O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qishloq xo‘jaligi vazirining axboroti eshitildi
2021-12-21 | Iqtisodiyot
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bugun bo‘lib o‘tgan majlisida Qishloq xo‘jaligi vaziri J.Xodjayevning O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020–2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini bajarilishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.
Vazir tomonidan taqdim etilgan axborotga ko‘ra, Strategiyada belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida respublika bo‘yicha 3 million 148 ming gektarga qishloq xo‘jaligi ekinlari joylashtirildi. Bunda hududlarning tuproq iqlim sharoiti, suv resurslari bilan ta’minlangani, aholining asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan talabi inobatga olingan.
Shuningdek, foydalanishdan chiqqan va yangi yerlarni o‘zlashtirib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini joylashtirish orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yil 15 dekabr holatiga respublika bo‘yicha jami 218 ming gektar, shundan 95,3 ming gektar qayta foydalanishga kiritish, 102,8 ming gektar yer osti zaxira suvlari, 15,4 ming gektar lalmi-yaylov yerlarga suv talab qilmaydigan ekinlarni joylashtirish hisobidan hamda 5 ming gektar o‘rmon fondi yerlari foydalanishga kiritildi.
Ushbu maydonlarning 197,8 ming gektariga qishloq xo‘jaligi ekinlari, shundan 27,5 ming gektariga ozuqa ekinlari, 4,5 ming gektariga sholi, 18,2 ming gektariga dukkakli, 7,9 ming gektariga moyli, 12,6 ming gektariga sabzavot, 16,2 ming gektariga poliz va 43,9 ming gektariga boshqa ekinlar joylashtirildi. Eng muhimi, 40,5 ming gektar bog‘, 26,5 ming gektar tokzorlar barpo etildi.
Vazirning qayd etishicha, 2022 yilda respublikada 122 ming gektar maydonga kartoshka ekish rejalashtirilmoqda. Bu esa kartoshka importini kamaytirishga erishishda muhim hisoblanadi.
Axborotda keltirilganidek, oziq-ovqat mahsulotlarining sifat va xavfsizlik ko‘rsatkichlarini yaxshilash, eksport geografiyasini kengaytirish, mavjud salohiyatdan to‘liq foydalanish maqsadida xalqaro standartlarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilgan. O‘tgan davrda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati korxonalari tomonidan sifat menejmenti talablari asosida jami 392 ta sertifikat olingan.
Strategiya doirasida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan tizimli ishlar natijasida O‘zbekiston “Global oziq-ovqat xavfsizligi” indeksida 2021 yilda 113 ta mamlakat orasida 53.8 ball bilan 78-o‘rinni egallab, 5 pog‘ona yuqoriga ko‘tarildi.
O‘tgan davrda meva-sabzavotni qayta ishlash bo‘yicha 28 ta korxona, yog‘-moy mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha 31 ta korxona, un, non va makaron mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha 162 ta korxona, go‘shtni qayta ishlash 12 ta, sutni qayta ishlash bo‘yicha 44 ta, boshqa oziq-ovqat yo‘nalishidagi 186 ta korxona foydalanishga topshirilgan. Buning natijasida 5 ming 982 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan.
Qishloq xo‘jaligi vaziri ta’kidlashicha, mamlakatimizda aholiga yangi ish o‘rinlarini yaratish, yoshlarni maqsadli ish bilan band qilish maqsadida “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga dehqonchilik bilan shug‘ullanish imkoniyatlari yaratilib, 0,1 gektardan 1 gektargacha yer maydonlarini ajratish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, 175 ming gektar yer maydonlari 613,5 ming nafar yoshlarga ajratib berildi.
Sohada ma’lumotlar ochiqligi asosida, ilg‘or xorijiy va mahalliy innovatsion tajribalarni qo‘llash orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, geoaxborot texnologiyalarini qo‘llagan holda qishloq xo‘jaligi yerlari to‘g‘risidagi aniq va shaffof ma’lumotlarni shakllantirish, tahlil qilish va yangi xizmat turlarini yaratish maqsadida Vazirlikning Geoaxborot tizimi joriy etildi.
Yalpi majlisda Strategiya doirasida qilingan ishlar e’tirof etildi. Xalq vakillari o‘z saylov okruglaridagi muammolar yuzasidan savollarini berdilar. Shuningdek, ushbu sohada aniqlangan kamchiliklar borasida tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilishi bo‘yicha Qishloq xo‘jaligi vazirligiga tegishli taklif va tavsiyalar berildi.
Muhtarama Komilova
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi