.
—So‘nggi 15 yil ichida O‘zbekiston aholisi 27 milliondan 35 millionga yetdi, har bir kishi uchun ajratilgan yer maydoni esa 23 sotixdan 16 sotixga kamaydi, - deya maʼlumot berdi qishloq xo‘jaligi vazirining yerdan oqilona foydalanish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Maqsud Ro‘zmetov. - 1 gektar yerni sug‘orish uchun mo‘ljallangan suv resurslari 3048 m3 dan 2889 m3 ga qisqardi. Ushbu muammoning yechimini topish maqsadida so‘nggi bir yarim yilda yangi portal yaratildi. Partal joriy yilning noyabr oyidan ish boshladi va unda 24 million gektar yer raqamlashtirilgan interfaol xarita joylashtirildi. Fermerlar va tadbirkorlar foydalanishi mumkin bo‘lgan maʼlumotlarga qo‘shimcha ravishda, dronlar yordamida taqdim etiladigan bir qator xizmatlarni ham ishga tushirish rejalashtirilmoqda.
Qayd etilishicha butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, 2020-yil dekabrda «Aqlli qishloq xo‘jaligi» texnologiyasini rivojlantirish strategiyasi» hamda «Aqlli qishloq xo‘jaligi» texnologiyalarini rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha 2021-2023-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar» tasdiqlandi.
U to‘rtta asosiy yo‘nalish - qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, boshqaruv jarayonlari, monitoringni avtomatlashtirish, agrar sohada biznes-startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, suv resurslarini hisobga olish masalalarini nazarda tutadi.
-Joriy yil oxirigacha Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni raqamlashtirish markazi tomonidan «E-IJARA TANLOV» tizimi, “ArcGIS” dasturiy mahsuloti bazasidagi geoaxborot tizimi, «Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini subsidiyalash» yagona axborot tizimi, Import qilingan qishloq xo‘jaligi texnikalari hisobi tizimi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligining yangilangan rasmiy veb-sayti ishga tushiriladi, - dedi markaz direktori Saidaʼzam Alimov. - Shuningdek, 2022-2023-yillarda yana 5 ta elektron tizim yaratiladi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi