O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
AKT vaziri “Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi” DUK faoliyati bilan tanishdi
2021-12-29 | Jamiyat
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Shermatov “Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi” davlat unitar korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Bugungi kunda “Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi” DUK teleradioeshittirish tarmog‘i Markaziy Osiyoda eng katta tarmoqga ega bo‘lib, 127 ta antenna-machta inshootlar, 114 ta katta quvvatli teleuzatgichlar, 359 ta kam quvvatli teleuzatgichlar, 121 ta katta quvvatli radiouzatgichlar, 260 ta kam quvvatli radiouzatgichlar orqali tunu-kun aholiga teleradioeshittirish dasturlari uzatib kelinmoqda.
Dastlab AKT vaziri Toshkent shahrining ko‘rki bo‘lgan balandligi 375 metr Toshkent teleminorasiga tashrif buyurdi.
Toshkent teleminorasi o‘ziga xos takrorlanmas noyob arxitektura inshooti bo‘lib, bugungi kunda respublikada hamda Markaziy Osiyoda turdosh minoralar orasida yagona va eng baland inshoot hisoblanadi. Toshkent teleminorasining asosiy vazifalari televideniye va radiodasturlarini uzatishdan iboratdir. Shuningdek, teleminora noyob me’moriy bino sifatida mahalliy va chet el mehmonlari uchun tomosha qilish majmuasi ham hisoblanadi.
Tashrif chog‘ida AKT vaziri Sh.Shermatov Toshkent teleminorasi binosining kirish qismi va uning tutash hududi, zamonaviy ko‘rinishga olib kelish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va tashrif buyuruvchilar yaratilgan qulayliklar bilan yaqindan tanishdi va tashrif buyuruvchilar sonini oshirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berdi.
Shundan so‘ng “Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi” DUK tomonidan xo‘jalik faoliyati natijalari va eng ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Jumladan binoning moddiy-texnik qismini yahshilash, kadrlarni tayyorlash, 2022-yil uchun ustuvor vazifalar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
“Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi” DUK oldida turgan asosiy vazifalardan biri Toshkent teleminorasining infratuzilmasini modernizatsiya qilish, nodavlat telekanallarni qamrovini 100 foizga yetkazish, Samarqand shahrida raqamli radioeshittirishni joriy etish va boshqalar.
Shuningdek, taqdimot davomida Toshkent viloyatining Angren shahri va Oxangaron tuman xududlari qamrab oluvchi “Yangi Angren” stansiyasining ishga tushirilishi va erishilgan imkoniyatlar to‘g‘risida ham ma’lumot berib o‘tildi.
Taqdimot chog‘ida AKT vaziri Sherzod Shermatov o‘z taklif va mulohazalarini bildirib, bu boradagi mavjud muammolarni birgalikda o‘rganish, yechimini topishda yordam berishini ta’kidladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi