O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Milliy atlasi yaratildi
2021-12-27 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Kadastr agentligi mutasaddilari tomonidan O‘zbekiston Milliy atlasi taqdimotiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Matbuot anjumanida qayd etilishicha bugungi kunda O‘zbekiston Milliy atlasi ilk bor nashr qilindi. Shuningdek, Milliy atlasning elektron varianti ham yaratilgan.
–Elektron varianti doimiy yangilanib boriladi, – deydi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi direktor o‘rinbosari Abdushukur Abdullayev. – Buni butun dunyo kuzatishi va bundan foydalanishi mumkin. Hozircha Milliy atlasimiz faqat o‘zbek tilida chop etilgan. Kelgusi yilda rus, ingliz tiliga tarjima qilinadi. 2018 yilda Prezidentimizning topshirig‘iga binoan tegishli mutaxassislar ishtirokida Kadastr agentligi tomonidan O‘zbekiston Milliy atlasi konsepsiyasi ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Atlasni yaratishga “Kartografiya” davlat ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi mas’ul etib belgilandi.
O‘zbekiston Milliy atlasini yaratishda chet el, xususan, Belarus, Koreya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Rossiya va Ukraina davlatlari tajribalari, “Kartografiya” korxonasi tomonidan yaratilgan O‘zbekiston geografik atlasi, shuningdek, ko‘plab tarixiy, ilmiy statistik materiallar va 30 dan ortiq vazirlik-idoralarda mavjud ma’lumotlar o‘rganildi.
Milliy atlasdagi kartografik va statistik ma’lumotlar, ularning dizaynini yaratishda esa eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy kompyuter texnikalari, “ArcGIS” va “Freehend” kabi dasturiy ta’minotlardan foydalanildi.
Yaratilgan xaritalar “Kartografiya” davlat ilmiy ishlab chiqarish korxonasida mavjud matbaachilik uskunalarida 200 nusxada nashr etildi.
O‘zbekiston Milliy atlasini yaratishdan ko‘zlangan asosiy maqsad atlasda jamlangan ma’lumotlar davlat hokimiyati va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari, tadbirkorlik sub’ektlari va O‘zbekiston Respublikasi hamda chet el fuqarolarini davlat to‘g‘risidagi rasmiy va umume’tirof etilgan ilmiy ma’lumotlar tizimi bilan tanishtiradi.
Shuningdek, ilmiy tadqiqotlar olib borishga, kelajak avlodlarga O‘zbekistonning tarixi va bugungi kundagi geografiyasi, tabiati, tabiiy resurslari, aholisi, ijtimoiy sohalari, iqtisodiyoti, ekologik holati va madaniyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yetkazish, kartografik shaklda O‘zbekistonning hududi, uning ma’muriy-hududiy tuzilishi, iqtisodiy, madaniy, tarixiy, ekologik, ta’lim va boshqa ahamiyatga ega bo‘lgan umumdavlat va mintaqaviy dasturlarni ishlab chiqarishda kerakli ma’lumotlarni taqdim etishga xizmat qiladi.
Qolaversa, dunyoda O‘zbekiston haqidagi bilimlarni oshirish, O‘zbekiston bilan xorijiy davlatlar o‘rtasidagi ijtimoiy-siyosiy, madaniy, amaliy va boshqa sohalardagi hamkorlikni, hamda turizmni rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston Milliy atlasi 416 ta xaritani o‘zida jamlagan 2 ta jilddan iborat fundamental ilmiy-kartografik asar bo‘lib, unda O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy chegarasiga kiruvchi barcha hududlarning tabiiy-geografik o‘rni va umumiy xususiyatlari, tabiiy sharoiti va tabiiy resurslari, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi, aholisi, ijtimoiy va iqtisodiyot sohalari hamda tarixiga oid ma’lumotlar mujassamlashgan.
Ular asarda diagrammalar, shartli belgilar, illyustratsiya, kartografik va matnli ko‘rinishda tavsiflanadi. Har ikkala jilddan geografik ob’ektlar nomlari ko‘rsatkichlari va terminlar lug‘ati ham joy olgan.
O‘zbekiston Milliy atlasining 1-jildi 3 ta asosiy va 11 ta kichik bo‘limdan iborat bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining “Tabiiy-geografik o‘rni va umumiy xususiyatlari”, “Tabiiy sharoiti va tabiiy resurslari”, “Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi” sohalari aks ettirgan 205 ta xaritalardan tashkil topgan. 2-jildi 5 ta bo‘lim va 11 ta kichik bo‘limlardan tashkil topgan bo‘lib, 211 ta xaritalar joylangan.
Atlasda to‘plangan O‘zbekiston Respublikasi to‘g‘risidagi xilma-xil ma’lumotlar ilmiy izlanishlarga, yangi bilimlarni egallashga, ma’lumotlarni yangi avlodlarga yetkazishga, O‘zbekiston fuqarolarining milliy va davlatga oid ongini shakllantirishga, ilmiy tadqiqotlar va ta’limni rivojlantirishga, xalqaro miqyosda O‘zbekiston Respublikasi to‘g‘risidagi bilimlarni tarqatish va O‘zbekiston Respublikasining kartografiya sohasi imijini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Manba: O'zA