O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekistonning xorijiy davlatlardagi elchilari Ichki ishlar vazirligiga tashrif buyurdi
2021-12-29 | Xavfsizlik sohasi
Ichki ishlar vazirligida Oʻzbekistonning xorijiy davlatlardagi elchilari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv avvalida Ichki ishlar vaziri, general-leytenant P.Bobojonov vazirlikning xalqaro hamkorlik yoʻnalishidagi faoliyatini rivojlantirishga qoʻshib kelayotgan hissalari uchun Oʻzbekistonning xorijiy davlatlardagi elchilariga samimiy minnatdorchilik bildirib, ilk marotaba oʻtkazilayotgan mazkur uchrashuv – Davlatimiz rahbari Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan jamoat xavfsizligini taʼminlashga berilayotgan yuksak eʼtiborning namunasi ekanligini alohida taʼkidladi.
Mehmonlarga jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida amalga oshirilgan islohotlar natijalari va vazirlikning xalqaro hamkorlik yoʻnalishidagi faoliyati toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.
Oʻz navbatida, ichki ishlar organlarining oʻtgan besh yil mobaynida xorijiy davlatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorligining huquqiy bazasi mustahkamlanib, transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashish, oʻzaro tajriba almashish va kadrlar malakasini oshirish yoʻnalishlarida ijobiy natijalar qayd etilganligi taʼkidlandi.
Shuningdek, uchrashuvda vazir oʻrinbosarlari A.I.Ikramov, N.S.Turaxodjayev va bosh boshqarma hamda boshqarmalar boshliqlari ichki ishlar organlarining xorijiy davlatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurash, oʻzaro tajriba almashish va kadrlar malakasini oshirish kabi yoʻnalishlardagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirishda xorijdagi elchilarning koʻmagi muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidlab oʻtdilar.
Uchrashuvdan soʻng, mehmonlar IIV Akademiyasiga tashrif buyurib, kursantlar va tinglovchilar uchun yaratilgan sharoitlar va oʻquv jarayoni bilan tanishdilar. Akademiyada Vazirlik Malaka oshirish instituti, Tibbiyot muassasalari va Akademik litseylari faoliyati taqdimotlar asosida yoritib berildi.
Yakunda vazirlikning xorijiy davlatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan aloqalarini yanada rivojlantirishda Oʻzbekistonning xorijiy davlatlardagi elchixonalari koʻmagidan samarali foydalanish yoʻnalishlari belgilab olindi.
Manba: O‘zbеkiston Rеspublikаsi Ichki ishlаr vаzirligi