O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Baxshichilik sanʼati” UNESCOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ roʻyxatiga kiritildi
2021-12-18 | Madaniyat
UNESCOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasi (NMMMHQ) XVI sessiyasi doirasida “Baxshichilik san’ati” O'zbekistonning nomoddiy madaniy merosi elementi sifatida Insoniyat nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ roʻyxatiga kiritildi.
Ushbu element boʻyicha nominatsion paket Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Oʻzbekistonning UNESCO ishlari boʻyicha Milliy komissiyasi tomonidan tayyorlanib, 2020-yilda NMMMHQga taqdim etilgan. Ikki yil davomida UNESCO ishlari boʻyicha Milliy komissiya va Oʻzbekistonning Parijdagi doimiy delegatsiyasi Qoʻmitaga aʼzo davlatlar, Baholash komissiyasi va UNESCO Kotibiyati bilan hamkorlikda mazkur elementni targ’ib qilish boʻyicha faol ish olib bormoqda.
Sessiya doirasida Bosh vazir oʻrinbosari, Oʻzbekistonning UNESCO ishlari boʻyicha Milliy komissiyasi raisi Aziz Abduhakimov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi tomonidan “Baxshichilik sanʼati” nominatsiyasining taqdimoti oʻtkazildi. Tadbir ishtirokchilariga ushbu san’at turini asrab-avaylash hamda milliy va xalqaro miqyosda targ‘ib qilish bo‘yicha hukumatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Bunda Prezidentimiz rahbarligi ostida so‘nggi yillarda “Baxshichilik san’ati” ni qayta tiklash, jumladan, O‘zbekistonda har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan “Baxshichilik sanʼati” xalqaro festivalini tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan aniq chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratildi.
2019-yil aprel oyida Termiz shahrida bo‘lib o‘tgan “Jahon sivilizatsiyasida baxshichilik san'atining tutgan o'rni” mavzusidagi anjumanning muhim xulosalari, baxshichilikni qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlar, shuningdek, ushbu san’at turini kelajak avlodga munosib yetkazish maqsadida ixtisoslashtirilgan kollej va oliy o‘quv yurtlarida yosh baxshilarni tayyorlash bo‘yicha o‘quv dasturlari ham muhokama markazida bo’ldi.
"Qo‘mitaga nominatsiyani taqdim etgan Baholash komissiyasi raisi L.Volanskaning taʼkidlanishicha, Baxshichilik sanʼati o‘zbek va qoraqalpoq xalqlarining noyob tarixiy-madaniy merosi hisoblanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu sanʼat vatanparvarlik, mehr-muhabbat, do‘stlik va hamjihatlikka chaqiruvchi dostonlar,xalq ijodiyoti namunalari, rivoyat va afsonalar asosida yaratilgan. "Ko‘plab etnik guruhlarga tegishli bo‘lgan elementning ijodiy xususiyati ijodkorlik va madaniy xilma-xillikka bo‘lgan hurma-ehtiromni taʼminlaydi", - dedi u. Taʼkidlanishicha, mazkur element bo‘yicha nominatsiyalar paketi elementni Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro‘yxatiga kiritish uchun barcha mezon va talablarga javob beradi.
Tadbirda O‘zbekiston hududida baxshichilikning rivojlanish tarixini aks ettiruvchi maxsus videorolik namoyish etildi.
NMMMHQ ushbu elementni Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro‘yxatiga kiritishni akklamatsiya (keng konsensus) yo‘li bilan hech qanday debatlar va ovozga qo’yishlarsiz ma’qulladi.
Baholash komissiyasi vakillarining fikricha, baxshichilik san’ati noyob tarixiy-madaniy meros bo‘lib, nominatsiyalar to‘plami ushbu milliy elementni Nomoddiy madaniy merosning Reprezentativ ro‘yxatiga kiritish uchun barcha mezonlarga javob beradi. Qabul qilingan qaror UNESCO ko‘magida baxshichilik san’atini asrab-avaylash, ko‘paytirish va targ‘ib qilish chora-tadbirlarini milliy va xalqaro miqyosda yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
“Baxshichilik sanʼati” Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan Reprezentativ roʻyxatga kiritilgan nomoddiy madaniy merosning oltinchi elementi boʻldi. Bunga qadar ushbu ro‘yxatdan “Boysun tumani madaniy makoni” (2008), “Katta ashula” (2009), “Askiya” (2014), “Palov madaniyati va an’analari” (2016) va “Lazgi” (2019) o’rin olgan edi. Bundan tashqari, O‘zbekiston boshqa davlatlar bilan hammualliflikda “Shoshmaqom” (2008), “Navro‘z” (2016) va “Miniatyura san’ati” (2020) nominatsiyalarini ilgari surishda ishtirok etdi.
Kelgusi yillarda “Oʻzbekiston kulolchilik maktabi” milliy elementlari, shuningdek, boshqa davlatlar bilan “Hunarmandchilikning anʼanaviy uslubi” va “Rubob chalish”, “Markaziy Osiyoda anʼanaviy kashtachilik uslubi”, “Xo'ja Nasriddin qissalarini aytish anʼanasi” kabi koʻp millatli nominatsiyalarni NMMMHQ muhokamasiga kiritish rejalashtirilgan.
UNESCOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasi XVI sessiyasi 13-18-dekabr kunlari Tashkilotning Parijdagi shtab-kvartirasida virtual rejimda oʻtkazilmoqda.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi