Investitsiyalar va tashqi savdo sohasida kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha amaliy seminarlar boshlandi
Toshkentda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining hududiy bo‘linmalari rahbarlarining malakasini oshirish bo‘yicha amaliy seminarlar boshlandi.
Yangi interfaol shaklda tashkil etilgan seminarlar “Zamonaviy menejment va biznesni yanada rivojlantirish faktorlari”, “Jamoa bo‘lib ishlash va boshqa resurslarni optimal boshqarish aspektlari”, “Investitsiya loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirish bo‘yicha ilg‘or va innovasion metodologiyalar”, “Hududlarni rivojlanishda yirik investorlarning o‘rni” kabi yo‘nalishlarda o‘tkazilmoqda. Kurslarda Vazirlikning barcha 221 hududiy bo‘linmasining rahbarlari qatnashmoqda. Ular bir vaqtning o‘zida mamlakatimiz viloyatlari, tumanlari va shaharlari darajasidagi hokimlarning o‘rinbosarlaridir.
Ma'ruza va mahorat darslarini o‘tkazish uchun Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi rahbariyati hamda biznes, investittsiyalar va savdo sohasidagi yetakchi mutaxassislar, shu jumladan “Korzinka.uz” chakana savdo tarmog‘i, «Ernst & Young» auditorlik-konsalting kompaniyasi, Germaniyaning “SAP” kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, “M-Faktor” biznes-markazi, “Biznes Kvadrat” va “Yuksalish” o‘quv markazi, shuningdek, “Cambridge International college and Unversity” xususiy maktabining rahbariyati jalb etildi.
Tinglovchilar "case study" shaklida investorlar va investitsiyaviy loyihalar tashabbuskorlari bilan ishlash, biznes-muzokaralar olib borishning ilg‘or xorijiy tajribalari, hududlarga investitsiyalar jalb qilishning amaliy jihatlari, investitsiyaviy loyihalar va biznes-rejalarni ishlab chiqish, SWOT-tahlilini o‘tkazish, hududlarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish uchun raqamlashtirish komponentlarini kiritishning zamonaviy usullarini o‘rganmoqdalar. Hududlarning investitsiyaviy faolligini rivojlantirish va oshirish maqsadida tashkil etilgan loyiha guruhlari va loyiha ofislari ishini yo‘lga qo‘yish hamda investitsiyaviy loyihalar tashabbuskorlariga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ham alohida treninglar o‘tkazilmoqda.
Treningning birinchi kunida tinglovchilarning O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda seminar ishtirokchilari o‘zlarining faoliyati jarayonida amaliyotda duch keladigan dolzarb masalalar va muammolar muhokama qilindi. Xususan, xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro munosabatlar, O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirish uchun investitsiyalarni jalb etishning eng samarali mexanizmlari, sanoat va hududlarning eksport salohiyatini oshirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan investitsiyaviy loyihalarni ishlab chiqish tamoyillari ko‘rib chiqildi.
Loyiha guruhlari tomonidan hududlarning iqtisodiy salohiyatini chuqur tahlil qilish, mavjud ishlab chiqarish va logistika infratuzilmasini o‘rganish va bozor sharoitlarini hisobga olgan holda investitsiya g‘oyalarini shakllantirishni nazarda tutadigan "quyidan yuqoriga" tamoyili asosida qurilgan investitsiyalar va tashqi savdo faoliyatini rag‘batlantirishning yangi tizimini amaliyotga joriy etishga alohida e'tibor qaratildi.
Vazirlikning hududiy bo‘linmalari rahbarlarining malakasini oshirish bo‘yicha amaliy o‘quv seminarlari joriy yilning 29-dekabriga qadar davom etadi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi