O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonning Fransiyadagi elchisi Qashqadaryoda uchrashuvlar o‘tkazdi
2021-12-27 | Siyosat
Mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchilari ayni paytda O‘zbekistonda bo‘lib, viloyatlarni yanada ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalarini o‘rganmoqda.
Jumladan, elchilar Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahridagi Prezident maktabi va Abdulla Oripov nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internat faoliyati, bu yerda yaratilgan sharoitlar va o‘quv jarayoni bilan tanishdi.
Xususan, O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi va Qarshi shaxridagi Prezident maktabi vakillari o‘rtasida muloqot bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda chet el ilg‘or tajribalarini joriy etish, jumladan, Fransiyadan malakali o‘qituvchilarni jalb etish va fransuz tilidagi darsliklarni olib kelish masalalari muhokama etildi.
Abdulla Oripov ijod maktabi rahbariyati bilan esa Fransiya ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, fransuz tili va adabiyoti sohasidagi maktablar bilan o‘zaro tajriba almashish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Qarshi shahrida faoliyat yuritadigan tadbirkorlar bilan ham uchrashuv tashkil etildi. Ochiq muloqot tarzida o‘tgan tadbirda ip-kalava ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Sulton Tex Group va Self Collection korxonalari, maishiy texnika tayyorlash bilan shug‘ullanadigan Alp Texno Servis kompaniyasi mahsulotlarini xorijiy bozorlarga olib chiqish istiqbollari, xorijiy investorlar bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari va yangi texnologiyalarni olib kelish hamda sertifikatsiya masalalari xususida fikr almashildi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi