O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Donal'd Lu boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Muzokaralar chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy va iqtisodiy sheriklikning keng qamrovli kun tartibi ko‘rib chiqildi. So‘nggi yillarda ikki tomonlama va hududlararo hamkorlikning barcha sohalarida sezilarli yutuqlarga erishilgani va bunga O‘zbekiston Prezidentining 2018-yil may oyida AQShga tashrifi chog‘ida asos solingani qayd etildi.
2021-yilning o‘n bir oyida ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar aylanmasi 2020-yilning shu davriga nisbatan 48,5% ga o‘sgani alohida ta'kidlandi. Bundan tashqari, so‘nggi bir necha yil davomida O‘zbekistonda AQSh investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar soni 2 barobar ko‘paydi.
Tomonlar O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun AQSh investorlari va yirik kompaniyalarni jalb etishga qiziqish bildirdilar. Ular Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi (AUCC) bilan hamkorlikda 2022-yilning birinchi yarmida AQSh va O‘zbekiston ishbilarmon doiralari vakillari uchun biznes-forum o‘tkazishga tayyorligini ham ta'kidladilar.
Uchrashuv chog‘ida foydali qazilmalarni qazib chiqarish sanoati, kimyo tarmog‘i, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va boshqa sohalar ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish mumkin bo‘lgan istiqbolli yo‘nalishlar sifatida belgilandi.
Tomonlar O‘zbekistonda investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqishni nazarda tutgan holda, AQSh Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (DFC) va O‘zbekistonning To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
O‘zbekiston tomoni “Build Back Better World” (B3W) tashabbusini olqishladi hamda bu tashabbus doirasida qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish, raqamlashtirish, sog‘liqni saqlash va gender tengligini rivojlantirish kabi to‘rtta asosiy yo‘nalishda istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lish masalasida mamlakatimizga ko‘rsatilayotgan texnik va maslahat yordami uchun minnatdorlik bildirildi. Suhbat chog‘ida investitsiya siyosati va davlat xizmatlari sohasini raqamlashtirish bo‘yicha texnik ko‘mak loyihasini amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kelishilgan dastur va tashabbuslarni ilgari surishni jadallashtirish maqsadida muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan faol muloqotni davom etishga sodiqligini bildirdilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi