O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Aziz Abduhakimov yoshlarni atrof-muhitni muhofaza qilishda faollikka chaqirdi
2021-12-21 | Ekologiya
Toshkent yoshlar forumi doirasida Bosh vazir oʻrinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimovning yoshlar bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
A.Abduhakimov yoshlar bilan ularning turizm, sport, madaniyat va ekologiya sohalaridagi istiqbolli loyihalari boʻyicha ishlashga tayyorligini taʼkidladi. Bosh vazir oʻrinbosarining fikricha, yirik sport musobaqalarini oʻtkazish orqali yoshlarning sogʻlom turmush tarzini olib borish va sportga eʼtibor qaratishga boʻlgan ragʻbatini oshirish mumkin.
A.Abduhakimov shuningdek, yoshlarni atrof-muhitni muhofaza qilishda faollikka chaqirdi, ularning diqqatini ekologiya mavzusiga qaratib, Orol dengizi fojeasining insonlar hayotiga taʼsiri haqida gapirdi.
– Yaqinda sport marafonlari ketma-ketligi oʻtkazildi, – dedi A.Abduhakimov. – Shulardan biri Orol dengiziga bagʻishlangan edi. Biz tushunishimiz kerakki, tabiat xatolarimizni kechirmaydi. Yaqinda poytaxtda kuzatilgan changli boʻronni eslasangiz kerak, iqtisodiy manfaatlar ortidan ekologiyaga yetkazilgan zarar oqibatlariga koʻplab misollar keltirish mumkin.
A.Abduhakimov yoshlardan savol va takliflarini soʻradi. Har bir savolga batafsil javob berib, ishtirokchilarning qiziqarli gʻoyalari uchun minnatdorlik bildirdi.
Bosh vazir oʻrinbosari yoshlarga Jenisbek Piyazov va “Elektrooko” guruhining “Ertaga” qoʻshigʻiga ishlangan klipni tomosha qilishni taklif etdi. Klip Orol dengizi va mahalliy aholining suv qachondir qaytishi haqidagi orzulariga bagʻishlangan.
Manba: «Yangi O"zbekiston»