O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Uzpost”- yangi nom bilan mijozlarga xizmat koʻrsatishning yangi imkoniyatlarini yaratаdi
2021-12-15 | Jamiyat
“Oʻzbekiston pochtasi” AJ oʻzining “Yangi imkoniyatlar kuchi” nomli rebrending jarayonini taqdimot qildi va yangi pochta tizimida mijozlarni kutayotgan yangiliklar haqida ma’lum qildi.
Bugungi kunda har bir sohada zamonaviy texnologiyalar dunyoni jadal ravishda oʻzgartirib kelmoqda, buning oqibatida kompaniyalar va tashkilotlar oʻz faoliyatlarida ilgʻor texnologiyalarni qoʻllashlariga toʻgʻri kelmoqda. “Oʻzbekiston pochtasi” AJ kompaniyasi ham yangilanish jarayoniga ya’ni rebrendingning birinchi bosqichiga start berdi. Kompaniya “Uzpost”- yangi nom, yangi logotip va yangi ranglar palitrasi bilan mijozlarga xizmat koʻrsatishning yangi imkoniyatlarini yaratmoqda.
Yangi ranglar-“olov rang” va “toʻq koʻk”- iliqlik, quvonch, energiya, mehribonlik, ishonchlilik va professionalizm ramzini ifodalaydi.
Yangi logotipda aks ettirilgan humo qushi esa, doimiy harakat, logistika va “Uzpost”ning dinamik rivojlanishini bildiradi. Logotip qanotida pochta yoʻllarining ramzi boʻlgan uchta chiziqni koʻrish mumkin, bosh tomondagi “tasdiq” belgisi esa muvaffaqiyatli yetkazib berilgan pochta va bajarilgan vazifalarni anglatadi.
Aynan 2021-yilning oxiriga qadar toʻliq ishga tushiriladigan ushbu yangi tizim muhim o’zgarishlardan biridir. Bu tizim jarayonlarni optimizatsiya qilishga, pochta joʻnatmalarini rasmiylashtirish bosqichlarini qisqartirishga yordam beradi. Endilikda “Oʻzbekiston pochtasi” mijozlari oʻz uylaridan chiqmasdan turib oʻz joʻnatmalarini veb sayt, mobil ilova yoki тelegram bot orqali rasmiylashtirishlari mumkin. ID kod olgan mijoz oʻziga yaqin pochta boʻlimiga keladi va uni koʻrsatgan holda, operator mijoz tomonidan oldinroq kiritilgan ma’lumotlar bilan tizim orqali tanishib, joʻnatmani rasmiylashtiradi.
Shuningdek, oldinlari “Oʻzbekiston pochtasi” mijozlari oʻz joʻnatmalari qayerda ekanligi haqida ma’lumotga ega boʻlishmagan boʻlsa, endilikda yangi tizim orqali ular onlayn tarzda oʻzlarining joʻnatmalarini kuzatib borishlari mumkin. Ushbu oʻzgarish nafaqat pochta mijozlariga, balki kompaniyaning oʻziga ham yordam beradi. Chunki, pochta joʻnatmalarning qaysi bosqichlarida eng uzoq uzilishlar yoki kutishlar kuzatilishi haqida ishonchli ma’lumotlarga ega boʻladi. Ushbu ma’lumotlar asosida kompaniya joylardagi muammolarni aniq hal qilishga muvaffaq boʻladi.
Ta’kidlash lozim, “Oʻzbekiston pochtasi” AJ avtoparki va infratuzilmasi ham yangilanib, kompaniya tomonidan 27 ta Damas, 75 ta kichik Caddy, 4 ta katta ISUZU va 2 ta yuk ortuvchi Gazel avtotransportlari hamda 417 ta elektroskuter va 200 ta velosipedlari xarid qilindi. Shuningdek, 15 foiz pochta boʻlinmalari qayta ta’mirlandi va qolgan barcha boʻlinmalar ham bosqichma-bosqich ravishda ta’mirlanmoqda. Pochta boʻlinmalarida yangi kompyuter texnikalari, toʻlovni qabul qilishning mobil qurilmalari taqdim etildi. Yangi formatdagi va yangi dizayndagi pilot boʻlinmalar ochildi, kelgusida ularning andozasi boʻyicha mamlakat boʻylab barcha pochta boʻlinmalari yangilanadi. Shuningdek, kompaniya avtomatlashtirilgan majmualar - pochtomatlarni ham joriy qildi. Ular orqali mijozlar oʻz joʻnatmalarini oʻzlari olishlari mumkin boʻladi. Bugunga kelib respublika boʻylab 30 ta pochtomat oʻrnatilgan.
Oʻzbekiston boʻylab 900 dan ortiq pochta boʻlinmalarida koʻrsatiladigan davlat xizmatlari soni 34 taga yetkazildi. Keyingi yil boshida “Oʻzbekiston pochtasi” AJ tomonidan Toshkent, Buxoro, Xorazm va Asaka shaharlarida 4 ta fulfilment markazlari ishga tushiriladi. 2025-yilgacha mamlakat boʻylab avtomatlashtirilgan fulfilment markazlari soni 30 tagacha yetkazilishi rejalashtirilgan.
Rebrending doirasida kompaniya shuningdek oʻzining savdo platformasini ham ishga tushirdi. “Unisavdo” deb nom olgan ushbu platforma Android va iOS tizimlari uchun mobil ilovalari 2021-yilning may oyida taqdim etilgan bo’lib, 300 dan ortiq tadbirkorlar “Unisavdo”da oʻz mahsulotlarini joylashtirish uchun shartnomalar imzolashdi. Bugungi kunga kelib platformada 14 mingdan ortiq mahsulotlar joylashtirilgan va ular respublika boʻylab yetkazib berilmoqda.
Bundan tashqari, “Oʻzbekiston pochtasi” AJ toʻlovlarni qabul qilishning pul oʻtkazmalarini amalga oshirishning yangi tizimi - “Avval”ni ishga tushirdi. “Avval” tizimi -pochta tomonidan koʻrsatiladigan barcha turdagi xizmatlar uchun toʻlovni amalga oshiradigan yagona markazlashgan dastur boʻlib, ushbu tizim yordamida mijozlar 100 dan ortiq xizmatlar uchun toʻlovni amalga oshirishlari mumkin boʻladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi